"Aftidan, "Qizilqum"dan ketsam kerak" - yana bir etakchi klub bilan xayrlashish arafasida

  • 23.12.2021 22:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

17 dekabr kuni 33 yoshini qarshilagan gruziyalik Mate Vatsadze mana uchinchi yildirki, faoliyatini O‘zbekiston chempionatida o‘tkazdi. 2019 yil “Qizilqum”da paydo bo‘lgan hujumchi o‘tgan yili AGMK uchun to‘p surgan. Bu mavsumda yana “Qizilqum”ga qaytdi. Gruziyalik legioner navoiyliklar safida 26 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 5 ta gol urdi. O‘tgan yili ham AGMK tarkibida 5 ta gol urgan.

O‘z vaqtida Gruziya milliy terma jamoasida ham o‘ynagan Vatsadze joriy mavsumda “Qizilqum”ning hamda o‘zining natijalaridan qoniqish hosil qilmaganligi tabiiy. Aslida chempionatning birinchi yarmigacha uning jamoasi uchun hammasi yaxshi ketayotgandi. Biroq barqarorlikni oxirigacha saqlay olmadilar.

Mate yurtimizga kelgunga qadar Gruziyada “Dinamo” (Tbilisi), “Dila”, “Lokomotiv”, shuningdek, Rossiyaning “Volga”, Daniya chempionatida esa “Orxus”, “Viborg”, “Silkeborg” hamda “Liepaya” klublarida to‘p surgan. Yuqorida aytganimizdek, Vatsadze oxirgi uch yildan beri faoliyatini O‘zbekistonda davom ettirib kelyapti. Kuni kecha Sports.uz muxbiri “Qizilqum”ning ushbu legioneri bilan bog‘landi.

- Salom Mate. Hozir qaerdasiz va ta’tilni qanday o‘tkazyapsiz?

- Men Gruziyada, uyimdaman. Oila-a’zolarim, do‘stlarim davrasida maza qilib dam olib, vaqtimni juda chog‘ o‘tkazyapman.

mate

- Joriy mavsumdagi “Qizilqum”da o‘tkazgan faoliyatingiz o‘zingizga yoqdimi?

- “Qizilqum” – bu men taklifini qabul qilganimdan so‘ng O‘zbekistonda o‘zim o‘ynagan dastlabki klubdir. Shu boisdan ham mazkur jamoaga bo‘lgan hurmatim baland.

- “Qizilqum” birinchi davrada yaxshi ko‘rindi, ammo ikkinchi davrada natijalar pastlab ketdi. Nima uchun?

- Anig‘ini bilmayman. Agar aniq bir narsani bilganimdami, hammasi boshqacha bo‘lardi.

- Do‘stingiz va jamoadoshingiz – Elguja Grigalashvili klubdan ketganini ma’lum qildi. Siz ham “Qizilqum”ni tark etdingizmi yoki...

- Hozircha menda yil oxirigacha tuzilgan shartnoma bor. Ammo, aftidan, “Qizilqum”dan ketsam kerak.

mate1

- Sir bo‘lmasa, oldingizda qanday takliflar bor?

- Hozircha bu savolingizga javob bera olmayman. Chunki yuqorida aytganimdek, yil oxirigacha shartnomam bor. Shu sababdan uzil-kesil bir narsa deyishim amrimahol.

- Kelasi yili ham yana Superligamizda to‘p surish niyatingiz bormi yoki Gruziyada qolmoqchimisiz?

- Yangi ish joyim qaerda bo‘lishidan bexabarman. Eng muhimi, oilamga qaer yoqsa, o‘sha joyda to‘p surmoqchiman.

mate2

- Sizga klublar tomonidan bildirilayotgan taklifning avvalo nimasi e’tiborli: pulmi yo maqsadimi?

- O‘z oldiga maqsadlar qo‘yadigan klubda o‘ynamoqchiman. Pul qaerda bo‘lsa, vazifalar ham o‘sha joyda qo‘yiladi. Bu ikki omil esa bir-biriga chambarchas bog‘liqdir.

- O‘zbekistonda qaysi klublarni yoqtirasiz?

- Menga “Paxtakor”, “Nasaf”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor” singari jamoalarning o‘yinlari yoqadi. Umuman olganda, yaxshi klublar ancha. Masalan, Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasini ham aytishim mumkin. Klublarning saviyalari deyarli teng.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!