Aleks Perreyra UFC ni manipulyatsiya qilishda aybladi
Agar kimdir Aleks Perreyraning shikoyatlari Sergey Pavlovichga qarshi bahs e’lon qilinishi bilan tugadi, deb o’ylasa, u qattiq adashadi. Chunki braziliyalik Siril Gan va Josh Hokit o’rtasidagi chempionlik jangini tashkil etgani uchun UFC ga ham e’tiroz birdirdi.
"Men to’g’ridan-to’g’ri Xanter Kembell bilan gaplashdim hamda u menga Gan va Hokit o’rtasida jang uyushtirishmoqchi ekanliklarini aytdi. Ular men ko’rmagan qandaydir so’rovnoma o’tkazilgani va jamoatchilik aynan shu to’qnashuvni xohlayotganini bildirdi. Ammo bu jangni rasmiy e’lon qilinganda, hech qanday shov-shuvni sezmadim.
Keyinchalik ushbu bahs e’lon qilinishidan oldin sodir bo’lgan ba’zi narsalarga e’tibor qaratdim. Masalan, Kormye va boshqa odamlar bu yaxshi jang bo’ladi, deyishardi. Men bunday odamlar haqida gapirganimda, katta auditoriyaga ega mashhur blogerlar va ommaviy axborot vositalaridagi shaxslarni nazarda tutyapman.
UFC ularga: "Bu qanday ajoyib jang ekanini ayting, toki rasmiy e’lonimiz vaqtiда tomoshabinlar uni qabul qilishga tayyor bo’lsin," deyotgandek edi. Ular odamlarni aynan shu jang bo’lishi kerakligiga ishontirish uchun hamma narsani qildi. Bularning barchasi ma’lum darajada manipulyatsiya, tushunyapsizmi?
Kormyeni olaylik. U bilan gaplashganimda: "Quloq sol, agar men Ganga qarshi chiqib, kamarni olsam, haqiqiy chempionga aylanamanmi?" deb so’radim. U: "Men bunday deb o’ylamayman," deb javob berdi. Ya’ni, bu yigit hech qanday ma’noga ega bo’lmagan ba’zi fikrlarni aytmoqda. U odamlarga ta’sir o’tkazishga va ularni aynan shu jang eng yaxshi variant ekaniga ishontirishga urinayotganlardan biridir", - dedi "Poatan" Laerte Vianaga bergan intervyusida.
Eslatib o’tamiz, Gan va Hokit qarama-qarshiligi 14 noyabr kuni "UFC 334" turnirida, Pavlovich va Perreyra o’rtasidagi bahs esa 12 dekabr kuni "UFC 335" turnirida o’tkaziladi.

Fikrlar