
Aleksandr Xomyakov: "Hozir natija muhim emas"
Kecha “Andijon” klubi “Zlin” (Chexiya) va “Shaxtyor”ga (Qozog‘iston) qarshi nazorat uchrashuvlarida qatnashdi. Dastlab 0:2 hisobida yutqazgan bo‘lsa, ikkinchisida 2:0 natijasi bilan g‘alaba qozondi.
"Andijon" bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov mazkur o‘yinlar xususida klub matbuot xizmatiga taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Ushbu yig‘in chog‘ida natija muxim axamiyatga ega emas. O‘yinga mazmun olib kirish, mashg‘ulotlardagi ishlanmalarni amalga oshirish muhim sanaladi. Afsuski, birinchi o‘yinda ishlanmalarimizni hech qaysisi o‘xshamadi, passiv harakatlandik. Hujumlar tashkil qilishda oqsadik. 90 daqiqa davomida bor yo‘g‘i bir marotaba burchak to‘pi ishladik. Umumiy olganda, hech narsa o‘xshamadi. Raqib bizdan kuchli ko‘rindi va shunga yarasha g‘alaba qozondi.
Ikkinchi o‘yinda esa birinchi uchrashuvdan farqli o‘laroq xohish va iroda borligini ko‘rdim. Bir qancha ishlanmalarni amalda qo‘lladik. Ko‘plab vaziyatlar yarata oldik. Bu tarkib yaxshi ko‘rindi. Yana aytaman, hozir natija muhim emas. Qanday yo‘nalishda ishlayotgan bo‘lsak, uni yaxshilashga va o‘z o‘yinlarimizni yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapmiz”.
Fikrlar