Asosiy mazmunga oʻtish

Futbol

“Tottenxem”ning qimmatbaho sotuvlari

Izohlar: 2

O‘tgan safar siz aziz muxlislarni “PSJ” va “Manchester Siti” jamoalari tarixidagi eng qimmatbaho sotuvlar bilan tanishtirgan edik. Bugun, mazkur turkumdan o‘rin olgan navbatdagi jamoa bilan sizlarni tanishtiramiz. Demak, “Tottenxem”ning qimmatbaho sotuvlari.

5. Maykl Karrik – 18,6 mln funt

Maykl aslida “Vest Xem” klubi tarbiyalanuvchisi sanaladi. 2003 yilda esa “shporlar” uni “bolg‘achilar”dan 3,5 mln funt evaziga sotib oladi. “Uayt Xart Leyn”da ikki mavsum to‘p surgan Mayklni 2005 yil yozgi transferlar bozorida “qizil iblislar” 18,6 mln funt evaziga harid qiladi. Fergyuson uni Roy Kinning o‘rniga olib kelgan edi va shotlandiyalik mutaxassisning mazkur qarori noto‘g‘ri bo‘lmadi deyishimiz mumkin.

4. Robbi Kin – 19 mln

“Shporlar” bosh murabbiyi Glen Xodl Kinni jamoasida ko‘rish uchun uning avvalgi jamoasi “Lids”ga 7 mln funt to‘laydi. Irlandiyalik forvard “Tottenxem” bilan Angliya liga kubogini qo‘lga kiritadi xolos. Shunday bo‘lsada, Robbi har mavsum o‘zining to‘purarlik mahoratini namoyish etib keladi va 2008 yilda uni “Liverpul”ga transfer qilishadi. Turli bonuslar bilan 20,3 mln evaziga. Ammo oradan bir yil o‘tiboq, Daniel Levi Kinni jamoaga qaytaradi, 12 mln funt evaziga.

3. Dimitar Berbatov – 30,75 mln

“Tottenxem” Berbatovni 2006 yil “Bayer”dan salkam 11 mln funt evaziga o‘z safiga qo‘shib oladi. O‘z navbatida bolgariyalik hujumchi jamoa o‘yiniga kirishib keta oladi va 2006/07 yilgi mavsumda “Tottenxem”ning eng yaxshi futbolchisi deb topiladi. “Shporlar” safida yana bir masvum o‘ynagan Dimitarni 2008 yilda “MYu” salkam 31 mln funtga sotib oladi. “Qizil iblislar” bilan 4 yillik bitim tuzgan Berbatov shartnomasi tugagunga qadar “Old Trafford”da to‘p surdi va erkin agent sifatida “Fulxem”ga yo‘l oladi.

2. Luka Modrich – 33 mln

Modrich 2008 yil “Uayt Xart Leyn”ga 16,5 mln funt evaziga ko‘chib o‘tadi. Ammo “shporlar” oradan 4 yil o‘tib, xorvatiyalik futbolchini yuqoridagi narhning ikki barobar qimmatiga sotadi. Umuman olganda, shu vaqtga qadar Modrichni sotib olganlar hech qachon zarar ko‘rmagan.

1. Garet Beyl – 86,3 mln

2007 yil “Sautgempton”dan 10 mln funt(turli bonuslar bilan)ga harid qilingan Beyl “shporlar” safidagi 6 mavsumda jami 200 dan ziyod o‘yin o‘tkazadi va 60 ga yaqin gol kiritadi. Umuman olganda, Beyl faoliyatini qanot himoyachisi sifatida boshlaganini inobatga oladigan bo‘lsak, bu normal ko‘rsatgich. 2013 yil yozgi transferlar oynasining so‘nggi kunida esa “qirollik klubi” uelslik futbolchi uchun rekord summani taklif etadi – 86,3 mln funt. Qarabsizki, savdo “pishdi”.

Shahzod Xolboev tayyorladi

Ulashish
SPORTS.uz'ni Youtube'da tomosha qiling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q