
AGMK o‘z safiga legioner qo‘shib oldi yoxud "Navbahor"ning sobiq futbolchisi Olmalikda (Foto)
O‘tgan yili yangi tarix yaratgan AGMK jamoasi 2021 yilgi mavsumda ham yuksak maqsad va yuqori marralarni ko‘zlamoqda.
Tarkibni yanada kuchaytirishga intilayotgan olmaliqliklar yangi yildagi ilk transferga qo‘l urdi. Ukrainalik mahoratli hujumchi Aleksandr Kasyan erkin agent sifatida AGMK bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot ximati xabar berdi.
Kasyan 1989 yil 27 yanvar kuni Ukrainaning Donetsk viloyatida tavallud topgan. Tajribali hujumchi faoliyati davomida Ukrainaning “Ilichevets” (Mariupol), “Shaxtyor” (Donetsk), “Zarya” (Lugansk), “Karpati” (Lvov), Rossiyaning “Tom” (Tomsk), “Ximik” (Dzerjinsk), “Fakel” (Vorenej), “Baltika” (Kaliningrad) va “Avangard” (Kursk) jamoalari sharafini himoya qilgan.
2019 yildan e’tiboran, O‘zbekiston Superligasida o‘ynayotgan Kastyan «Navbahor» (2019) va «Surxon» (2020) jamoalaridagi faoliyati bilan muxlislarga yaxshi tanish. U 2021 yildan AGMK libosida maydonga tushadi.
Kasyan faoliyati davomida turli jamoalarda Ukraina, Rossiya va O‘zbekiston chempionatlarida raqiblar darvozasini 59 marotaba ishg‘ol qilgan.
AGMK bilan shartnoma imzolaganidan mamnun bo‘lgan hujumchi ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Kasyan: «AGMK bilan shartnoma imzolaganimdan juda xursandman. O‘ylaymanki, yangi mavsumda jamoa bilan Superliga va OChLda muvaffaqiyatli ishtirok etamiz va katta g‘alabalarni ko‘zlaymiz. 2021 yil AGMK uchun muvaffaqiyatli va omadli bo‘lishidan umidvorman. AGMKga gollarim bilan yordam berishga, jamoam g‘alabalariga hissa qo‘shish uchun maydonda 200% kuch bilan maksimum harakat qilishga va’da beraman. Menga ishonch bildirgan bosh murabbiy Mirjalol Qosimovga va klub rahbariyatiga rahmat. Futbolchilar va murabbiylar shtabi meni yangi jamoada moslashishim va ko‘nikishim uchun qo‘llab-quvvatlashiga ishonchim komil»
Aleksandr Kasyan 8 yanvar kuni yurtimizga uchib keladi va jamoa mashg‘ulotlariga qo‘shiladi.
Fikrlar