
Vadim Abramov: "Ikkinchi davra oldidan kimnidir taklif qilarmiz"
Superliganing 7-turidagi qoldirilgan "Dinamo" va "Neftchi" o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 0:2 hisobida farg‘onaliklar foydasiga yakunlangan uchrashuvdan so‘ng "Dinamo" matbuot xizmati bosh murabbiy Vadim Abramovning matbuot anjumanidagi fikrlarini havola qildi.
- Vadim Karlenovich, o‘yin haqida fikringiz?
- Nima deyishim mumkin, bunday o‘yinlarni mayda narsalar hal qiladi. Biz bugun og‘ir jamoani ko‘rdik. Raqib o‘yinini buzishga va nimadir qilishga harakat qildik, lekin o‘xshamadi. Ikkinchi golni ko‘rdingiz, o‘yinchi to‘pni havolatib uzatmoqchi bo‘lgandi, darvozaga kirib ketdi. Yana bir gapni aytishim kerak, bugun gol urgan raqibning har ikki futbolchisiga (Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va Abrorbek Ismoilov) o‘z paytida men katta futbol eshiklarini ochgandim. Ular bugun meni "jazolab" ketdi. Nima ham derdik, futbolda shunaqasi ham bo‘lib turadi.
- "Bunyodkor" va "Neftchi"ga qarshi bahslarda jamoa o‘yini umuman qovushmadi. Lekin stadion liq to‘ldi...
- Muxlislar qo‘llashi bizga juda zarur. O‘yin payti muhit ham chiroyli bo‘ladi. Ammo bugungi natijaning bunga aloqasi yo‘q. Bugun bir nechta yosh futbolchilar maydonga tushdi, ulardan birdaniga nimadir kuta olmaymiz. "Neftchi" qarshi hujumlarda yaxshi harakat qildi, deb o‘ylayman.
- O‘rtada pleymeyker etishmayotgandek...
- Bu fikrga qo‘shilaman. Bizga maydon markazini boshqara oladigan yaxshi o‘yinchilar kerak. Tarkibimizdagi braziliyalik jarohat tufayli mavsum oxirigacha safdan chiqdi. Balki ikkinchi davra oldidan kimnidir taklif etarmiz.
- Bu o‘yin qoldirilgan paytda "Neftchi" "Paxtakor"ga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Hozir jamoa o‘z o‘yinini topib oldi va o‘yin endi o‘tkazildi. Bu esa muxlislarning noroziligiga sabab bo‘lyapti.
- O‘yin atayin qoldirilgan, "Neftchi" o‘ziga kelib olishi uchun kutilgan degan fikrdan yiroqman. Biz ham, ular ham teng sharoitda bu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rdik. Mag‘lubiyatga o‘zimiz aybdormiz. Bizda ikki nafar markaziy himoyachi safdan chiqqan, natijada himoyada bo‘shliq yuzaga keldi.
- Oldinda 4 kundan keyin amaldagi chempion "Nasaf"ga qarshi bahs kutyapti...
- Bu o‘yinga ham jiddiy hozirlik ko‘ramiz. Uyda ketma-ket uchta uchrashuvda yuta olmaslik g‘alati bo‘ladi. Shu bois nima qilib bo‘lsa-da, "Nasaf"ni mag‘lub etishga harakat qilamiz. Chempionatda intrigani saqlab qolish uchun ularni yutishimiz kerak.
Fikrlar