
Mundial sari. Tanishing - Saudiya Arabistoni terma jamoasi
Sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishni davom etadi. Bu safar qit’adoshlarimiz hisoblangan Saudiya Arabistoni terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.
Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasiga 1956 yilda asos solingan va shu yilning o‘zida FIFAga a’zo bo‘lgan. Saudiyaliklar o‘zlarining ilk uchrashuvlarini 1957 yilning 20 oktyabrida Suriya terma jamoasiga qarshi o‘tkazishgan va 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgan. Ushbu terma jamoa ayni damda FIFA reytingida 67-o‘rinni egallab turibdi.
Jahon chempionatlaridagi ishtiroki
Saudiya Arabistoni terma jamoasi ilk marta 1978 yilgi jahon chempionati saralashida ishtirok etgan. Biroq yakunda final bosqichida ishtirok eta olmadi. Ushbu yurt futbolchilariga o‘zlarining beshinchi urinishlarida, aniqrog‘i 1994 yil AQShda bo‘lib o‘tgan mundialda ishtirok etish nasib qildi. O‘shanda terma jamoani argentinalik Xorxe Solari jahon chempionatiga olib chiqqan edi. Ular turnirning “F” guruhida Gollandiya, Belgiya va Marokash terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. E’tiborlisi, saudiyaliklar garchi ilk turda Gollandiyaga (1:0) imkoniyatni boy berishgan bo‘lishsada, keyingi ikki bahsda Marokash (2:1) va Belgiya (1:0) ustidan g‘alaba qozonishib pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Biroq, keyingi bosqichda ular Shvetsiya termasiga 3:1 hisobida yutqazib, musobaqani tark etishdi.
Shundan so‘ng qit’adoshlarimiz ketma-ket 3ta (1998, 2002 va 2006) jahon chempionatida ishtirok etishdi. Ammo, ularning barchasida guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketishdi.
Ayni mana shundan so‘ng Saudiya Arabistoni qatorasiga ikkita mundialning saralash bosqichidan o‘ta olmadi. 2010 yilgi Janubiy Afrika va 2014 yil Braziliya mezbonligidagi jahon chempionati shular jumlasidandir.
Nihoyat ushbu terma jamoa JCh-2018 saralashi Osiyo mintaqasida o‘z guruhida 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqdi.
Endi ular JCh-2018ning “A” guruhida Urugvay, Misr va mezbon Rossiya terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi.
Qit’a birinchiligidagi natijalari
Saudiyaliklarning qit’a miqyosidagi yutuqlari ancha salmoqli hisoblanadi. Ular Osiyo kubogida birinchi marta 1984 yilda (Singapur) qatnashishdi va ilk ishtirokning o‘zidayoq bosh sovringa ega chiqishdi. Oradan to‘rt yil o‘tib Qatarda tashkil etilgan musobaqada yana kubok Saudiya Arabistoni terma jamoasiga nasib etdi. 1992 yil Yaponiya yashil maydonlari mezbonligida o‘tgan qit’a birinchiligida ular yana finalda o‘ynashdi. Biroq, bu safar mezbon Yaponiya termasiga (1:0) imkoniyatni boy berib qo‘yishdi va kumush medallar bilan kifoyalanishdi.
1996 yil Birlashgan Arab Amirliklari Osiyo kubogiga mezbonlik qildi. Qo‘shni davlatda o‘tgan musobaqada saudiyaliklar o‘z guruhlarida 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, pley-offga yo‘l olishdi. Shundan so‘ng dastlab chorak finalda Xitoy (4:3) taslim etildi. Yarim finalda Eronni penaltilar seriyasiga ko‘ra engan Saudiyaga hal qiluvchi bahsda yana maydon egalari to‘qnash kelishdi. Murosasiz o‘tgan final uchrashuvida Saudiya Arabistoni terma jamoasi penaltilar seriyasiga ko‘ra g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Oradan to‘rt yil o‘tib Livanda tashkil etilgan musobaqada ham finalga qadar etib borgan saudiyalik futbolchilar yana Yaponiyaga (1:0) yutqazib qo‘yishdi. 2004 yil Xitoyda bo‘lib o‘tgan navbatdagi Osiyo chempionati Saudiya Arabistoni futboli tarixidagi eng yomoni bo‘ldi. Ushbu yurt vakillari guruhda 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qolib ketishdi.
2007 yil Vetnam, Indoneziya, Malayziya va Tailand yashil maydonlarida o‘tkazilgan qit’a kubogida saudiyaliklar yana katta sahnaga chiqishdi. O‘z guruhlarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Saudiya Arabistoni terma jamoasi chorak finalda O‘zbekiston terma jamoasini 2:1 hisobida engdi. Yarim finalda esa azaliy raqib Yaponiya 3:2 hisobida dog‘da qoldirildi. Biroq, ular hal qiluvchi final uchrashuvida kutilmaganda 1:0 hisobida Iroqqa mag‘lub bo‘lishdi.
Shundan so‘ng o‘tkazilgan ikkita (2011 Qatar, 2015 Avstraliya) Osiyo kubogida Saudiya Arabistoni guruhda qolib ketdi.
Saudiya Arabistoni terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar:
Ilk uchrashuvi: 1957 yil 20 oktyabr, Saudiya Arabistoni – Suriya 3:1.
Eng yirik g‘alabasi: 2015 yil 17 noyabr, Sharqiy Timor Saudiya Arabistoni 0:10
Eng yirik mag‘lubiyati: 1961 yil 3 sentyabr, Misr – Saudiya Arabistoni 13:0.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Muhammad ad-Deayya (178).
Eng yaxshi to‘purar: Majid Abdulla (67)
Jahon chempionatlaridagi eng yaxshi natijasi: 1994 yil 1/8 final.
Ayni damda ushbu terma jamoaga ispaniyalik mutaxassis Xuan Antonio Pitstsi murabbiylik qilmoqda. U bundan bir necha kun oldin JCh-2018 uchun 25 nafar futbolchidan iborat terma jamoaning kengaytirilgan tarkibini e’lon qildi.
Darvozabonlar: Fauaz Al-Karni, Axmad Al-Kassar, Volid Abdulla, Muhammad Al-Ovays.
Himoyachilar: Usama Xavsavi, Omar Xausaui, Muhammad Jafali, Salim Al-Dosari, Muhammad Al-Xabrani, Yossir Al-Shaxrani, Axmad Al-Fraidi, Abdulla Al-Xafit, Said Al-Moualad, Motaz Xausaui, Mansur Al-Xarbi.
Yarim himoyachilar: Yaxyo Al-Shexri, Salman Al-Moasher, Taysir Al-Jassim,, Abdulla Al-Xaybari, Xusayn Al-Mogaui, Xassan Muat, Abdulla Otayf, Ibrohim G‘olib, Navaf Al-Obid, Muhammad Kanno, Abdulafattax Asiri, Abdulla Al-Xaybari.
Hujumchilar: Muhammad Al-Salaui, Muhammad Al-Kuvaykibi, Muhammad Al-Kuvaykibi, Muxannad Assiri, Faxad Al-Muvalland.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni terma jamoasi jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini 14 iyun kuni mezbon Rossiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.
Fikrlar