Vagiz Galiulin: Balkim O‘zbekistonga qaytarman, balkim...

  • 22 aprel, 2018, 15:04
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor joriy hafta Rossiya kubogi yarim finalida “Spartak” o‘z maydonid “Tosno”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. E’tiborlisi, “Tosno” safidagi hamyurtimiz Vagiz Galiulin ushbu uchrashuvda moskvaliklar darvozasini ishg‘ol etib, jamoasini finalga olib chiqdi. SPORTS.uz internet-axborot portali muxbiri Baxtiyor Toshtemirov uchrashuvdan so‘ng andijonlik iqtidorli futbolchi bilan eksklyuziv suhbat uyushtirdi.

- Avvalambor sizni va jamoangizni Rossiya kubogi finaliga chiqqani bilan tabriklaymiz. Finalda sizlarga quyi divizion vakili “Avangard” raqiblik qiladi. Ushbu jamoaning kuchiga qanday baho berasiz va umuman ushbu klub haqida ma’lumotlarga egamisiz?

- Tabriklar uchun rahmat. Ochig‘i hozir bizning bor fikru-hayolimiz premer-liganing navbatdagi turida bo‘lib o‘tadigan “Amkar”ga qarshi bahsga qaratilgan. “Avangard” haqida esa finalga yaqin bosh qotiramiz. Bu jamoa haqida biron nima deyishim qiyin, chunki deyarli bu haqda ma’lumotga ega emasman. Yana qaytarib aytaman, birinchi navbatda jamoani kuchlilar safida olib qolish uchun harakat qilyapmiz.

- Bilamizki, agar “Tosno” kubok finalida g‘alaba qozonsa, Evropa ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Jamoa bunga tayyormi?

- To‘g‘ri, agar g‘olib bo‘lsak Evropa ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritamiz. Lekin, yuqorida aytganimdek jamoa rahbariyati bizning oldimizga premer-ligada qolish masalasini qo‘ygan. Agar buni uddalasak, ana undan so‘ng rahbariyat keyingi musobaqalar, jumladan Evropa ligasi haqida ham bosh qotirishi mumkin. Qolaversa, aksariyat futbolchilarning klub bilan amaldagi shartnomalari yakunlanib bormoqda va ularning ham kelajagi aynan jamoaning kuchlilar safida qolishiga bevosita bog‘liq.

- Ko‘plab rus OAVlarida “Tosno” futbolchilarining maoshidan katta miqdorda qarzdorligi aytilmoqda. Jamoadagi asl vaziyat qanday?

- To‘g‘ri, bu boradagi gaplarda jon bor. Lekin, “Spartak”ka qarshi bo‘lib o‘tgan o‘yindan so‘ng Leningrad oblasti gubernatori biz bilan shaxsan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritdi va yaqin orada ushbu muammolar bartaraf etilishiga va’da berdi. Ko‘ramiz, balkim rostdan ham vaziyat yaxshilanar.

- “Tosno”ning premer-ligada qolishiga qanchalik imkoniyat bor?

- Jamoamizning premer-ligada qolishi uchun imkoniyatlari yaxshi. Biz uchun yaxshi tomoni shundaki, so‘nggi turlarni aynan o‘zimiz kabi ligada qolish uchun kurash olib borayotgan “Amkar” (22 aprel), “Rostov” (29 aprel) va “Dinamo” Moskva (5 may) kabi jamoalarga qarshi o‘tkazamiz. Shunday ekan barchasi faqat o‘zimizga bog‘liq.

- Keyingi mavsum ham Rossiyada to‘p surish niyatingiz bormi?

- Keyingi mavsumni ham Rossiyada o‘tkazamanmi? Hali bu haqda o‘ylab ko‘rmadim. Bilasizmi, bu futbol. Ertaga nima bo‘ladi, qaysi jamoada o‘ynayman buni oldindan aytishim qiyin. Hozirgi maqsadim “Tosno”ni premer-ligada olib qolish. Mavsum yakunlangach taqdirimga oydinlik kiritiladi.

- O‘zbekistonga qaytish rejalaringizchi?

- Yuqorida aytganimdek futbolchining kelajagini hech kim avvaldan aytib bera olmaydi. Balkim qaytarman, balkim yo‘q. Bu haqda o‘ylab ko‘rmadim.

- Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat. Kelajakdagi ishlaringizga omad yor bo‘lsin!

- Sizga ham rahmat.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!