"Al-Qodisiya" murabbiyi Brendan Rojers: "Paxtakor" — kuchli jamoa"

  • 13.10.2026 00:17
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Elit Osiyo chempionlar ligasining 2-turi doirasida «Paxtakor» o‘z maydonida «Al-Qodisiya»ni qabul qilib, 1:1 hisobida durang qayd etdi. Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Brendan Rojers o‘z fikrlarini bildirdi.

«Albatta, Chempionlar ligasi bahslariga tayyor holda kelish kerak. G‘alaba qozonish uchun so‘nggi daqiqalargacha kurashish zarur. Ammo bugun biz uch ochkoni qo‘lga kirita olmadik. Ayniqsa, raqib ikkinchi bo‘limning so‘nggi qismida juda yaxshi harakat qildi. Chunki ularda yo‘qotadigan narsa qolmagan edi.
«Paxtakor» jarima maydonimizga ko‘plab krosslar yo‘lladi. O‘yin davomida bizning ham yana bitta gol urish uchun imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Afsuski, ulardan foydalanа olmadik. Shunga qaramay, oldinga intilishda davom etamiz. Chunki olti ochkodan to‘rttasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik.

Men jamoaga kelganimdan buyon «Al-Qodisiya» 3-1-4-2 sxemasida o‘ynamoqda. «Paxtakor»ni o‘rganib chiqqanimizda, ular himoyada to‘rt futbolchi bilan harakatlanardi. Biroq bugungi uchrashuvda sxemani o‘zgartirishdi. Ikki jamoa ham himoyada besh nafar futbolchi bilan o‘ynadi.

Shunga qaramay, bizda gol urish uchun juda yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi. Shuningdek, darvozabonimiz birinchi va ikkinchi bo‘limlarda bitta dan ajoyib seyvni amalga oshirdi.
«Paxtakor» — kuchli jamoa. Ular bizga juda yaxshi qarshilik ko‘rsatdi va bu uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rgani ko‘rinib turdi. Bu men uchun kutilmagan holat emas. Bir jamoa favorit bo‘lishi mumkin, ammo raqib ham unga munosib qarshilik ko‘rsatishi mumkin.

To‘g‘ri, «Al-Qodisiya» ikki yil oldin Saudiya Arabistoni Pro-ligasining ikkinchi divizionida o‘ynagan. Hozir esa imkoniyatlarimizni tobora oshirib, kuchayib bormoqdamiz.
Ikkinchi bo‘limda ustunlikni boy berganimiz — o‘yning tabiiy kechishi bilan bog‘liq. Biz hujumkor va agressiv jamoamiz. To‘pni raqibga berib qo‘ysangiz va unda vaziyatlar yuzaga kela boshlasa, bu, tabiiyki, o‘yiningizga ta’sir qiladi.

Menimcha, ikkinchi bo‘limning dastlabki 20 daqiqasida ham raqibga o‘z o‘yinini ko‘rsatish imkonini bermadik. Keyinchalik uchrashuvning borishidan kelib chiqib, ularda ko‘proq vaziyatlar paydo bo‘ldi. Chunki to‘pga ko‘proq egalik qila boshlashdi. Buni o‘yning tabiiy kechishi deb hisoblayman», — dedi murabbiy.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!