Ro‘ziqul Berdiev: Tarkibimiz qanchalik yosh va tajribasiz bo‘lmasin, vaziyatdan chiqishimiz kerak
Xabaringiz bor kecha Superliganing qoldirilgan 14-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, shu kuni Qarshining “Nasaf” klubi o‘z maydonida Navoiyning “Qizilqum” klubini qabul qildi. Uchrashuv 0:0 hisobida yakunlandi.
O‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan “ajdarlar” ustozi Ro‘ziqul Berdiev o‘zining uchrashuv haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bugungi raqibimiz bizga nisbatan juda tajribali edi. Mahoratli o‘yinchilarga ega jamoa. Ular ushbu mahorati evaziga, bugun to‘pni yaxshi nazorat qilishdi. Bu orqali bizga o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga imkon berishmadi. Albatta bugun o‘tgan o‘yinga qaraganda o‘yin sur’ati ham past bo‘ldi. Afsuski tashkil etgan hujumlarimizni golga aylantira olmadik. Futbolda gol urmasdan g‘alabaga erishib bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, yosh futbolchilarimiz bunday o‘yinlarda tajriba ortiradi va kelgusida kerakli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishadi.
G‘alaba qozonishni va muxlislarimizni xursand qilishni juda-juda hohlayapmiz, afsuski buni uddalay olmayapmiz. Ammo shu maqsaddagi harakatimizni to‘xtatmaymiz.
Tarkibimiz qanchalik yosh va tajribasiz bo‘lmasin, biz vaziyatdan chiqishimiz kerak. Biz bilamiz, muxlislar bizdan g‘alaba kutishayapti.
Albatta, Aziz G‘anievning jarohati ham bizga pand berayapti. Uni tezroq safga qaytishidan umid qilib qolamiz”, - deydi Berdiev.

Fikrlar