
“Agar futbolga qaytsam, kaltak eb "kayf" qiladiganlardan farqim qolmaydi” – Gonsalo Iguainning ayanchli hikoyasi
366 gol, 127 assist, 785 o‘yin va 14 ta sovrin! Gonsalo Iguain fantastik karerasini kamtarona MLSda tugatganini ko‘pchilik sezmay ham qoldi. Oktyabr oyi boshida argentinalik forvard butsalarini abadiy mixga ilayotganini rasman e’lon qildi. Endi esa, rasman bu tastiqini topdi. Bugun siz bilan hech kim sezmagan “jang”ning qurboniga aylangin yigit hikoyasiga quloq solamiz...
Uning futbol bilan xayrlashuvi juda ta’sirli chiqdi. Futbolchi ko‘z yoshlarini tiya olmay qoldi. 17 yil davom etgan yo‘lning oxiriga kelgan Gonsalo maydonda o‘tirib olgancha, yosh bolalardek yig‘ladi. U yaqin o‘tmishda dunyoning grand klublari sharafini himoya qildi, biroq yakun kutilganidek yorqin bo‘lgani yo‘q. Aslida, Gonsalo 34 yosh bo‘lsada, yaxshi sport formada edi. Uning yaqindagina bergan intervyusida nega futboldan sovub qolgani batafsil bayon etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Iguain tinimsiz yog‘ilgan tanqidlarga dosh bera olmay qolgan ekan…
Argentinada uni hamma yomon ko‘radi!
2019 yilda qahramonimiz terma jamoa safidagi faoliyati yakunlanganini e’lon qildi. Aslida, bu eng to‘g‘ri qaror edi. Argentinada Gonsalo haqida latifalar paydo bo‘libgina qolmay, oila a’zolari ham muxlislar tomonidan bosimni his qilishni boshlagandi. Bunga etarlicha sabablar bor. Bu vaziyatni boshqa bir argentinalik hujumchi – Gabriel Batistutaning fikri bilan izohlash eng to‘g‘ri variant bo‘ladi:
“Iguain – ajoyib hujumchi. Uni butun dunyoda hurmat qilishadi, ammo Argentinada emas. Futbolchining vatanida kiritgan yuzlab gollari bir chetda qolib, noaniq zarbalari bilan xotirlashadi”.
Darhaqiqat, noaniq zarbalar terma safida Gonsalo ijrosida etarlicha topiladi. 2014 yilgi JCh finalidagi ko‘kka sovurilgan vaziyatlar yodingizga tushdimi? Keyingi yili bo‘lib o‘tgan “Kopa Amerika” finalida qahramonimiz penaltilar seriyasidagi beo‘xshov zarbasi bilan yana bir bor "o‘zini ko‘rsatadi”. Keyingi qit’a birinchiligi, yana final va yana golga aylantirilmagan birga-bir vaziyat. Yakunda, Argentina penaltilar seriyasida Chilidan ikkinchi bor alamli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Balki, Gonsalo asosiy vaqtda Chili darvozasiga yo‘llagan o‘sha zarbasini golga aylantirganda, hozir bu maqola yozilmagan bo‘larmidi?!
Futbolchi termadan ketayotganini aytgach, Messi ijtimoiy tarmoqlar orqali do‘stini qo‘llab-quvvatlashga urinib ko‘rdi:
“Menimcha, insonlar Iguain masalasida adolatli bo‘lgani yo‘q. Afsuski, jurnalistlar tomonidan keskin qarshi olingan futbolchini xalq bir zumda yomon ko‘rib qoldi. Uning ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi. Fantastik karera, turli mamlkatlar chempionligi, gollar va yuqori tempdagi futbol, ammo Argentinada u doim eshik ortida qolib ketdi”.
Iguain bu bosimni qay darajada yurakka yaqin olganini tasavvur qilish mumkin. Qahramonimiz bir necha oy avval Argentinaning eng taniqli jurnali “La Nacion” uchun bergan intervyusida aynan shu masalada “yorilgan” edi.
“Yaqinda bosib o‘tgan yo‘lim, majburiyatlar, og‘ir mashg‘ulotlar va oilamdan uzoq o‘tgan kunlar azobi haqida bosh qotirdim. Bilasizmi, tinimsiz bosim ostida bo‘lish sizning ruhiyatingizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Men hozir juda baxtliman. Pufakdek ishib, yorilish arafasida bo‘lgan olamni tark etdim. AQShda barchasi o‘zgacha. Bu erda meni birinchi imkon bo‘lishi bilan “axlatga qorib tashlaydigan” jurnalistlar yo‘q. Ko‘chada ko‘rib qolib, golga aylantira olmagan vaziyatlarim uchun so‘kadigan muxlislar yo‘q. Bu erda hammasi o‘zgacha. MLS o‘sib bormoqda. Hozir xotirjamman, erkin nafas olyapman.
Ba’zan, “hey Gonsalo, nega noliyverasan? Sen etti avlodingga etadigan pul ishlab olding. Istaganingcha yashashing mumkin”,-deb menga ta’na qilishadi. To‘g‘ri, pulim ko‘p, ammo men bu narsaga erishish uchun 7 yoshimdan beri mehnat qilayotganim, oila a’zolarimning tug‘ilgan kunlarini o‘tkazib yuborganim, yangi yil kechalarida bir o‘zim mehmonxonada, oyna ortidagi manzarani tomosha qilib xo‘rsinganlarim haqida hech kimning ishi yo‘q. Pul yaxshi yashashga imkon beradi, ammo insonni baxtli qila olmaydi. Tinimsiz haqorat va tanqidlar ostida umrimning katta qismini qo‘rquv va ishonchsizlikda o‘tkazdim. Qo‘rqoq, baqaloq, kalbosh va boshqa ko‘plab laqablar orttirdim. Vaqti kelib, mening qadrimga etishadi degan umiddaman. Unga qadar, meni va oila a’zolarimni ko‘z yosh to‘kishga, bu dunyoni yomon ko‘rishga majbur qilganlarga aytar so‘zim yo‘q.
Boshqa hech qachon futbolga qaytmayman. Agar qaytsam, kaltak eb "kayf" qiladiganlardan farqim qolmaydi. Shu paytga qadar bu sport turi ortidan eshitgan gaplarimni hazm qilish uchun bir necha 10 yillar kerak bo‘ladi. Unga qadar, biroz dam olmoqchiman. Hammasidan charchadim.”
Fikrlar