“Qo‘qon-1912” endi bor e’tiborini Superligada jon saqlab qolishga qaratadi...mi?

  • 3 oktabr, 2018, 08:47
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futbolining beshigi hisoblangan Qo‘qonda futbolni qanchalik ardoqlashlarini yaxshi bilamiz. Shu bois Superligada ishtirok etayotgan “Qo‘qon-1912” jamoasining ham muxlislik auditoriyasini ancha salmoqli deyishimiz mumkin. E’tibor bersak, Qo‘qonda kechadigan har bir uchrashuv raqib jamoa uchun bir muncha qiyinroq o‘tadi. Chunki u erda muxlislarning ham o‘ziga yarasha bosimi bo‘lishi shubhasiz. Albatta, shunga yarasha “Qo‘qon-1912” ham imkon qadar o‘z ishqibozlarini xursand qilishga harakat qilyapti. Ammo doim ham siz o‘ylagan narsa bo‘lavermaydi. Qo‘qonliklar O‘zbekiston Kubogi yarim finaligacha etib borishgani ham e’tiborga molik. Ammo hal qiluvchi pallada No‘’mon Hasanov boshchiligidagi jamoa o‘z uyida “Paxtakor”ga qarshilik ko‘rsatishga qiynalishdi. Natijada 2:5 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qilib olishdi. Shu tariqa “Qo‘qon-1912” Kubok bahslaridan ham chiqib ketdi. Endi ular asosan quyi oltilikda Superligada jon saqlab qolish uchun kurashni davom ettiradilar. Xo‘sh, “Paxtakor”ga boy berilgan yirik hisobdagi mag‘lubiyat jamoa a’zolarining ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatmaydimi? Bu haqida No‘’mon Hasanov shunday dedi:

Tecno

- Men futbolchilarimga ishonaman. To‘g‘ri, bizda “Paxtakor”ga o‘xshab zaxiradan o‘yinni kuchaytiradigan o‘yinchilarimiz kam. Ochig‘i, zaxira o‘rindig‘imizga qarasam qo‘rqib ketaman. Buning ustiga Kubok uchrashuvda beshta o‘yinchi almashtiriladi. Boshida yaxshi o‘ynayotgandik. Hamma “Qo‘qon-1912”ni kuchli oltilikka kiradi deb ishongandi. Menga uchta futbolchi kerak edi. Chunki hozirgi tarkib bilan oxirigacha borish qiyin edi. Har doim bitta tarkib bilan o‘ynayvermaymiz-ku. Xadeb vitamin yoki boshqa narsalar bilan ularni yaxshi sport formasida ushlab tura olmaymiz. Kimdadir o‘yin sifati pasayishi mumkin, yana kimdir jarohat oladi. Shularni bilgan holda yana uchta o‘yinchi kerak deb aytgandim. Olgan bo‘lsak kimni oldik? Buxorolik Firdavs Asadov. U deyarli o‘ynamayotgandi. Keyin Behruz Sa’dulloev. U zaxirada o‘tiribdi.

Umuman olganda, o‘tgan yilgi “Qo‘qon-1912” bu yilgisiga qaraganda nisbatan kuchliroq edi. Lekin joriy mavsumda negadir qo‘qonliklarning barqaror o‘yin ko‘rsatishi qiyinroq kechmoqda. Bu yilgi dastlabki vazifa esa kuchli oltilikka kirish edi, ammo bu uddalanmadi. Keyin bor e’tibor Kubok bahslariga qaratildi va jamoa yarim finaldan qaytdi. Bu ketishda rahbariyatning bosh murabbiyga bo‘lgan ishonchi kamayib bormasmikin? No‘’mon Nurmatovichdan shu haqida so‘raganimizda u quyidagicha javob berdi.

- Menga hujumchi etishmayapti. Jasur Hakimov esa hozircha bitta gol urdi. O‘tgan yili jamoangiz kuchliroq edi deyapsiz. Chunki o‘sha paytda menda yaxshi hujumchi bor edi – Filip Rayevats. U bir qator gollar urdi va jamoamiz joniga oro kirgandi. Men himoyaviy o‘yinni yoqtirmayman. Agar bunday uslubda o‘ynash kerak bo‘lsa, bemalol o‘ynayveraman. Biroq bu muxlislarga yoqmaydi. “Paxtakor”da ishlaganimda ayrim vaziyatlarda o‘yinimiz yoqmasdi. Mana, endi o‘zim mustaqil ishlayotganimdan beri o‘ylagan taktik usullarimni amalga tatbiq etishga harakat qilyapman. Mana, Javohir Sidiqovni olaylik. U Qo‘qonda o‘sishga erishyapti. Hujumkor o‘yin doim ishqibozlarga yoqadi. “Paxtakor”ga qarshi chuqur himoyadan o‘ynasak ham bo‘lardi. Ammo baribir yutqazardik-da. Ularga mos kelish uchun “Paxtakor” bilan tengma-teng o‘ynash, ular bilan bir xil yugurish kerak. Har bir futbolchi o‘z raqibi bilan teng darajada raqobat qila olishi lozim. Shaxsan men mana shunday ko‘rsatmalarni bergandim. Javohirga Dilshod Rahmatullaev bilan raqobat qilish kerak edi va unga o‘zingni ko‘rsat dedim. Kim kuchli umi yoki senmi? Bu o‘zing uchun imkoniyat degandim. Ammo Rahmatullaev ikkinchi golni urdi. Tanaffus paytida Javohirga seni o‘yinching gol urdi desam, u penalti ishladim-ku deyapti (kuladi). Lekin futbolchi baribir oxirigacha ishlashi kerak.

Yana bir gap: “Qo‘qon-1912”ning himoya chizig‘ida chindan ham muammolar bor. Buni “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda ko‘rdik. Hozirgi paytda esa bosh murabbiyni aynan mudofaa chizig‘idagi muammolar qiynayotgan bo‘lsa ajab emas. Chempionat boshida ushbu klubda serbiyalik mutaxassis ish boshlagandi va uni Hasanov himoyachilarga mas’ul deb aytgandi. Tan olish kerakki, o‘shanda himoyachilar ancha tartibli o‘ynashayotgandi. Ammo keyinchalik himoyachilar betartib o‘ynashni boshlashdi. Qolaversa, serbiyalik mutaxassis ham jamoada ko‘rinmay qoldi. Mazkur masalaga esa bosh murabbiy shunday munosabat bildirdi:

- O‘tgan yili serbiyalik murabbiy bo‘lmaganida ham himoyachilarim yaxshi o‘ynashgan va 7-8 ta o‘yinda 2 ta gol o‘tkazgandik xolos. Dukichga keladigan bo‘lsak, uni ikki marta yuragi “ushlab” qoldi. Shunda ham uni bu erda qoldirsak noto‘g‘ri bo‘lardi. Agar shu erda unga biror narsa bo‘lib qolganida biz aybdor bo‘lib qolardik. Men unga bu haqida uydagilaringga ayt desam aytmadi. Qo‘qonda bir marta va Toshkentda bir marta yuragi xuruj qilib qoldi. Aslida uni qo‘yib yubormasdim. Ammo yuragi bezovta bo‘lavergach, baribir xorijlik odam, shu bois oxiri ketkazishga majbur bo‘ldim.

Shuhratbek JO‘RAEV suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!