Ocherk: Beqiyos professor yoxud Rustam Akramov faoliyatiga nazar

  • 20 sentabr, 2018, 18:09
  • 0
  • Futbol

Bundan bir necha kun muqaddam o‘z yakuniga etgan Osiyo o‘yinlarida ko‘plab muxlislarimiz futbolchilarimizdan Xirosima mezbonligida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida qayd etilgan natijani kutishgan edi. Xoh olimpiya, xoh milliy terma jamoa miqyosida bo‘lsin, futbolimiz tarixida qayd etilgan eng yuqori natija Rustam Akramov boshchiligidagi terma jamoa tomonidan qo‘lga kiritilgandi. Ha, aynan Rustam Akramov futbolimizga eng yuqori plankani qo‘yib ketgach, uning natijasini hali hech bir mutaxassis takrorlay olganicha yo‘q.

Rustam Akramov. Ushbu nomni eshitganda ko‘pchilikning yodiga 1994 yilda Xirosima mezbonligida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlaridagi shonli tarix gavdalanadi. O‘sha musobaqada Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni kabi terma jamoalar o‘zining eng kuchli tarkibi bilan qatnashganiga qaramasdan, ko‘pchilik nazdida u qadar kuchli bo‘lmagan, hali mustaqilligini-da to‘la mustahkamlab ololmagan O‘zbekiston terma jamoasi g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgandi. Ushbu g‘alabada, albatta terma jamoa bosh murabbiyi Rustam Akramovning xizmatlari beqiyos edi.

Rustam Akramov 1948 yilning Toshkent viloyatining Yangibozor shaharchasida tug‘ilgan. Bolaligidan futbolga boshqacha mehr qo‘ygan yosh Rustam 1970 yilda O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya institutining futbol bo‘limini tanladi. 1975 yilda Moskva Jismoniy tarbiya institutida “Milliy terma jamoa futbolchilarini saralash va musobaqalarga tayyorlash usullarini tadqiq etish” mavzusida aspirantura bosqichi dissertatsiyasini yoqladi. Keyinchalik Moskvada qolib, 1976 yilga qadar TsSKA klubining yoshlar jamoasini boshqardi. 1980-90 yillarda u o‘z faoliyatini Jazoirda davom ettirdi. Avvaliga 1987-89 yillarda Jazoir milliy universtitetining futbol kafedrasi professori sifatida faoliyat olib bordi. Shu bilan birgalikda Frantsiyaning “Bordo” klubida o‘z malakasini oshirdi. Keyinchalik 1990-1991 yillarda Jazoirning “USM Aljir” klubida ishladi. 1992 yilda Jazoir terma jamoasi murabbiylar shtabida o‘z faoliyatini davom ettirdi. 1992 yilda O‘zbekiston terma jamoasini qabul qilib oldi va uni 1994 yilga qadar boshqardi. Yakunda esa Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonib,  o‘zbek futboli tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

O‘zbek futbolining tirik afsonasi jurnalistlar tomonidan tirik entsiklopediyaga qiyoslanadigan ustoz Axbor Imomxo‘jaev Rustam Akramovning Jismoniy tarbiyaga kirish imtihonlarini topshirib yurgan vaqtlarni xotirlarkan, shunday deydi: “Jismoniy tarbiya institutiga kirish imtihonlari bo‘lyapti. Men imtihon oluvchi komissiya a’zosiman. Talabalikka da’vogarlarni birma-bir sinovdan o‘tkazayapmiz. Shu payt ko‘zim darvoza ortida to‘pni jonglyor qilayotgan baland bo‘yli zabardast bir yigitga tushib qoldi. U to‘pni shu qadar ajoyib tarzda o‘ynatardiki, buni ko‘rib hayratda qoldim. Huddi kompyuter klaviaturasiga aslo qaramasdan matnni umuman behato va shu darajada tezlik bilan teradigan ustalar kabi, bu yigit ham to‘pga umuman qaramasdi. Oshnalari bilan gaplasha turib, jonglyorni epchillik bilan davom ettirardi. Shunda men yonimga o‘sha yigitni chaqirib kelishlarini so‘radim. Abiturient tezda oldimga etib keldi. Men uni imtihondan o‘tkazmasdan, o‘sha jonglyorining o‘ziniyoq ko‘rib, a’lo baho qo‘yib berdim. "5" bahoni qo‘yish uchun undan imtihon daftarchasini berishini so‘radim. U menga daftarchani uzatdi. Baho qo‘yayotib ismi-familiyasiga qaradim: Rustam Akramov. Endi o‘zingiz o‘ylang, qaysi o‘qituvchi imtihon olmasdan shundoq besh baho qo‘yib yuborishga o‘zida botirlik topa oladi. Rustam Akramov o‘shanda shunga mos ravishda harakat qilgan edi.”

Rustam Akramovning terma jamoadagi faoliyati haqida uzoq yillar davomida “Neftchi” klubini boshqargan va ayni paytda “Bunyodkor” klubida faoliyat olib borayotgan Yuriy Sarkisyan shunday deydi: “Rustam Akramov haqida gap ketganda, men faqat birgina faktni keltirish bilangina cheklanaman. Rustam Akramovich O‘zbekiston milliy terma jamoasining birinchi murabbiyi hisoblanadi. Shu kunga qadar terma jamoani ko‘plab murabbiylar qabul qilib olishdi. Tabiiyki, ularning oldiga ham turli vazifalar qo‘yildi. Biroq faqatgina Rustam Akramovgina o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay oldi. Unga Xirosimada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonish topshirilgan edi. U esa buni sharaf bilan uddaladi.” Shuningdek, O‘sha musobaqada terma jamoa tarkibida to‘p surgan Mirjalol Qosimov: “Osiyo o‘yinlarida qozonilgan g‘alabada Rustam Akramovning ulushi barchanikidan ko‘ra ko‘proq bo‘lgandi”, deya xotirlaydi.

Rustam Akramov terma jamoamiz bilan xayrlashgach, bir muddat “Paxtakor” klubida ishladi. 1995 yilda u FIFA qoshida tashkil etilgan murabbiylar akademiyasini tugallagach, 1997 yilga qadar Xindiston terma jamoasini boshqardi. Ushbu terma jamoa Rustam Akramov boshqaruvida Janubiy Osiyo o‘yinlari oltin medali, Janubiy Osiyo federatsiyasi kubogining oltin va kumush medallarini qo‘lga kiritdi.

70 yoshli mutaxassis o‘sha yillarni shunday xotirlaydi: “Hindiston terma jamoasida o‘tgan yillarim murabbiylik faoliyatimdagi eng yaxshi davrlardan biri edi. Men hamon o‘sha vaqtlarda o‘zining alohida iqtidori bilan ajralib turgan Basudeb Mondal, Jo Pol Ancheri va maydonning istalgan qismida to‘p bilan erkin muomala qila oladigan Akil Ansari, shuningdek, o‘ziga xos iqtidor sohiblari bo‘lgan Bxutia Bxaichung, Inivallapil Mani Vijayan, Pasha Shabbir kabilarni xotirlayman. Ammo agar birgina futbolchini ajratib ko‘rsatishim lozim bo‘lganida, men o‘ylanmay, Ajay Singxni ta’kidlagan bo‘lardim. Unda kurashuvchanlik ruhi ustunlik qilardi.”

1998 yildan faoliyatining so‘nggiga qadar Rustam Akramovga sobiq O‘zbekiston futbol federatsiyasi (hozirgi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi)da ish olib bordi. Bundan tashqari, uzoq yillar FIFA texnik qo‘mitasi a’zosi, FIFA instruktori, OFK prezidentining texnik masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimlarida ham ishladi. O‘tgan yillar mobaynida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy” unvoni, “Shuhrat” medali va OFKning “Oltin yulduz” ordenlari bilan taqdirlandi.

Rustam Akramov futbol rivoji uchun uning ilmiy masalalariga bag‘ishlangan 30 dan ortiq ilmiy ish, yuzlab ilmiy maqolalar va 6 ta kitobga mualliflik qildi. Shuningdek, ham futbol, ham ilm maydonida yuzlab shogirdlarga ustozlik qildi.

“Men O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Hindiston, Jazoir, Maldiv, Nepal, Shri-Lanka, Ummon BAA va boshqa mamlakatlardan 1000 lab murabbiylarga FIFA va OFK doirasida 40 dan ortiq kurslar o‘tkazdim. Ushbu marosimda taqdirlanganlar 38 kishi orasida men ham borligimdan baxtiyorman", degan edi Rustam Akramov OFK tomonidan “Oltin yulduz” ordenini topshirish uchun tashkillashtirilgan taqdirlash marosimida.

Ha, Rustam Akramov nafaqat O‘zbekiston, Osiyo balki Jahon futboli uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshirdi. U har qanday jamoaning o‘yiniga taktika prizmasidan qarardi. Har qanday futbolchining yashirin iqtidorini ko‘ra olardi. Qaysi jamoani boshqarmasin, futbolchilarni g‘alabaga ishontirar, ularga g‘oliblik ruhini singdira olardi.

So‘ngso‘z o‘rnida aytish mumkinki, Rustam Akramov O‘zbekiston milliy terma jamoasi boshqaruviga kelgan har qanday murabbiy uchun haqiqiy etalon bo‘lib qolmoqda. Uning har bir futbolchiga nisbatan individual  yondashuvi undan keyingi biror murabbiyda uchramadi. Ko‘ramiz, uning natijasini balki Kuper uddalar. Yana qaydam...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!