Qo‘qonliklar eplay olishmadi yoxud Superligada birinchi bosqich tugadi

  • 20 avgust, 2018, 19:43
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada birinchi bosqich bahslari yakuniga etdi. Endi to‘liqligicha kuchli va quyi oltilik egalari aniq bo‘ldi. 22-turga kelib birgina 6-o‘rin egasini oydinlashtirib olish qolgandi xolos. Bu o‘rin uchun esa “Metallurg” bilan “Qo‘qon-1912” jamoalari da’vogarlik qilishayotgandi. Ushbu turga kelib “Metallurg” Olmaliqda OKMK bilan kuch sinashgan bo‘lsa, qo‘qonliklar vodiy derbisi doirasida Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi maydonga tushdi. O‘tgan turda o‘z uyida “Paxtakor” bilan durang qayd etgan holda 6-o‘rin uchun kurashdagi imkoniyatini oz bo‘lsa-da, saqlab qolgandi-yu, ammo taqdiri o‘z qo‘lida emasdi. Shunga qaramasdan “Neftchi” – “Qo‘qon-1912” klublari o‘rtasidagi o‘yinga bo‘lgan qiziqish chakki emasdi.

Tecno

“Neftchi” “ko‘nmadi”

Uchrashuv kech soat 20:30 ga belgilangani bois muxlislar kechki salqinda stadion tomon oshiqayotganlarini ko‘rdik. Aytish mumkinki, shu kuni “Istiqlol” stadionida muxlislar soni biroz ko‘paydi. Birinchi sababi shundaki, “Neftchi” klubi o‘tgan turda “Lokomotiv” maydonidan bir ochko bilan qaytgan bo‘lsa, undan avval “Navbahor”ni mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqqandi. Asta-sekin jamoa o‘yini ijobiy tomonga o‘zgarib borayotgani bois mahalliy muxlislar yana stadionga qaytishni boshlashganiga guvoh bo‘ldik. Ikkinchsi sababi esa bu safar yana vodiy derbisi ishtirokidagi o‘yin edi. Boz ustiga bir viloyatning ikki jamoasi o‘zaro maydonda kuch sinashib tursa, bu ishqibozlarni bee’tibor qoldirmaydi. Ayniqsa, Qo‘qondan ham mingdan ziyod ishqibozlar o‘z jamoasni qo‘llab-quvvatlash uchun “Istiqlol” stadioniga kelishdi. Endi gapning indallosiga o‘tsak, shu kuni “Qo‘qon-1912”ga uch ochko suv va havodek zarur edi. Shuning uchun ko‘pchilik o‘yindan oldin turli variantlar va taxminlarga berilishgani ham bor gap. Ya’ni, “Neftchi” klubi “Qo‘qon-1912”ning o‘z maqsadiga erishish yo‘lida g‘alabani “tortiq” qilishi mumkinligi borasidagi gap-so‘zlar ham yo‘q emasdi. Shuning uchun ham ushbu o‘yinni o‘z ko‘zimiz bilan kuzatish ishtiyoqi ortgandi. Ammo “Neftchi” jamoasi hech nimaga “ko‘nmadi” va maydonda kuchli ishtiyoq bilan o‘ynaganiga amin bo‘ldik. Garchi tarkibida yosh o‘yinchilar ko‘proq bo‘lishiga qaramay, ularda g‘alabaga tashnalik kuchli ekanligi sezilib turgandi. Aynan farg‘onaliklar o‘z o‘yini bilan oldindan bildirilgan gap-so‘zlarni tarqatib yubordi. O‘yin taqdirini hal qiluvchi yagona golga keladigan bo‘lsak, tan olish kerakki, bu vaziyatda “Qo‘qon-1912” darvozaboni O‘tkir Yusupovning xatosi qimmatga tushdi. To‘pni qo‘lidan chiqarib yuborgani Doston Toshmatovga sovg‘a bo‘ldi. Aslida mezbonlarda yana boshqa imkoniyatlar ham bo‘lgandi. Lekin unda qo‘qonliklar posboni o‘zini ko‘rsatgandi. Lekin umumiy ma’noda aytganda, “Neftchi” jamoasi chindan ham g‘alabaga haqli o‘yin ko‘rsatdi. Shu tariqa farg‘onaliklar barcha gap-so‘zlarga o‘z o‘yini bilan chek qo‘yishdi.

Yana Tantashev

22-tur bellashuvlari boshlanishidan oldin PFL o‘yinlarni boshqaradigan hakamlar guruhini e’lon qildi. “Neftchi” – “Qo‘qon-1912” o‘rtasidagi uchrashuvni boshqarish esa Ilgiz Tantashevning zimmasiga yuklatildi. E’tiborimizni tortgan jihati shunda ediki, shu kunga qadar ushbu hakam ikki marta chetlatilgandi. Dastlab 11 aprel kuni 6-tur doirasida “Nasaf” – “Lokomotiv” o‘rtasidagi o‘yinni boshqarganida bir qator qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygani sababli ma’lum vaqtga chetlatilgandi. Ikkinchi chetlatilishi esa “Qo‘qon-1912” ishtirokidagi o‘yinga to‘g‘ri keldi. 9 iyul kuni 16-turda qo‘qonliklar “Lokomotiv”ni qabul qilishgandi va o‘shanda 1:2 hisobida yutqazib qo‘yishdi. Ertasiga esa Ilgiz Tantashev hakamlar qo‘mitasi tomonidan chetlatilgani ma’lum bo‘ldi. Bu safar ham u yana o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatuvchi xatolarga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Shundan keyin ham yana bir bor “Qo‘qon-1912” ishtirokidagi uchrashuvga tayinlangani biroz ajablanarli bo‘ldi. Qolaversa, bu safargi bellashuv ancha jiddiy va muhimligi jihatidan reytingi ham baland edi. Bunga qadar “Lokomotiv” – “Qo‘qon-1912”, “Qo‘qon-1912” – “Qizilqum” va “Qo‘qon-1912” – “Lokomotiv” ishtirokidagi o‘yinlarni boshqargan hakamlar Superligadan chetlatilgani yodimizda edi. Shularni inobatga olganda, “Neftchi” – “Qo‘qon-1912” bahsini boshqaradigan hakamlarga ham og‘ir bo‘lishini taxmin qilish qiyin emasdi. Faqat bu qanchalik og‘ir yoki engil bo‘lishi hakamlarning o‘zlariga havola edi. Lekin uchrashuv davomida e’tiborga molik holatlar ham kuzatildi. Qo‘qonliklarning sardori va to‘purari bo‘lib turgan Murod Xolmuhammedov 54-daqiqada Tantashev tomonidan maydondan chetlatildi. U birinchi bo‘limda ham raqibiga nisbatan qo‘pollik ishlatgani uchun sariq kartochka bilan jazolangandi. Ikkinchi bo‘limda ham futbolchi raqibiga qarshi tajovuzkor o‘ynagani uchun hakam o‘ylanib o‘tirmaydan qizil kartochka ko‘rsatdi. Aytish mumkinki, bu vaziyatda bahslashishga hojat yo‘q edi. Chindan ham Xolmuhammedov qilmishiga yaraga jazolandi. Umuman aytganda, o‘yindagi asosiy voqealar ikkinchi bo‘limda yuz berdi. Qo‘qonliklar maydonda bir futbolchi kam bo‘lib qolishganidan keyin hisob ochildi. Yuqorida aytganimizdek, mehmonlar posbonining yo‘l qo‘ygan xatosi qimmatga tushdi. Shundan keyin mehmonlar qiyin sharoitda bo‘lsa-da, tashabbusni o‘z qo‘liga olib vaziyatni o‘zgartirishga urinishdi. Bunday mahalda hakamning aksariyat qarorlari qo‘qonliklarning foydasiga ishladi. Uchrashuv oxirlarida esa “Neftchi” jarima maydoni ichida “Qo‘qon-1912” futbolchisi yiqilib tushishi natijasida Tantashev 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. O‘sha vaziyatga hakam yaqinroq turgani uchun hammasini o‘zi ko‘rib turgandi. Ammo qo‘qonliklarning to‘purari Murod Xolmuhammedov yo‘qligi bois bu vazifani Marki Milich bajarishga qaror qildi. Biroq “Neftchi” darvozaboni Muzaffar Abdullaev qahramonlik ko‘rsatdi. Darvoqe, yana bir qiziq tomoni shundaki, aslida Abdullaev “Qo‘qon-1912” sharafini himoya qilib kelayotgandi. “Neftchi” jamoasiga o‘tgan oyda aynan qo‘qonliklar safidan qo‘shilgandi. Buni qarangki, Muzaffar sobiq jamoasiga qarshi uchrashuvda o‘zini ko‘rsatib, jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi va “Neftchi”ning g‘alabasiga munosib hissasini qo‘shdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u “Neftchi” safidagi eng yaxshi futbolchi deb topildi. Shu tariqa, “Qo‘qon-1912” vodiy derbisida autsayder hisoblangan “Neftchi”ga imkoniyatni boy berdi. Bu yoqda esa “Metallurg” ham ularga hech qanday imkoniyat qoldirmagani ma’lum bo‘ldi. Shunday qilib, No‘’mon Hasanov jamoasi endi quyi oltilikda kurash olib boradi.

Qolgan o‘yinlardani intriga qani?

Shu o‘rinda 22-turning qolgan bahslariga to‘xtaladigan bo‘lsak, oldindan kutilganidek intriga yo‘qolib qolgandek bo‘ldi. Masalan, Navoiyda “Qizilqum” hamda “Navbahor” ishtirokidagi o‘yinni olaylik, ushbu bahsda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Namanganliklar avvaldan o‘z oldiga qo‘yilgan dastlabki minimal vazifani bajargani uchun Navoiyda “Navbahor”ning ko‘zi “yonmadi”. “Sport” telekanali esa ushbu “keraksiz” o‘yinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatdi. Vaholanki, bir kun oldin OKMK – “Metallurg” va “Neftchi” – “Qo‘qon-1912” singari “qaynoq” o‘yinlarni bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, negadir “Sport” ushbu uchrashuvlarni chetlab o‘tdi. Shuningdek, “Bunyodkor” hamda “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda 2:2 hisobi kuzatildi. Mazkur bellashuv ham hech nimaga ta’sir qilmasdi. O‘yindan keyin jizzaxliklar ustozi Sergey Lushan achchiq xaqiqatlarni aytdi. Uning jamoasi ikkita kerak bo‘lmagan gollarni urganini, nima uchun o‘ynayotganini tushunmayotganini va bu bellashuv hech kimga kerak emasligi kabi dangal gaplarni ayta olgani tahsinga sazovordir. Odatda, murabbiylar o‘yinlardan keyin “shpargalka” gaplarni aytishga odatlanib qolishayotgandi. Biroq Lushan doim ichidagi gaplarni tashiga chiqarishni yoqtiradi. Chindan ham uning aytgan gaplarida jon bor. Katta ehtimol bilan ushbu format o‘zini oqlamagani bilinib qolyapti. Endi “oltin ochkolar” tizimi ishga tushdi va shunga ko‘ra yuqori va quyi oltilik egalari nomi aniq bo‘ldi. Bundan buyog‘iga oltita jamoa chempionlik uchun kurashsa, qolgan klublar ligada jon saqlab qolish uchun kurashadilar. Lekin quyi oltilik uchun kurashdagi intrigani qanday bo‘lishi haqida oldindan bir nima deyish qiyin. Chunki asosiy e’tibor baribir yuqori oltilikka qaratiladi. Ayniqsa, chempionlik uchun kurashayotgan jamoalarga. Masalan, pro-ligada jamoalar “A” va “V” guruhlariga ajratilgan bo‘lib, asosiy kurash baribir “A” guruhida kechmoqda va shu nuqtani nazardan qaraganda, barchaning e’tibori ushbu guruhga qaratilgan. Endi esa bundan keyin ham Superligada shunga o‘xshash manzara kuzatilishi haqiqatga yaqindek. Ikkinchi bosqich qanday ko‘rinish oladi? Bizni havotirga solayotgan holat shuki, bundan buyog‘iga oldi-sotdilar avj olib ketmasmikin? Ya’ni, quyi ligada kurashayotgan klublar yoki puli qolmagan klublardan buni kutsa bo‘ladimi?

Chempionlik uchun kurash

1. Navbahor 10 6 1 3 13-8 19
2. Lokomotiv 10 5 3 2 14-10 18
3. Paxtakor 10 4 3 2 13-4 17
4. Bunyodkor 10 4 2 4 16-14 14
5. Metallurg 10 2 3 5 8-19 9
6. Buxoro 10 2 1 7 8-17 7

Ligada qolish uchun kurash

1. Qizilqum 10 6 1 3 12-8 19
2. OKMK 10 4 4 2 13-10 16
3. Nasaf 10 4 4 2 7-5 16
4. Qo‘qon-1912 10 3 4 3 9-6 13
5. So‘g‘diyona 10 2 3 5 10-15 9
6. Neftchi 10 1 4 5 4-11 7

Shuhratbek JO‘RAEV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Тулкин Нурматов
20/08/2018 20:47
Олтин очкони бекор килиш керак
&
Абдул
20/08/2018 20:09
Один очкоинга оттиск аспопи