
"Al-Ayn" bosh murabbiyi: "Nasaf"ni mag‘lub etganimizdan mamnunmiz. Jamoamiz uchun yangi davr boshlanmoqda"
Osiyo chempionlar ligasi nimchorak finalidan o‘rin olgan "Al-Ayn" - "Nasaf" bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda mezbonlar 2:1 hisobida zafar quchdi.
Mazkur bahsdan so‘ng BAA klubi bosh murabbiyi Ernan Krespo va Xolid Eysa matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berib o‘tdi.
Ernan Krespo:
- Natijadan mamnunmiz, juda ham xursandmiz. O‘ylaymanki, "Al-Ayn" jamoasi uchun yangi davr boshlanmoqda. 7 yil deganda klubimiz ushbu bosqichga yo‘l olmoqda. Bu yangi tarixning boshlanishi, deya olaman.
Futbolchilarimdan to‘la minnatdorman. Sababi, ular juda qiyin vaziyatda imkoniyatlardan foydalanib keta olishdi.
Stadiondagi muhit ham ajoyib edi. Shuningdek, bunaqa zich taqvimda futbol o‘ynash oson emas. Chempionlar ligasidagi ilk turdan so‘ng ichki chempionatda maydonga tushdik va tiklanish juda qiyin kechdi.
Shunga qaramay, biz musobaqada yaxshi ishtirok etyapmiz. Bugungi o‘yinda ham o‘zimizni yaxshi tomondan muxlis-u mutaxassislarga namoyish eta oldik.
Xolid Eysa:
- Birinchi navbatda, ushbu g‘alabani shahrimiz, klubimiz rahbariyatiga bag‘ishladik. Ko‘plab yo‘qotishlarga qaramasdan keyingi bosqichga chiqa oldik. Biz bir marta OChL finaliga chiqqanmiz va yana bir bor mazkur vazifani uddalay olishimizga ishonaman. Maqsadimiz - qo‘llab-quvvatlayotganlarni xursand qilish.
Ushbu o‘yinni unutamiz, oldinda ko‘plab uchrashuvlar kutib turibdi. E’tiborni muhim bahslarga qaratishimiz lozim va bu yo‘lda biz yana bir musht kabi birlasha olamiz, deb o‘ylayman.
- Har 72 soatda o‘yin o‘tkazildi. Futbolchilarda tiklanish jarayoni qiyin kechmadimi?
Ernan Krespo: Bunday hisoblamayman. Sababi, bu kabi holatni normal qabul qilish kerak. To‘g‘ri, ko‘plab uchrashuvlarda maydonga tushdik. Qiyinchiliklar ham yo‘q emas. Shunga qaramay, keyingi bellashuvga tayyormiz.
Tarkibimiz yaxshi va saviyali yigitlardan tashkil topgan. Ular bilan rotatsiya qilishga to‘g‘ri kelmoqda va futbolchilar buni ajoyib natijalar bilan hammasini to‘la oqlayapti.
Klubdagi barcha professional tarzda mehnat qilayotganini aytib o‘tish lozim. Shu sabab biz ijobiy natijalar qayd etib kelyapmiz. Umid qilamanki, kelgusidagi bahslarda biz o‘ylagan barcha maqsadlarimizga erisha olamiz.
- Rahimi gol urishidan sal avval siz uni chaqirib, ko‘rsatmalar berdingiz. Aytingchi, siz unga qanday gaplarni aytgandingiz?
Ernan Krespo: Men ko‘p gapirib o‘tirmadim. Shunchaki, ularga bizda hozir yaxshi imkoniyat bor, shundan foydalanib qolishimiz kerak. Qo‘shimcha bo‘limlarga bormasdan hammasini hal qilish kerak, deb aytdim. So‘ng Rahimi gol urib ketdi.
Fikrlar