
Lutfulla To‘raev: OKMKda qolishni istagandim, ammo…
Tajribali futbolchi Lutfulla To‘raev o‘tgan yili OKMK jamoasining sardori sifatida ishtirok etib O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi. Lekin yangi mavsumda olmaliqliklar safida katta o‘zgarishlar yuz bergani bois jamoadan bir qator o‘yinchilar ketishdi. Ularning orasida esa Lutfulla To‘raev ham bor. Kubokning qo‘lga kiritilishida katta hissa qo‘shgan yarim himoyachi endilikda «Bunyodkor» jamoasining mashg‘ulotlarida ishtirok etyapti. Biz esa uning OKMKdan nima uchun ketganining sabablarini bilishga qiziqdik va suhbatni milliy terma jamoa haqidagi savol bilan boshladik. Chunki To‘raev ham o‘z vaqtida terma jamoamiz safida ko‘plab uchrashuvlarda ishtirok etgan. Shu bois u terma jamoamizning omadsiz ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
- Milliy terma jamoamizning sobiq futbolchisi sifatida vakillarimizning Osiyo Kubogidagi ishtirokiga qanday baho berasiz?
- Terma jamoamizning hamma o‘yinlarini ko‘rdim. Ummonga qarshi birinchi uchrashuvda jamoamiz qiyinchiliklarga duch keldi. Bunga esa menimcha Osiyo Kubogigacha terma jamoamizning o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazmagani sabab bo‘ldi deb o‘ylayman. Turkmanistonga qarshi bellashuvda esa jamoamizning ko‘rsatgan o‘yini menga yoqdi. Uchinchi turda Yaponiyaga yutqazib qo‘ydik. Ammo o‘sha uchrashuvda tengma-teng o‘yin bo‘ldi. Avstraliya bilan bahsda esa jamoamiz birinchi bo‘limda yaxshi o‘yin ko‘rsatgandi. Ikkinchi bo‘limda yigitlarimizning jismoniy tayyorgarligi etarlicha bo‘lmagani uchunmi, har holda tashabbus raqib tomonida bo‘ldi. O‘yin nazoratini Avstraliyaga berib qo‘yishdi. Lekin asosiy va qo‘shimcha vaqtlarda kuchlar teng keldi. Hammasi penaltilar seriyasida aniqlandi. Bu esa shunchaki lotoreyaga o‘xshaydi. Unda kim yutishini aniq aytib bera olmaymiz. Biroq omad Avstraliyaga kulib boqdi. Endi bor e’tiborimizni keyingi musobaqalarga qaratishimiz kerak. Bu mag‘lubiyatdan esa fojea yasamaslik kerak. Ektor Kuper biz uchun yangi murabbiy edi va unga vaqt berishda davom etishimiz lozim. Oldimizda jahon chempionatining saralash bahslari turibdi. Butun e’tiborni ushbu o‘yinlarga qaratish lozim.
- OKMK klubidagi o‘zgarishlardan keyin siz ham u erdan ketdingiz. Voqealar rivoji qanday tus olgandi?
- U erga yangi murabbiy keldi. Mirjalol aka Qosimov bilan oldin ham birga ishlaganmiz. Ammo bu safar jamoada olib qolishni lozim topmadi. Buning ustiga OKMK bilan tuzilgan shartnomam ham tugagandi. Shu bois endilikda yo‘llarimiz kesishmadi. Bundan keyin ham OKMK jamoasiga omad tilayman. Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tishini xohlayman.
- Demak, klubdan ketishingizning tashabbusi sizdan chiqmagan, shundaymi?
- Ha, to‘g‘ri.
- Keyingi taqdiringiz yuzasidan Mirjalol Qo‘shoqovich bilan gaplashmadingizmi?
- Yo‘q.
- OKMK bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritib, o‘ziga yarasha tarix yozdinglar. Shu bois bu jamoani qanday hissiyotlar bilan tark etdingiz?
- Albatta, bu jamoani boshimizni tik tutgan holda tark etdik. Olmaliq jamoasida bir yarim yil o‘ynadim va qiyinchiliklarga qaramasdan Kubok sohibiga aylandik. Bizda ajoyib murabbiylar va futbolchilar jamlangandi. Garchi Superligada ishlarimiz unchalik yurishmagan bo‘lsa-da, Kubokni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Hamma ko‘rdi, o‘shanda yarim finalda «Bunyodkor»ni, finalda esa «Paxtakor»ni mag‘lubiyatga uchratdik. Vaholanki, ular g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlar edi. OKMKga kelgan paytimdayoq biror-bir sovrinni yutish uchun kelganimni aytgandim. Bu gapimdan hammaning xabari bor. Xudoga shukrki, chindan ham OKMK bilan ajoyib muvaffaqiyatga erisha oldik.
- Endilikda OKMK klubida ro‘y berayotgan hozirgi o‘zgarishlarga munosabatingiz qanday?
- Endi men bu jamoaning a’zosi emasman. Bilishimcha, ular Dubayda mashg‘ulotlarni davom ettirishyapti. OKMK bor e’tiborini Tojikistonning «Istiqlol» jamoasi bilan kechadigan o‘yinga qaratgan. Bu uchrashuv oson bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Nima bo‘lganda ham barcha o‘zgarishlar yaxshilikka bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Mirjalol Qosimovdek taniqli murabbiyni ham bejizga chaqirishmagandir.
- Qosimov bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin sizni uning jamoasida ko‘rayotgandik. Chunki boya o‘zingiz ham aytganingizdek, birga ishlagansizlar…
- Ha, o‘zimning ham niyatim jamoada qolish edi.
- Demoqchimanki, aslida Qosimov bilan muosabatingiz qanday?
- Munosabatlarim juda yaxshi. Jamoaga xorijdan ikkita o‘yinchi keldi, balki shuning uchun men bilan hamkorlik qilishmagandir.
- Ayni paytda «Bunyodkor» klubida shug‘ullanyapsiz…
- Ha, «Bunyodkor»daman.
- U erga sizni Vadim Abramov taklif qildimi?
- Aslida mening Indoneziyadan variantim bor va shuni kutib o‘tiribman. «Bunyodkor»da shug‘ullanib sport formamni saqlab turibman. Agarda Indoneziya varianti o‘xshamaydigan bo‘lsa, «Bunyodkor»da qolish niyatim bor. Har holda menga Vadim Abramov bilan birga ishlash qiziq va yoqadi. To‘g‘risi, Indoneziyaga borish yoki bormasligim 50x50 bo‘lib turibdi.
- Yangilanayotgan «Bunyodkor»ning hozirgi holati qanday?
- Asosan yoshlarga katta e’tibor berilyapti. Kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarda qatnashyapmiz. Vadim Karlenovich jamoa o‘yiniga o‘zining falsafasini olib kirishga harakat qilyapti. Jamoadagi kayfiyat esa a’lo darajada. Lekin ko‘cha-kuyda har xil gap-so‘zlar yuribdi. «Surxon» Superligada qatnashar ekan, degan mish-mishlarni eshityapmiz. Ammo «Bunyodkor»ni Superligadan chiqarib yuborilishi uchun biror-bir sababni ko‘rmayapman. Klub astoydil yangi mavsum uchun tayyorgalik ko‘rmoqda.
Fikrlar