Yosh polvonlarimiz Tampere gilamlarida Jahon chempionligi uchun kurashishadi
1-6 avgust kunlari Finlyandiyaning Tampere shahrida sport kurashlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining 13 nafar a’zosi ham ishtirok etadi. Erkin va yunon-rum kurashlari bo‘yicha terma jamoalarimiz tarkibiga beshtadan sportchi kiritilgan bo‘lsa, ayollar kurashida 3 nafar qizimiz yurtimiz sharafini himoya qilishadi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Tajribali mutaxassis Ravshan Ro‘ziqulov ustozligidagi yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz tarkibi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati kumush medal sohibi Ilhom Bahromov, 2015 yilgi Osiyo chempioni To‘rabek Tirkashev, qit’a chempionati bronza medali egasi Mahmud Bahshilloev, Osiyo chempionatining kumush medal sovrindori Jalgas Berdimuradov va joriy yilda qit’a chempionligiga erishgan Temur Mirzo Mamajonovlar hisobiga to‘ldirildi.
Erkin kurash bo‘yicha terma jamoamizga Aleksandr Nedorezov va Olimjon Hikmatovlar ustozlik qilishadi. Tarkibga esa jahon chempionati kumush medali sohibi G‘ulomjon Abdullaev, delegatsiyamiz tarkibida sportning ushbu turi bo‘yicha Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarining eng yosh polvoni sifatida nom qozongan Abbos Rahmonov, 2017 yilgi Osiyo chempionati kumush medali sohibi Isa Shapiev, uning egizagi - qit’a chempionatining bronza medali egasi Javrail Shapiev va Osiyo chempioni Hasanboy Rahimovlar kiritilishgan.
Va nihoyat ayollar kurashi bo‘yicha tashkil etiladigan musobaqalarda Osiyo chempionatining bir yo‘la uch nafar bronza medal sohibalari Shahodat Djulibaeva, Xadicha Najimova va Nabira Esenbaevalar yurtimiz sharafini himoya qilishadi. Qizlarimizga jahon chempionatida Ahmet Kagarmanov ustozlik qiladi.
Ma’lumo t o‘rnida, delegatsiyamiz a’zolari ertaga, 29 iyul kuni kechqurun Finlyandiyaga jo‘nab ketishadi.

Fikrlar