Abbos Atoev: "Pekin Olimpiadasida singan qo‘lda jang qilganman"

  • 22 may, 2019, 18:32
  • 1
  • Boks
CHERY AUTO

O‘zbek boksi tarixida -75 kg. vazn toifasi alohida ahamiyatga ega va bu vaznda sportimiz dovrug‘ini jahonga tanitgan Rufat Risqiev, O‘tkirbek Xaydarov kabi etuk charm qo‘lqop ustalari etishib chiqishgan.

Shular jumlasiga Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari finalchisi, ikki vazn toifasida ikki karra jahon chempioni, 2012 yilgi London olimpiadasi bronza medali sohibi Abbos Atoevni kiritish mumkin.

www.sports.uz sayti muxbiri chempion bilan suhbatda bo‘ldi.

Atoyyrv

- Abbos aka, ko‘p sportchilar faoliyatini yakunlagach, hayotining yangi bosqich ostonasida turli qiyinchiliklarga duch kelishadi. Sizda bu holat qanday kechdi?

- London olimpiadasidan keyin, bir necha musobaqalarda ishtirok etib, faoliyatimni yakunladim. Shundan keyin murabbiylarim Olim Muhammedov va Nodir G‘ulomovlar ko‘magida sportda orttirgan boy tajribamni yoshlarga etkazishga qaror qildim. O‘sha vaqtda sport ishlari vazirligi tomonidan bizga joy ajratib berildi. Hozir bu erda sport kompleksi bunyod etib, yosh bokschilarga murabbiylik qilib kelyapman. Sport kompleksiga mening nomim berilgan.

- Barcha promouterlarni o‘ziga jalb qiladigan yuksak natijalarga erishgansiz. Qaysi promouterlardan takliflar tushgan va nimaga qabul etmagansiz?

- London olimpiadasidan keyin mashhur promouterlik kompaniyalaridan takliflar kela boshladi. Ularning ba’zilari bilan muzokaralar ham o‘tkazdik. Lekin vaznimni bir maromda saqlash tabiiy ravishda qiyinlasha boshlagani uchun -91 kg vaznga o‘tishga qaror qildim. Promouterlar esa men bilan quyi vaznda shartnoma imzolashmoqchi edi. Shu bois, ularga rad javobini berishimga to‘g‘ri kelgan.

- Har bir bokschining faoliyatida ko‘p marta duch keladigan asosiy raqibi bo‘ladi. Sizning eng katta raqobatchingiz kim yoki kimlar bo‘lgan?

- 2007 yili AQShning Chikago shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining finalida rossiyalik Artur Beterbiev bilan bahs olib borganman. Juda murosasiz bellashuv bo‘lgan va men uni mag‘lubiyatga uchratganman. Bir yil o‘tib, Jahon kubogida u mendan ustun kelgan. Bundan tashqari, hindistonlik Vijender Sinx bilan ham eng nufuzli musobaqalarda 4 marta jang qilganman. Umumiy hisob 2:2 bo‘lgan. Osiyo chempionati bilan, Osiyo o‘yinlarining finalida imkoniyatni boy bergan bo‘lsam, jahon chempionati va London olimpiadasida uni medaldan mahrum qilganman. Boksdagi asosiy ta’qibchilarim sifatida shularni ko‘raman.

Atoyevv

- Siz jahon chempionatining finalida enggan rossiyalik Artur Beterbiev hozir professional ringda oltin kamar ega va hali engilmagan. Uning faoliyatini kuzatib borasizmi?

- Men havaskor ringda jang qilgan bokschilarning ko‘pchiligi hozirda professional ringda yuqori natijalarga erishishmoqda. Ochig‘ini aytaman, men ularning faoliyatini kuzatib bormayman.

- Sportchining hayotida g‘alaba va mag‘lubiyatlar yonma-yon yuradi. Ba’zida g‘alaba qo‘ldan ketganda, faoliyatingizni yakunlash haqida hech o‘ylaganmisiz?

- Bilasizmi, hech bir sportchi mag‘lub bo‘lishni istamaydi. Lekin g‘alaba qozondingmi, kerak vaqtda mag‘lubiyatni ham tan ola bilish kerak. Bu sportning yozilmagan qonuni. Aniq ayta olamanki, har bir sportchi yutqazib qo‘ygach, faoliyatini yakunlashni o‘ylaydi. Shu holat tabiiyki menda ham bo‘lgan. Uyga qaytgach, hamma narsani taroziga qo‘yib ko‘rasiz, yo‘l qo‘yilgan xatolarni ko‘z oldingizga keltirasiz va albatta, bunday qiyin davrda murabbiylar katta tirgak bo‘ladi. Ular ruhan sizga dalda berib, oyoqqa turishingizga, kamchiliklar ustida ishlab, yangi marralar sari harakat qilishga undaydi.

- Kuchli zarbangiz borligi ko‘pchilikka sir emas. Ma’lumki, katta kuch bilan zarba yo‘llaganda, qo‘l jarohat olishi hech gap emas. Sizda bunday holatlar bo‘lganmi?

- Ha, afsuski bo‘lgan. 2008 yilgi Pekin olimpiadasiga qizg‘in tayyorgarlik jarayonida sparring o‘tkazdim. Sparring vaqtida men asosiy zarbani yo‘llaydigan chap qo‘lim bilan raqib tanasiga urganimda, zarbam nishonga noto‘g‘ri tekkanini his qildim. Natijada qo‘lim sindi va bitishga ulgurmadi. Olimpiya o‘yinlariga esa sanoqli kunlar qolgandi. Shu sabab, Pekindagi birinchi jangimning o‘zida tojikistonlik Jahon Qurbonovga imkoniyatni boy berganman. Bir yil o‘tgach, jarohatlardan forig‘ bo‘lib, Italiyaning Milan shahrida ikkinchi marta jahon chempioni bo‘ldim.

- Abbos aka, biz bilan uyushtirgan mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.  Murabbiylik faoliyatingizda muvaffaqiyat tilaymiz.

- Rahmat.

Fazliddin Husniddinov suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
darwesh
22/05/2019 22:40
Олимпиада чемпиони булиши учун иктидори етадиган боксчи эди.