Kech kelgan bahor yohud Ro‘ziqul Berdiev haqida

  • 22 aprel, 2017, 15:20
  • Isayev Bekzod
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

Ro‘ziqul Berdiev bugungi kunda yurtimizning ko‘zga ko‘ringan murabbiylaridan biri. «Nasaf»ni uzoq yillardan buyon boshqarib kelayotgan mutaxassis klub tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurdi. Biroq hozir murabbiy Berdiev emas, futbolchi Berdiev haqida gaplashmoqchimiz. Zero, biz uni, eng avvalo, mohir yarim himoyachi sifatida taniganmiz. Biroq oramizda Ro‘ziqul Berdievning professional futbolga ancha kech - 22 yoshida kirib kelganini bilmaydiganlar ham topiladi. Bilganlar esa barcha tafsilotlardan xabardor bo‘lishmasa kerak.

NORASMIY SUHBAT

Ochig‘i, aynan shu masala o‘zim uchun ham doim qiziqarli tuyulgan. Futbolda baxtini kech topganlar hayoti xuddi ertakka o‘xshaydi va e’tiborni jalb qilishi turgan gap. Masalan, Gabriel Batistuta millionlar o‘yiniga kirib kelgunga qadar baliqchilik qilgan. Frank Riberi esa kanalizatsiya shaxtasi qazib kun kechirgan. Futbolda bunday misollar etarlicha topiladi. Shu bois ham Ro‘ziqul akaga beradigan savollar etarli edi.

Ammo kasbimiz nuqtai nazaridan «Nasaf» ustozi bilan asosan rasmiy matbuot anjumanlari yoki intervyular vaqtida ko‘rishganmiz tufayli shaxsiy hayoti haqida so‘rashning hech mavridi bo‘lmagan. Rasmiy tadbirda «Ro‘ziqul aka, futbolga qanday kirib kelgansiz», qabilida savol berish ancha noo‘rin tuyulishi aniq. Shu bois sukut saqlaganmiz, vaqti kelishini kutganmiz.

Albatta, Berdievning professional futbolga hech qanday maktabsiz, faqat tabiat tuhfa etgan iqtidor orqali kirib kelgani haqida ko‘p eshitganmiz. Ammo bu gaplar og‘izdan-og‘izga o‘tgani bois biroz afsonaviy ko‘rinish hosil qilgandi. O‘tgan hafta Qarshiga borib, Ro‘ziqul Berdiev bilan ko‘rishish imkoni paydo bo‘lganida shu haqida suhbat qurdik. Quyida «Nasaf» bosh murabbiyi bilan musohabamiz qanday bo‘lsa, shundayligicha keltirishga harakat qilamiz. Berdiev qay tariqa O‘zbekistonning eng kuchli yarim himoyachilaridan biriga aylanganini o‘zi so‘zlab beradi.

UZOQ QIShLOQ

- Men tug‘ilgan qishloq Qashqadaryoning olis tumanlaridan birida joylashgan. U erda futbol maktabi tugul, tayinli maydon ham yo‘q edi. Millionlar o‘yinini juda yaxshi ko‘rganimiz tufayli toshloq joyda ham to‘p tepaverardik. Qishloqda tug‘ilib-o‘sganlar yaxshi biladi, u erda ish hech qachon to‘xtab qolmaydi. Hattoki, yosh bolaga ham yumush topiladi. Mol-hol, daladan o‘t o‘rib kelish, degandek. Biz mana shu ishlardan ortib, futbol o‘ynashning yo‘lini topardik.

Ammo futboldan hamma ham xursand bo‘lavermagan. Otamdan futbol o‘ynashga ruxsat olganim bilan yolg‘iz o‘zim to‘p tepolmayman-ku! Boshqalarni ham «yo‘ldan urish»ga to‘g‘ri kelardi (kuladi). Ularning ota-onasiga esa bu yoqmasligi turgan gap. Shu to‘pni deb ko‘p gaplar eshitishga to‘g‘ri kelgan. Otamga kelib shikoyat qilishardi. Ammo har qanday holatda ham futboldan ko‘nglim qolmagan, hamisha uning uchun vaqt va imkoniyat topardim.

«BUYuK YIQILISh»

- Maktabni bitirgandan so‘ng tanlashga to‘g‘ri keldi: yo ishlash kerak yoki o‘qish. Qishloq joyda o‘qish oson emas, ammo men baribir, sportni tanlashga qaror qildim. 17 yoshimda O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya instituti (avvalgi ToshDJTI)ga hujjatlarimni topshirdim. Sobiq ittifoq davrida imtihon boshqacha usulda olinardi, hali test sinovlari joriy etilmagandi. Biroq hech bir imtihonda yiqilmadim, «uch» bahoga bo‘lsa-da o‘tdim. O‘sha vaqtlarda men yiqqan ball bilan Jismoniy Tarbiya institutiga kirsa bo‘lardi. Shu sabab qishloqqa boshni baland ko‘targan holda qaytdim, o‘qishga kirganimga ishonchim komil edi. Biroq peshonaga yozilmagan ekan, «yiqilibman»...

KECh KELGAN OMAD

- Shundan keyin vaqt shiddat bilan o‘ta boshladi. O‘qishga kirolmadim, keyin esa ikki yillik harbiy xizmatni o‘tab qaytdim. O‘sha paytga kelib yoshim 22ga to‘lib qolgandi. Bunday pallada hamma ham o‘qishga kiravermaydi. Ammo baxting kulsa, omad har doim kelaverar ekan. Harbiy xizmatdan qaytganimdan so‘ng otam jiddiy suhbatlashib olishimiz kerakligini aytdi. Menga tanlash imkonini berishdi va yana Jismoniy Tarbiya institutiga hujjat topshirmoqchi ekanimni bildirdim. Otam meni faqat qo‘lladi va qarz olib bo‘lsa-da, xarajatlar uchun pul topib berdi. Xullas, yana Toshkent tomon yo‘lga tushdim. Bu safar omad men tomonda bo‘ldi va o‘qishga kirdim.

«KVADRAT»? NIMA U?»

- Kursdoshlarimning bari yoshi kichik yigitlar edi. Biroq aksariyati maktab ko‘rgani tufayli mendan ko‘p narsa bilishardi. Kamina esa, qishloqning bo‘z yigiti sifatida oddiy narsalarni ham tushunmaganman. Masalan, mashg‘ulot vaqtida «kvadrat» o‘ynasak, to‘pni raqibdan olib qo‘ysam ham o‘rtaga tushib yuguraverardim (kuladi). Kursdoshlarimdan bir umr minnatdorman, ular menga ko‘p narsalar o‘rgatishdi va professional futbolga kirib kelishimga sababchi bo‘lishdi.

Institutda ichki birinchilik o‘tkazilar edi va meni ham kursimiz jamoasiga taklif etishdi. Safimiz asosan rus tiliga ixtisoslashgan guruh talabalaridan iborat edi. O‘zbek tilida tahsil oladiganlardan men va Zafar Imomxo‘jaev tarkibga kiritilganmiz. O‘yinim yigitlarga yoqqan shekilli, ular guruhimiz rahbaridan meni oliy liga klublariga tavsiya etishni so‘rashibdi. Bundan o‘zim bexabar edim. «Yangier» bosh murabbiyi meni qidirib kelganda esa, chuqur hayajon ta’sirida «shok» holatiga tushib qolgandim.

O‘sha kezlari «Yangier» oliy ligada raqobatbardosh klublardan hisoblanardi. Meni aynan shu jamoaga tavsiya etishdi. Yodimda, mazkur jamoa ustozi qaysi klublarda to‘p surganimni so‘radi. Nima deb javob berishni ham bilmaganman. Qashqadaryodan ekanimni eshitib, birinchi ligada qatnashadigan tumanimiz jamoasida o‘ynaganim bilan qiziqdi. Bu klubni bilishim, ammo unda to‘p surmaganimni aytdim. O‘sha payt murabbiyning yuzi ifodasidagi o‘zgarishni ko‘rsangiz edi. «Menga kimni tavsiya qilishdi o‘zi?», deb o‘ylagan bo‘lsa, ajabmas. Lekin shunga qaramay, u guruhimiz rahbarining so‘zlariga ishondi, shekilli, baribir, ko‘rikdan o‘tish uchun yig‘inga taklif qildi.

YaNGIER

- Klub avtobusi metro bekatlaridan birining chiqish joyida futbolchilarni yig‘ib olib, Yangier tomon yo‘lga chiqishini aytishdi. Belgilangan vaqtda aytilgan joyga etib bordim. Avtobus turibdi, yonida futbolchilar ham yig‘ilgan. Men esa hayajondan ularning yoniga bora olmayman. Haytovur, jamoa orasida bir-ikki kursdoshlarim ham ko‘rinib qoldi va o‘shalar safiga qo‘shilishga o‘zimda kuch topa oldim. O‘zimni mutlaqo boshqa olamga tushib qolgandek his etardim. Bu yog‘iga endi hammasini isbotlash o‘z qo‘limda edi. Baxtimga bu ishni uddalay oldim.

ARMON

- Shu tariqa professional faoliyatim boshlanib ketdi. «Yangier»da o‘zimni ko‘rsatib, keyin qadrdon voha klublariga o‘tdim. «Nasaf»da uzoq yillar o‘ynadim, sardor bo‘ldim. Men uchun faqat bir narsa armon bo‘lib qoldi - O‘zbekiston milliy jamoasida o‘ynay olmadim. O‘sha vaqtlarda termadagi raqobat o‘ta kuchli edi. Har qancha yorqin o‘yin namoyish etmay, tarkibga kirish qiyin bo‘lgan. Biroq qo‘limdan kelgan barcha ishni amalga oshirganman va hech narsadan afsuslanmayman. Vijdonim toza - har doim maydonga bor kuchimni tashlab chiqqanman. Termamiz libosini kiyish esa nasib qilmagan ekan.

Futbol menga ko‘p narsa berdi, sportning bu turidan bir umr minnatdorman. U tufayli hayotda ko‘p maqsadlarga erishdim. Bugungi kunda to‘p surayotgan va hali o‘ynash imkonini qo‘lga kiritmagan ukalarga esa maslahatim - professional futbolga kirish uchun hech qachon kech emas. Muhimi - bu yo‘lda istak etarlicha bo‘lsin. Qolganiga mehnat bilan erishish mumkin.

«ORZU»

Gazetamizning avvalgi sonlarida Ro‘ziqul Berdievning akasi Mahmayusuf Berdievning «Orzu» deb nomlanuvchi kitobi nashrdan chiqqani haqida xabar bergandik. Futbolchilar ruhiyatini ochib berishga qaratilgan ushbu asar yoshlar uchun bemalol qo‘llanma vazifasini bajarishi mumkin. Mazkur kitobda jahon va o‘zbek futboli yulduzlari hayotidan ham misollar keltirilgan. Mahmayusuf aka Mirjalol Qosimov, Azamat Abduraimov, Birodar Abduraimov va Gennadiy Krasnitskiylar bilan bir qatorda bolaligidan ko‘z o‘ngida o‘sib-ulg‘aygan ukasi Ro‘ziqul Berdievni ham eslab o‘tgan. Maqolamizga mos kelgani bois o‘sha xotiralarga ham imkon qadar to‘xtalishga qaror qildik.

«Ro‘ziqul bolaligidan alohida iqtidori bilan ajralib turardi. Tumanimizda bir udum bor, qishloqlar o‘rtasida futbol uchrashuvlari tashkil etib turiladi. Bunday o‘yinlarga qiziqish har doim yuqori bo‘lib, butun qishloq stadionga ko‘chib chiqadi. Ba’zan uchrashuvlar haybati ancha-muncha rasmiy musobaqalardan oshib tushganini ko‘rganmiz.

Mana shunday bahslarning birida 14 yoshli Ro‘ziqul ham maydonga tushdi. U o‘zining abjirligi va tezkorligi bilan ko‘pchilikni lol qoldirgandi. Biroq hamma ham iqtidorni suyavermaydi, ayniqsa, u raqib futbolchisi bo‘lsa. Bizga qarshi tushgan jamoa tarkibidagi o‘ziga bino qo‘ygan bir o‘yinchi Ro‘ziqulning texnikasini yoqtirmadi shekilli, uning oyog‘iga tepib, atayin jarohatlamoqchi bo‘ldi. Biroq ukam har bir qo‘pollikka shu qadar ustomonlik bilan chap berardiki, raqibning barcha urinishlari faqat kulguga sabab bo‘lardi. Ro‘ziqul uni to‘p bilan aldab yuraverdi, raqib esa bor e’tiborini uni tepib, yiqitishga qaratdi.

U yog‘ini so‘rasangiz, o‘yinga qiziqish ham chetda qolib, hamma 14 yoshli bolakayning fintlariga mahliyo bo‘ldi. Odamlar hattoki, maydonga chiqib ketishdi va buning natijasida davra torayib qoldi. Ro‘ziqul shunday sharoitda ham raqibini aldab yuraverdi. Oxiri qo‘pollik qilmoqchi bo‘lgan o‘yinchi horib-charchab, yiqildi va qo‘llarini ko‘tarib, engilganini bildirdi. Ro‘ziqul shu tariqa sof futbol bilan har qanday yomon niyat va nojo‘ya harakatni engish mumkinligini isbotlab bergan edi».

YaKUNDA

O‘zbek futbolida Ro‘ziqul Berdievga o‘xshagan iqtidorlar har doim bo‘lgan va hozir ham bor. Biroq muammo shundaki, Berdiev professional futbolga kirib kelgan 22 yoshda ayrimlar futbolni yakunlashadi. Yaqin o‘tmishga qarasak, bunday o‘yinchilardan istagancha topishimiz mumkin. Bir vaqtlari «Monako»da ko‘rikdan o‘tgan yosh iqtidorimiz hozir oliy ligada jon saqlash uchun kurashayotgan jamoada to‘p surmoqda. Biz esa uning O‘zbekiston milliy termasi sardori bo‘lishini kutgandik.

Ushbu maqolani yozishdan maqsad - Ro‘ziqul Berdievning avtobiografiyasini yana bir bor eslash emas, aksincha, faoliyatida pasayish kuzatilgan futbolchilarga murojaat qilib, hali hech narsa yo‘qotilmaganini bildirish. Aytishlaricha, Franchesko Totti «A» seriyada debyutini o‘tkazganda hozir Italiya chempionatida to‘p surayotgan futbolchilarning 30 foizi hali tug‘ilmagan ekan. «Roma» afsonasi esa hamon sardorlik bog‘ichida maydonga tushmoqda. Balki kimlar uchundir faoliyatini yangidan boshlash vaqti kelgandir? Axir Ro‘ziqul Berdievdan ularning nimasi kam?

Manba: interfutbol.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!