"Al-Xaldiya" bosh murabbiyi: "Andijon" bizga albatta bosh og‘rig‘i bo‘lishini bilaman"
“Andijon” - “Al-Xaldiya” uchrashuvi oldidan “Bobur arena”da matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning ikkinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Ali Ashur va jamoaning senegallik legioneri Domenik Mendi qatnashdilar.
Ali Ashur: “Dastlab Andijon ahliga minnatdorchiligimni bildiraman. Aeroportdan kutib olishdan boshlab bizni joylashtirish, umuman, stadiondagi sharoitlar barchasi a’lo darajada. Bizni yaxshi kutib olishdi. Bundan juda ham xursandman. Xususan, O‘zbekistonga va Andijondek ajoyib shaharga kelganimzdan xursandmiz. Bemalol ayta olamanki, ular Bahraynga borganida bizni qanday kutib olishgan bo‘lsa, biz ularn undan ortig‘i bilan kutib olishga harakat qilamiz. Ertaga juda qiyin raqibga qarshi o‘ynaymiz. Bizni jiddiy uchrashuv kutib turibdi, deb ayta olaman. Yaxshi murabbiy va yaxshi futbolchilar bor. Bu jamoa ikkita uchrashuvdan beri hali gol o‘tkazmasdan kelmoqda. Maydonda futbolchilar ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. Lekin biz ham Bahrayndagi ikkita o‘yindan keyin yaxshi natija ko‘rsatdik. Ertaga ham mana shunday yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. Futbolchilarimiz ham uchrashuvni intiqlik bilan kutishmoqda va ertaga maydonga tushishni istashmoqda. Ertaga borimizni berib, eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatib, ijobiy natija bilan qaytishni reja qilyapmiz.
Dominik Mendi: “Bu erga kelganimizdan juda ham xursandmiz. Hozir murabbiyimiz barchasini aytib o‘tdi. Menimcha, qo‘shimcha qilishga hojat yo‘q. Ertaga o‘yinda borimizni berib yaxshi natija uchun kurashamiz. Maqsadimiz, rejamiz bitta. Murabbiyimiz ertagalik uchrashuvga qanday tayyorgarlik ko‘rishimizni belgilab beradi. Shu tayyorgarlikdan kelib chiqib yaxshi natija ko‘rsatib ketishimiz kerak.
- Andijonga xush kelibsiz. “Al-Xaldiya”ni uchrashuvlarini ko‘rganimizda safarda ham hujumkor o‘yin ko‘rsatib yaxshi natijalarga erishgan. Ertagalik bahsda jamoangiz hujumkor o‘yin ko‘rsatadimi yoki himoyaga asoslangan o‘yin ko‘rsatadimi?
Ali Ashur: - Savol uchun rahmat. Futbolni yaxshi kuzatar ekansiz. Bilsangiz agar, “Al-Xaldiya” Bahraynning kuchli klublaridan biri. O‘z tarixiga ega. Har doim hujumkor futbol namoyish etib kelganmiz. Men ham murabbiy sifatida aynan hujumkor futbolni yaxshi ko‘raman. Mehmon yoki uyda o‘ynaganimizda ham shunga harakat qilamiz. Lekin uy va mehmon o‘rtasidagi o‘yinlarda farq bo‘ladi. Chunki biz ko‘proq to‘pga egalik qilishni istaymiz. To‘p bilan yaxshi o‘ynashni xohlaymiz. Agressivroq bo‘lishga harakat qilamiz. Biroq har doim ham bu narsa o‘xshamasligi mumkin. Chunki raqibga ham bog‘liq. Misol uchun, ertaga “Andijon”ga qarshi uchrashuvda balki boshqacharoq o‘yin ko‘rsatarmiz. Boisi, “Andijon” ham hujumkorroq o‘yin ko‘rsatadi. Ularning oxirgi ikkita uchrashuvini ko‘rdik. “Arkadag” va “Al-Ahli”ga qarshi bahslarda golli vaziyatlar yaratishgan. Ertaga maydonda ko‘ramiz. Murabbiy sifatida men doim hujumkor futbol tarafdori bo‘lganman.
- “Andijon” jamoasini o‘rganib chiqqaningizni ta’kidlayapsiz. Bu klub ilk bor OChLda ishtirok etyapti. Qanday kuzatdingiz? Balki “ayg‘oqchi” yubordingizmi yoki videolar orqali ko‘rdingizmi?
Ali Ashur: - Asosan videolar orqali. Osiyo Chempionlar ligasidagi ikkita o‘yinini kuzatdik. Qolaversa, milliy chempionatdagi uchrashuvlarini ham kuzatib bormoqdamiz. Jamoani nechta gol urib, nechta gol o‘tkazganini ham bilamiz. “Andijon”dagi futbolchilarni bemalol aytishim mumkin. Masalan, qirg‘izistonlik darvozabon, 8-, 3-, 26-, 18-raqamdagi jamoa sardori, qolaversa, 22-raqamdagi futbolchisi bizda yaxshi taassurot qoldirdi. Tezkor, har doim raqib jarima maydonchasi ichida yuradi. “Andijon”ni juda yaxshi tahlil qildik. Har taraflama o‘rganib chiqdik. Qaysi chiziqda qaysi o‘yinchisi qanaqa o‘ynashlarigacha bilamiz. Kim bosh bilan yaxshi o‘ynaydi, kim himoyada yaxshiroq to‘p suradi, aytyapmanki, ertaga bizni juda og‘ir uchrashuv kutib turibdi. Milliy chempionat bilan xalqaro o‘yinni farqi bo‘ladi. “Andijon” ertaga bizga albatta bosh og‘rig‘i bo‘lishini bilaman.
- Kuz oylarida O‘zbekistonda havo biroz o‘zgaradi. Bahrayn bilan yurtimiz ob-havosida farqi bo‘lishi mumkin. Xalqaro maydonlarda arab o‘yinchilarini qiynalgan holatlarini ko‘rganmiz. Ob-havo ertagalik o‘yinga qanchalik ta’sir qilishi mumkin?
Dominik Mendi: - Bu narsalarni bilamiz, xabarimiz bor. Murabbiyimiz ham aytib o‘tgan. Bunga ruhiy jihatdan va barcha shunday narsalarni e’tiborga olib tayyorgarlik ko‘rganmiz. Bahrayndagi ob-havo bilan unchalik katta farq qilmaydi. 2017 yili O‘zbekistonda o‘ynaganman. O‘shanda yanvar oyida juda sovuq edi. Hozirgisi bilan solishtirganda ancha yaxshi.
- OChL 2 ning o‘tgan turida “Al-Xaldiya”ning “Arkadag” bilan uchrashuvini kuzatganimizda sizni ancha xissiyotlarga berilganingizga guvoh bo‘ldik. Ertaga “Bobur arena”da qaynoq muhit yuzaga keladi. Shuni hisobga olganda o‘zingizni xissiyotli vaziyatlarga qanchalik tayyorlayapsiz?
Ali Ashur: - Xissiyotlarga berilishim - bu murabbiylikdagi odatim. Hammada bo‘ladi. Meni odatim shunaqa. Menimcha, ko‘p murabbiylarda shunday bo‘ladi. Sababi, o‘yin paytida futbolchilarga ko‘rsatmalar beramiz, asabiylashamiz. Lekin odatda, futbolchilar bilan suhbatlashganimda ularga pozitivlik ulashishga harakat qilaman. Bularni barchasini futbolni bir qismi deb ayta olaman. Bizga bunday holat begona emas. OChLda ikkinchi yil ishtirok etayotgan bo‘lsak-da, katta muhitlarda to‘p surganmiz. 40 ming muxlis qarshisida o‘ynadik, Eronda 70 ming ishqiboz keldi. Shu bois biz tayyormiz. Ertangi o‘yinga kelsak, biz ham juda yaxshi muhitni kutyapmiz. “Andijon” muxlislarini o‘z jamoasini qanday qo‘llab-quvvatlashlarini bilamiz. Bunga tayryomiz. Umid qilamanki, ular bizning ham, “Andijon”ning ham o‘yinidan zavq olishadi.

Fikrlar