
Toshkentda sport ta’lim muassasalarining rolini oshirish borasida seminar o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi 2017 yilning 30 noyabr - 1 dekabr kunlari Toshkentda “Jismoniy tarbiya va sport sohasida olib borilayotgan islohotlarda sport ta’lim muassasalarining roli” mavzusida uslubiy-amaliy seminar o‘z ishini boshladi.
Ushbu anjumanda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Bolalar-o‘smirlar sport maktablari, Oliy sport mahorati maktablari, Ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari va olimpiya zaxiralari kollejlari direktorlari hamda Jismoniy tarbiya va sport hududiy boshqarma boshliqlari, sport faxriylari, olimlar va etakchi mutaxassislar ishtirok etishmoqda.
Anjumanni kirish so‘zi bilan ochgan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbanov muhtaram prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan hujjatlar va bajarilishi hamda oldinda turgan muhim vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport sohasida olib borilayotgan islohotlarda sport ta’lim muassasalarining roli hamda selektsiya ishlari, Respublikada sport sohasini tashkil etish va rivojlantirishning namunaviy modeli hamda uyushmagan yoshlarni sportga jalb etish muammolari, bu borada bajarilishi ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalar ekanligini ma’lum qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida Seminar qatnashchilari Toshkent shahrida joylashgan bir qator sport majmualariga tashrif buyurishdi. Jumladan, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyi, “Bunyodkor” stadioni, O‘zbekiston taekvondo markazi, yaqinda foydalanishga topshirilgan Engil atletika markazida yaratilgan shart-sharoitlar bilan bevosita tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Ertaga bo‘lib o‘tadigan ikkinchi kungi seminarda mutaxassislar shu’balarga bo‘lingan holda ish olib borishadi.
Fikrlar