Kantening «Chelsi»dagi yangi vazifasi qanday bo‘ladi?

Imkonsiz ko‘rinsada, «Chelsi» yulduzi Ngolo Kante ushbu mavsumda o‘z vazifalari qatoriga yangi bir topshiriqni qo‘shib oldi.

Yarim himoyachi 2015-yilda «Lester Siti»ga kelib qo‘shilganidan beri misli ko‘rilmagan o‘sishga erishdi. Hozirgacha u ikki bora Premer Liga, bir martadan Angliya Kubogi va Jahon Chempionati bosh sovrinlariga ega chiqdi.

Kante bugungi kunda eng aqlli tayanch yarim himoyachisi hisoblanadi. Fakt bilan isbotlaydigan bo‘lsak, Jahon chempioni har mavsumda 100 dan ortiq raqib hujumlarini to‘xtatgan.

Biroq yangi bosh murabbiy Maurisio Sarri kelishi bilanoq unga bundan boshlab hujumga qo‘shilishiga «guvohnoma» berdi.

Bunga Jorjinoning kelishi katta ta’sir ko‘rsatgani aniq. Aynan «Napoli»ning sobiq etakchisi uch kishilik yarim himoyada tayanch yarim himoyachisi vazifasini o‘taydi. Ushbu chiziqning qolgan ikki vakillari – Kante va Ross Barkli «Arsenal»ga qarshi uchrashuvda ko‘proq hujumda o‘z yordamlari bilan ishtirok etishdi. Bu esa yaqqol hujumchi Alvaro Morataga keng yo‘l ochib berdi.

U xatto «Xaddersfild»ga qarshi o‘z to‘purarlik mahoratini ham ko‘rsatishga ulgurdi. «Arsenal»ga qarshi uchrashuvda ham ancha faollik ko‘rsatdi. U «to‘pchilar» darvozasi tomon uch bora zarba yo‘lladi. Bu o‘tgan mavsumdagi ko‘rsatkichidan ancha yuqori natija.

U shuningdek, to‘rtta xavfli vaziyatlarni yaratdi. Raqib jarima maydonchasi ichida besh marta to‘p bilan muomala qildi.

Xo‘sh, Antonio Konte ushbu yozda klubni tark etganidan keyin yangi bosh murabbiyga aylangan Sarri qo‘li ostida Kantening qaysi vazifalari o‘zgardi?

Kante Sarrining oldingi jamoasida o‘ng qanot yarim himoyasida o‘ynagan Allanning vazifalariga o‘xshab ketadi.

Jorjino tayanch yarim himoyasidan joy olarkan, Barkli va Kante, yoki «Real»dan ijaraga kelgan Kovachich, yo bo‘lmasam, Loftus-Chiklar hujumchilarga yordam berishga borishadi.

Bundan ham yaxshiroq pozitsiyalarda o‘ynay olsada, ushbu vazifada Kantening jamoasiga katta foydasi tegishi mumkin. U «Chelsi»ga raqib jarima maydonchasiga yaqin joyda kuchli bosim uyushtira olishi va bu londonliklar hujum vakillariga asqotishi mumkin.

«Xaddersfild» ustidan 3-0 hisobida qozonilgan g‘alabadan keyin frantsiyalik yarim himoyachi yangi vazifasiga tezda moslashib keta olishiga tayyor ekanligini ko‘rsatdi.

«Yangi murabbiy, yangi tizim. Men endi biroz hujumchidek o‘ynayman» – dedi beIN Sports ga bergan intervyusida – «Men hujumchilarni qidirishga, hujumkorroq o‘yin ko‘rsatishga va raqiblarga muammo tug‘dirishga harakat qilaman.»

«Men bu rolga moslashishim kerak va bu pozitsiyada klub uchun borimni beraman va umid qilamanki kelajakda ishlarimiz o‘ngidan keladi.»

Albatta, Kante tayanch yarim himoyachisi vazifasiga qaytishi ham mumkin. Bu faqatgina Jorjinoning jarohat olishi ortidan yuz beradi.

Yarim himoyachining yangi vazifasiga tezda kirishib ketishi «Chelsi»ning mavsumdagi natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!