Osiyo chempionatining olti medali yohud Ibragimov jahon chempionini taxtdan ag‘dardi

CHERY AUTO
 
Hindistonda kattalar o‘rtasida yunon-rum, erkin va ayollar kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ikkita oltin, bitta kumush va uchta bronza, jami oltita medalga sazovor bo‘ldi.
Yunon-rum kurashi ustalari bahsida sakson nafar polvon g‘oliblik uchun kuch sinashdi. O‘zbekiston terma jamoasi kuchli tarkib bilan qatnashganiga qaramay, finalgacha etib borgan kurashchi topilmadi. Bu gal Og‘ir vaznli polvonlarimiz muxlislar ishonchini qisman oqladi.
98 va 130 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqqan yunon-rum kurashi uchtalari -Rustam Assakalov va Mo‘minjon Abdullaev shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
Rustam Assakalov bungacha 84 va 85 kilogramm vazn toifasida ikki marotaba Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi va jahon chempionati finalchisi bo‘lgandi. Har holda bu yildan e’tiboran vaznini ko‘targan polvonimiz uchun uchinchi o‘rinni muvaffaqiyatli urinish deyish mumkin.
Mo‘minjon faoliyati davomida ikkinchi marotaba qit’a chempionati sovrindori bo‘ldi.
O‘zbekistonlik erkin kurash ustalari qit’ada eng kuchlilardan ekanini yana bir karra isbotlashdi. Ayniqsa, 74 kilogramm vazn toifasida raqiblariga hech qanday imkoniyat bermagan Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi va jahon chempionati sovrindori Bekzod Abdurahmonovning kurash usuli hammaga manzur bo‘ldi. Polvonimiz Osiyo chempionatlaridagi mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda.
97 kilogramm vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘lgan Magomed Ibragimov bu og‘irlikdagi dunyoning eng kuchli kurashchisini taxtdan ag‘dardi. Jahon va Osiyo chempioni eronlik Husayn Shag‘bozigazvar final uchrashuvida hamyurtimizning ustunligini tan olishga majbur bo‘ldi.
Olimpiya o‘yinlari sovrindori Ixtiyor Navro‘zov yana birinchi o‘rinni egallay olmadi. Iste’dodli kurashchimiz shu paytgacha kadetlar va o‘smirlar o‘rtasida ham qit’a birinchilining kumush medalini qo‘lga kiritgandi. Kattalar o‘rtasida esa Osiyo chempionatlarida bungacha ikkita kumush va bitta bronza medalni qo‘lga kiritgan edi.
O‘z vaqtida Osiyo chempioni bo‘lgan Umidjon Ismanov bu gal uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Ayollar kurashi bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari bu gal sovrinlar o‘rinlarga ko‘tarila olmadi.
SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!