
Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi. O‘y va hayollar. Birinchi bob
O‘Y VA HAYoLLAR
"Manchester" menga qanchalik ahamiyatliligini men uchun oxirgi bo‘lgan 1500 - o‘yinimda tushundim. "Vest Bromvich" - "Manchester Yunayted" - 5:5. Shiddatli. Ajoyib. Maftunkor. Jozibali o‘yin.
Bizning o‘yinlarimizni kuzata turib, siz doimo gollar va kutilmagan hodisalarni kutasiz. Yurak uchun bu katta sinov! Men "korayaloqlar"ga qarshi o‘yin tugashiga 9 daqiqa qolayotgan bir paytda, g‘alaba qozonishimga mutlaqo ishonchim komil edi. Final hushtagidan so‘ng o‘yinchilarimga o‘z noroziligimni bildirmoqchi bo‘lgandim, ammo ular hammasini tushunib turushardi. Men ularga shunday dedim:
-Rahmat, yigitlar. Bu sizlardan zo‘r xayrlashuv so‘zi bo‘ldi!
Devid Moyes mening vorisim ekanligi aytilib bo‘lgandi. Biz echinish xonasida o‘tirganimizda, Rayan Giggz: "Moyes hozirgina iste’foga chiqdi", deya hazil qildi.
Ushbu o‘yinning achinarli natijasiga qaramasdan, men ajoyib o‘yinchilar va klub ishchilari boshqaruvini g‘urur va engillik bilan Devid qo‘liga topshirdim. Vazifa bajarildi. Mening oilam ham shu erda, "Redjis Syuit" lojasida o‘tirardi. Meni yangicha hayot kutar edi.
Bu kungi voqealar yorqin bir tushni eslatardi. "Vest Brom" haqiqiy mahorat ko‘rsatdi, mening fikrimcha, juda yaxshi o‘ynadi. Keyinrok ular menga o‘yinchilar avtograflari qo‘yilgan varaqani yuborishdi. Oilamning ko‘p qismi, yani uch o‘g‘lim, sakkiz nabiram va bir nechta yaqin do‘stlarim tribunada edi. Ular yonimdaligidan men juda xursand bo‘ldim, axir marrani birga yakunlash biz uchun muhim edi. Bizning oila buni bajardi.
Eng ajoyibi - bu men tug‘ilgan yili chiqarilgan "Roleks 1941" bo‘ldi. Unga 15:03 - men tug‘ilgan daqiqalar otmetkasi o‘rnatilgan edi.
"Xotornz" yoniga to‘xtagan avtobus zinapoyalaridan tushar ekanman, xar soniyadan zavqlanishga intilardim. Kareramni tugatish unchalik qiyin kechmadi, chunki men bilardim - haqiqiy fursat etib keldi. O‘yindan bir kun oldin menga sovg‘alar taqdim etishlari haqida o‘yinchilar xabar berdi. Eng ajoyibi - bu men tug‘ilgan yili chiqarilgan "Roleks 1941" bo‘ldi. Unga 15:03, men tug‘ilgan soat otmetkasi o‘rnatilgan edi. Undan tashqari ular mening davrimdagi eng yaxshi lahzalar yoritilgan fotoalbom sovg‘a qilishdi, ichki betida esa men va oilamning sur’ati turardi. Bu g‘oya ixtirochisi Rio Ferdinand edi.
Gulduros olqishlar ostida fotoalbom bilan soat menga taqdim etilgandan so‘ng, men ba’zi bir o‘yinchilar chehrasi g‘alati holda ekanligiga e’tibor berdim. Ular bu vaziyatda o‘zlarini qanday tutishni bilmas edi, chunki men ular bilan 20 yil birga bo‘ldim. Men ularda qanday fikrlar o‘yg‘onganini tushunib turardim: "Endi nima bo‘ladi?". Ba’zi birlar boshqa murabbiy qo‘l ostida biror marta ham shug‘ullanmagan edilar.
Bu oxirgi o‘yin bo‘lgani uchun men hammasi silliq o‘tishini xohlagandim. Biz yarim soat davomida 3-0 hisobida yutayotgan edik, lekin "Vest Bromvich" mening tinchgina g‘alaba qozonishimga yo‘l qo‘ymadi. Mening qo‘l ostimdagi "Yunayted"ga birinchi golni Yon Sivebek 22 noyabr 1986 yili urgan edi, oxirgi to‘pni esa Xaver Ernandes 19 may 2013 yilda kiritdi. 5:2 hisobi qayd etilayotganda, bizga 20:2 hisobida yutishimiz mumkindek tuyulgandi. Tablo 5:5 raqamlarini ko‘rsatganda, biz xuddi 2:20 ga yutqazgandek bo‘ldik. Bizning himoyamiz kaptarxonani eslatardi. "Vest-Brom" besh daqiqa ichida Romelu Lukaku yordami bilan uchta to‘p kiritdi.
O‘yin oxiridagi muvaffaqiyatsizlikka qaramasdan, echinish xonasida qayg‘usiz atmosfera hukm surardi. Final hushtagidan so‘ng biz muxlislarimizni olqishlash uchun maydonda qoldik. Giggzi meni oldinga o‘tkazdi, qolgan o‘yinchilar orqada qoldi. Men baxtiyor chehralardan iborat butun bir mozaikani ko‘rdim.Bizning muxlislarimiz kun davomida qo‘shiqlar kuylashdi. Men 5:2 hisobida g‘alaba qozonishni xohlagandim, lekin 5:5 hisobi kareramning oxirgi o‘yiniga mos tushdi. Angliya Premer Ligasida birinchi bor bunday hisobdagi durang qayd etildi. Bu 90 daqiqa ichida erishilgan yana bir yutuq.
Manchesterga qaytgach, men ofisimda xatlar to‘plamini ko‘rdim. Madridning "Real" klubi rahbariyati ajoyib sovg‘a jo‘natibdi: Sibelis maydonining kumush gravyurasi va klub prezidenti Florentino Peresdan ta’sirli xat. Yana ikki sovg‘a "Ayaks" klubidan va Edvin van der Sardan ekan. Mening kotibim Lin korrespondentsiya oqimi bilan astoydil ishlardi.
"Suonsi" bilan o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan uy uchrashuvimiz mening "Old Trafford"dagi oxirgi o‘yinim edi. Faxriy koridordan keyin meni nima kutayotganini bilmasdim. Avvalroq biz bir haftani mening yangi hayot boshlashim haqida oilam, do‘stlarim, o‘yinchilar va murabbiylar bilan muhokama qilib o‘tkazdik.
Ushbu qaror 2012 yilning qishida paydo bo‘ldi. Rojdestvo kirish arafasida men aniq qarorga keldim: "Men kareramni yakunlayman"
-Nima uchun sen bunday qarorga kelding? - deb so‘radi Keti.
-O‘tgan mavsumda biz unvonni oxirgi o‘yinda boy berdik, men bu narsani takrorlanishiga chiday olmayman, - deb javob berdim. -O‘ylaymanki, agar biz chempionatni yutsak, Chempionlar ligasi va Angliya Kubogining finaligacha borsak, bu kareramni ajoyib tugashi bo‘ladi.
Keti oktyabr oyida Bridjetni yo‘qotdi va bu narsani engishga harakat qilardi. Keyinchalik u mening qarorimni qo‘llab-quvvatladi. Keti o‘ylardiki, agar men hayotda yana biror bir narsa bilan shug‘ullansam, uzoq vaqt yosh va kuchga to‘la bo‘laman.
Shartnoma bo‘yicha men agarda iste’foga chiqmoqchi bo‘lsam, klubni 31 martgacha ogohlantirishim kerak edi. Uik-endlarning birida menga Devid Gill qo‘ng‘iroq qildi va yakshanba kuni mening uyimda uchrashishni so‘radi. Fevral oyi edi.
-Aminmanki, u klubning ijrochi direktori vazifasidan ketmoqchi,- dedim men.
-Yoki sening iste’foga chiqishingni aytadi,- dedi Keti.
Devid o‘z lavozimini mavsum yakunida bo‘shatishini aytdi. Keyin men unga o‘z niyatimni so‘zlab berdim.
Bir necha fursatdan so‘ng u menga yana qo‘ng‘iroq qilib Gleyzerdan xabar kutishimni aytdi. Ko‘p o‘tmay men telefon go‘shagida Djoel Gleyzerni ovozini eshitdim. Unga mening qarorim Devid Gillning ketishi bilan hech qanday bog‘liq emasligini, men bu to‘xtamga ancha oldin kelganligimni aytdim. Ketishim sabablarini tushuntirdim, Bridjet o‘limi bizning hayotimizni qay darajada o‘zgartirib yuborganini aytib berdim. Djoel meni tushundi. Biz Nyu-Yorkda uchrashishga kelishdik, u meni kolishga ko‘ndirmoqchi edi. Men unga dalda bergani uchun rahmat aytdim, u esa mening jamoadagi ishlarim uchun minnatdorchilik bildirdi.
Biz bir ovozdan Devid Moyesni tanladik
Men o‘z qarorimni o‘zgartirmasligimni bildirganimdan so‘ng, mening davomchim kim bo‘lishi haqida fikr yuritdik. Biz bir ovozdan Devid Moyesni tanladik.
Ko‘p o‘tmay Devid mening oldimga keldi va biz uning "Yunayted"ga o‘tishi imkoniyatlari haqida so‘z yuritdik. Mening vorisim masalasi darhol echimini topishi Gleyzerlar uchun muhim edi. Yangi murabbiy o‘z o‘rnini tez orada egallashini ular juda xohlardi.
Shotlandlarning barchasi katta jasoratga ega. Ular o‘z uylarini faqat bir sabab bilan tark etadi - yutuqlarga erishish uchun. Bunga hamma joyda guvoh bo‘lish mumkin, ayniqsa Amerika va Kanadada. O‘z vatanini tashlab ketish qarori shotlandning xarakterini mustahkamlaydi va uni yanada dovyurak qiladi. Ana shunday shotlandcha jasorat menda ham mavjud.
Odamlar menga ko‘pincha: "Biz sizni o‘yin vaqtida tabassum qilganingizni hech qachon ko‘rmaganmiz", - deyishadi. Mening javobish shunday: "Men bu erda jilmayish uchun emas, har bir o‘yinda g‘alaba qozonish uchun ishlayman".
Shotlandlar o‘z vatani tashqarisida ham hazil tuyg‘usini yo‘qotishmaydi. Devid Moyes ham ular qatorida. Lekin ish vaqtida shotlandlar o‘z vazifalariga juda jiddiy e’tibor bilan qarashadi, bu esa ularning eng yaxshi fazilati. Odamlar menga ko‘pincha: "Biz sizni o‘yin vaqtida tabassum qilganingizni hech qachon ko‘rmaganmiz", - deyishadi. Mening javobish shunday: "Men bu erda jilmayish uchun emas, har bir o‘yinda g‘alaba qozonish uchun ishlayman".
Devidda o‘xshash jihatlar mavjud. Men uning oilasini taniyman. Uning otasi "Dramchapel"ning murabbiyi edi, men bu jamoada yoshligimda o‘ynaganman. Moyesning oilasida hamma bir-biriga mehribon, lekin bu Devidning bunday o‘lkan lavozimga tavsiya etilishining sababi deya olmayman. Men "Dramchapel"dan 1957 yil, Devid hali juda yosh payti ketganman. Shuning uchun bu erda hech qanday bog‘lanish yo‘q.
Gleyzerlarga u darhol yoqib qoldi. Devid ularni o‘ziga mahliyo etdi. Devid har doim ochiqchasiga, kinoyasiz gapirardi - juda yaxshi xislat. To‘g‘risini aytsam, men Devidga hech qanday ta’sir o‘tkazmoqchi emasman. Nima uchun men 27 yillik bosh murabbiylikdan so‘ng mashg‘ulot jarayonida qatnashishni istashim kerak? Bunday hayotni orqada qoldirish vaqti keldi. Devid bizning an’analarimizni muammosiz davom ettira oladi. U mahoratli o‘yinchilarni sezadi, shuning uchun "Everton" o‘tgan mavsumda yuqori saviyali o‘yinchilar sotib olib, juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi.
Men ketganimdan afsuslanmasligim kerak. Vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. 17 yosh bo‘lsam ekan, oqim bo‘yicha ketaversam, lekin yosh o‘tgandan keyin bunday qilish qiyin. Shuning uchun iste’foga chiqishim bilan Amerikadagi loyihalarim ustida ishlay boshladim. Dangasalik qilish haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas, mening shotlandcha ruhim yangi sinovlarni talab qiladi.
Ketishim haqidagi xabarni klub personaliga aytish juda qiyin bo‘ldi. Men hayotimda bo‘lib o‘tgan o‘zgarishlar, Ketining o‘limi haqida gapirib berganimda, hamdardlik bilan xo‘rsinganlarni eshitdim. Bu mening hissiyotlarga berilishimga sabab bo‘ldi.
Mening iste’foga chiqishim haqidagi mish-mishlar rasmiy bayonotdan bir kun oldin tarqala boshladi. U payt men hatto o‘z ukam Martinga ham bu haqda gapirmagan edim. Chunki "Yunayted"ning Nyu-Yorkdagi aktsiyalarining tushib ketishi xavfi bor edi. Qisman tarqalgan xabar ham meni ishongan odamlarim oldida bir muncha obro‘sizlantirdi.
8 may chorshanba kuni erta tongdan murabbiylar sostavi video tahlil qilish xonasida, klub ishchilari oshxonada, o‘yinchilar esa echinish xonasida edi. Men u erga borayotganimda, rasmiy saytda anons chiqib bo‘lgandi. Hech kimda mobil telefon yo‘q edi. Men mashg‘ulot kompleksida bu xabarni o‘zim e’lon qilmagunimcha, hech kim uni o‘qib qo‘ymasligini xohlardim. Lekin hamma mish-mishlardan xulosa chiqarib, ular yaqin orada muhim o‘zgarish bo‘lishini sezishardi.
Men o‘yinchilarga shunday dedim:
- Umid qilamanki, men hech kimni xafa qilib qo‘ymayman, chunki sizlarning ko‘pchiligingiz meni qoladi deb o‘yladi.
Men bunday deganim sababi, bir vaqtlar biz Robin van Persi va Sindzi Kagava bilan mening klubdan ketishim haqida suhbatlashgan edik.
- Hech narsa abadiy emas. Mening rafiqamning opasining o‘limi juda katta dramatik o‘zgarish bo‘ldi. Bundan tashqari men g‘olib bo‘lgan holda ketmoqchi edim, va men buni uddaladim, - deb nutqimni davom ettirdim.
Ko‘plar shok holatga tushishdi.
-Bugun poygaga boringlar va zavqlaninglar. Payshanba kuni ko‘rishamiz.
Oldinlari men o‘yinchilarimga chorshanba kuni hordiq berardim, ular Chesterga borib kelishardi. Har bir muxlis buni bilardi. Bu narsa strategiyamning bir qismi edi. Odamlar o‘yinchilarni men iste’foga chiqadigan kun poygaga jo‘nab yuborishdi deb, toshbag‘irlikda ayblamasliklari uchun bu narsani bir hafta oldin rejalashtirdim.
Keyin men murabbiylar hay’atiga kirdim va o‘z qarorimni aytdim. Ularning bari qarsak chalib yuborishdi.
- Sizdan qutilganimizdan xursandmiz, - deb, achchiq gap qilishdi ba’zilar.
Jamoa o‘yinchilari murabbiylarga qaraganda ko‘proq qayg‘urishdi. Ularda darhol savollar tug‘ila boshladi: "Yangi menedjer sizga o‘xshaydimi? Keyingi mavsumda qaytasizmi?". Mening yordamchilarim ehtimol o‘ylashgandir: "Mening bu erdagi ishimni ham ajali yaqin". Men ketishim sabablarini tushuntirishni to‘xtatib, hayollarimni bir joyga yig‘ib olishim kerak edi.
Men shu zahoti to‘g‘ri uyimga jo‘nashga qaror qildim, chunki mening bayonotim OAV da portlagan bombadek effekt paydo qiladi. Kerringtonni bir to‘da reportyorlar orasidan tark etishni xohlamasdim.
Men uyga berkinib oldim. Mening advokatim, Djeyson va Lin mening ketishimni eshitgandan buyon xatlar jo‘natishgan ekan. Kotibim 15 daqiqa davomida to‘xtovsiz SMS jo‘natib turdi. 38 ga yaqin gazetalar, shular qatorida "Nyu-York Tayms", bu xabarni birinchi sahifada chop etdi. Britaniya pressasida 10-12 betli qo‘shimcha ilovalar chiqdi.
Mening ketishim haqidagi xabarlar juda xush keladigan edi. Oldinlari menda gazetalar bilan nizolar chiqqandi, lekin men hech qachon ulardan xafa bo‘lmaganman. Jurnalistlar har doim bosim ostida ekanligini, ular internetdan, Feysbuk, Tvitter va boshqa servislardan chaqqonroq bo‘lishi kerakligini yaxshi bilaman. Ularning ishi juda ham qiyin.
Yangiliklarni har-xil media resurslar ham tarqatdi, va ularning hech qaysi eski xafachiliklarga shama qilmasdan yozishdi. Ular mening kareramning va press-konferentsiyalarda olingan ma’lumotlarning ulug‘ligini angladi. Men hatto ulardan tort va ajoyib vinodan iborat sovg‘ani xursandchilik bilan qabul qildim.
"Suonsi"ga qarshi o‘yindan oldin stadion didjeyi Sinatraning "Mening yo‘lim" va Nata Kinga Koulning "Unutib bo‘lmaydigan" nomli qo‘shiqlarini qo‘ydi. Biz bu o‘yinni avvalgi 895 o‘yinlar kabi yutdik. Rio Ferdinand uchrashuv oxirida g‘alaba to‘pini kiritdi. Mening o‘yindan so‘ng aytilgan nutqim tavakkal edi. Menda tayyor tekst yo‘q edi, lekin men hech kimni alohida gapirib o‘tishni istamandim. Nutqim faqat "Manchester Yunayted" klubi haqida bo‘ldi.
Men muxlislarni yangi bosh murabbiy Devid Moyesni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdim.
- Eslatib o‘tishim kerakki, menda ham qiyin davrlar bo‘lgan edi. Klub meni qo‘lladi. Barcha yordamchilarim ham qo‘lladi. O‘yinchilar menga suyanchig‘ bo‘lishdi. Demak sizning hozirgi vazifangiz yangi menedjerni qo‘llab-quvvatlash. Bu juda muhim.
Evropadagi uchrashuvlarga borib: "Men bu jamoa bilan faxrlanaman, bu haqiqatdan buyuk klub", deb hammaga aytishni xohlayman.
Agar men Devid haqida aytib o‘tmaganimda, odamlarda "Fergyuson rostdan ham Moyes kelishini xohlaganmikan?" degan savol tug‘ilardi. Biz unga o‘z ishonchimizni ko‘rsatishimiz kerak edi. Klub g‘alaba qozonishni davom etishi kerak. Men hozir direktorman va jamoa muvaffaqiyat qozonishini siz kabi xohlayman. Endi menda o‘yinlarni tomosha qilib, zavqlanish imkoniyati bor, xuddi Bobbi Charlton kabi. U karerasini tugatgach, aynan shunday qildi. Siz balkim ko‘rgandirsiz, qay tarzda Bobbi bizning g‘alabararimizga quvonishini. Men ham shuni xohlayman. Evropadagi uchrashuvlarga borib: "Men bu jamoa bilan faxrlanaman, bu haqiqatdan buyuk klub", deb hammaga aytishni xohlayman.
Nutqimni yakunlagach, men mikrofonga Pol Skoulzni chaqirdim. Unga bu narsa yoqmasligini bilardim, lekin nima ham qilardim - u ham karerasini tugatayotgan edi. Shuningdek men kolit yazvasi bilan kurashayotgan Darren Fletcherga sog‘lik tiladim.
Bir necha kudan so‘ng aeroportda mening oldimga konvert ushlagan bir yigitcha keldi.
- Men buni sizga pochta orqali jo‘natmoqchi edim, - dedi u.
U erda irland gazetasining men haqimda maqolasi bor ekan. Nima uchun men klubni o‘z istagim bilan tark etganim to‘g‘risida mulohaza yozilgandi. "Tipik Fergyuson", degan muallif. Menga bu juda ham yoqdi. "Manchester"dagi kareramni qanday tasavvur qilgan bo‘lsam, hammasi xuddi shunday yozilgandi. Men bu maqolani o‘qiganimdan xursand bo‘ldim.
Mening o‘rnimga kelgan Devid "Everton"dagi o‘zining yordamchilarini klubga chaqirdi. Ular Stiv Raund, Kris Vuds va Djimmi Lamsdenlar. U murabbiylar shtabiga Rayan Giggz va Fil Nevillarni ham qo‘shib oldi. Bu avtomatik tarzda Rene Myolensten, Mayk Felan va Erik Stillarni ketishini anglatardi. Devidning qarori shunday edi. Men unga mening yordamchilarim bilan ishlashini istashimni aytdim, lekin uning shaxsiy murabbiylar shtabini tuzishiga qarshilik qilish niyatim yo‘q edi.
Djimmi Lamsden uzoq vaqt Devid bilan ishladi. Men uni Glazgoda yashagan davrimdan buyon bilaman. Djimmi mendan bir chaqirim narida, qo‘shni rayonda tug‘ilgan. U juda yaxshi yigit, futbolni ham a’lo darajada tushunadi. Mening shtabimdagi insonlar ishlarini yo‘qotganidan afsusdaman, lekin bunday xodisalar futbolda ko‘p uchraydi. Baribir hammasi silliqqina yakun topdi. Men ularning uchchalasiga klubni tark etishi kerakligini, men bundan afsusdaligimni aytdim. Mayk, 20 yil men bilan ishlagan yigit, meni hijolat bo‘lmaslikga chaqirdi va birga ishlashgan ajoyib davrlar uchun minnatdorchilik bildirdi.
1995 yilgi Angliya Kubogi finalida "Everton"ga mag‘lub bo‘lganimizda, men aytdim: "Bas, etar! O‘zgarishlar vaqti keldi".
Hozir o‘tmishga nazar tashlasam, faqat g‘alabalarni emas, mag‘lubiyatlarni ham yodga olaman. Men Angliya Kubogining uchta finalida mag‘lub bo‘ldim: "Everton", "Arsenal" va "Chelsi"ga. Liga Kubogi finallarida "Sheffild Uensdey", "Aston Villa" va "Liverpul"ga yutqazdim. Shuningdek ikki bor Chempionlar ligasi finalini "Barselona"ga boy berdim. Ammo "Manchester"ning buyukligi shundan iboratki, biz har doim qaytamiz. Men barcha raqiblarim ustidan g‘alaba qozonmaganligimni, mening hayotim faqatgina avtobusda kubok ushlagan holda aylanishlardan iborat bo‘lmaganini hech ham unutmayman. 1995 yilgi Angliya Kubogi finalida "Everton"ga mag‘lub bo‘lganimizda, men aytdim: "Bas, etar! O‘zgarishlar vaqti keldi". Va men buni uddaladim, akademiyadan yosh o‘yinchilarni jalb qildim, keyinchalik ularni "Klass-92" deb atashdi. Biz ularni zahirada boshqa ushlab turolmasdik. Bu o‘zgacha guruh edi. "Yunayted"ning mag‘lubiyati har doim fikr yuritish uchun turtki bo‘lardi. Lekin men uchun bir muddat fikr-mulohaza qilib, hammasini o‘z joyida qoldirish maqul emasdi. Finaldagi mag‘lubiyat qattiq ta’sir qiladi, ayniqsa sen raqiblar darvozasiga 23 ta zarba bersang, ular esa sening darvozanga - atigi ikkita, yoki penaltilar seriyasida yutqizsang. Men doimo holatni o‘zgartirishga va ilgarigi pozitsiyalarga qaytishga intilardim. Mening asosiy qadr-qimmatim shundan iborat ediki, men hech qachon bunday vaziyatlarda yo‘qotilgan imkoniyatlarga achinmasdim, balki muammoning echimini topishga harakat qilardim.
Ba’zan mag‘lubiyatlar katta natijalar olib keladi. Bunday vaziyatlarga javob berish - juda yaxshi fazilat. Hatto eng qiyin zamonlarda ham biz o‘z jasoratimizni ko‘rsatganmiz. Men bitta ajoyib fikrni eslayman: "Bu "Manchester Yunayted" tarixidagi yana bir kun xolos". Boshqa so‘z bilan aytganda, oldingi pozitsiyalarga qaytish - bu klub mohiyatining bir qismi. Agar siz o‘z mag‘lubiyatlaringizga beparvolik bilan qarasangiz, ishonaverning - sizni undanda katta omadsizliklar kutib turibdi. Ko‘pincha biz raqiblarimizdan o‘yin oxirlarida to‘p o‘tkazib yuborib, ochkolar yo‘qotardik, lekin keyin qatorasiga 6-7 g‘alabali o‘yinlar qayd etardik. Bu tasodif emas, albatta.
Muxlislar uchun dushanba kuni ishga ketayotib, dam olish kunlari bo‘lib o‘tgan o‘yinni o‘ylab ketish odatga aylangan. Bir yigit 2010 yilning yanvarida menga: "Siz men 41 funt to‘lab sotib olgan biletimning pulini qaytarsangiz. Menga jozibali o‘yin va’da qilishgandi, lekin men uni ko‘rmadim. Pulni qaytara olasizmi?", deb yozdi. Men unga shunday javob qaytarishga qaror qildim: "Mening oxirgi 20 yilgi daromadimdan 41 funt echib oling".
"Old Trafford"da hech kim aldanib qolmaydi. Bu erda hech qachon zerikarli bo‘lmaydi.
Sen barcha katta o‘yinlarda g‘alaba qozonishing mumkin, masalan, "Yuventus" va "Real" ustidan. Lekin baribir yakshanba kuni biroz zerikarli o‘tgan o‘yin uchun bilet pulini qaytarishni so‘raydiganlar ham topiladi. Dunyoda o‘z o‘yinlari bilan inson ruhini zabt etadigan boshqa bir klub bormi? Agar imkoni bo‘lganda, men o‘yinoldi programmalarda shunday ogohlantirardim: "Agar biz o‘yin tugashiga 20 daqiqa qolganida 1:0 ga yutqazayotgan bo‘lsak, uyingizga ketavering, bo‘lmasa sizni nosilkalarda olib ketishadi , va siz oqshomingizni Manchester shifoxonasida o‘tkazasiz".
"Old Trafford"da hech kim aldanib qolmaydi. Bu erda hech qachon zerikarli bo‘lmaydi.
Javohir Ochilov tarjimasi
Fikrlar