Aleksandr Xomyakov: Moldaviyalik hujumchining harakatlari menga ma’qul kelyapti

  • 15 yanvar, 2020, 17:59
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ayni paytda Superliga ishtirokchilari qizg‘in ravishda yangi mavsum uchun tayyorgarliklarini olib bormoqdalar. «Mavsum-2019»da 10-o‘rinni band etgan «Andijon» ham hozirda qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini davom ettirmoqda. Jamoaning rossiyalik bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov 6 yanvar kuni Toshkentga etib keldi va shu zahotiyoq «Andijon» bilan Yangierdagi yig‘inga kirishdi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, jamoani ko‘plab futbolchilar tark etishgan va ularning aksariyati asosiy tarkib a’zolari edi. Shu sababli Xomyakov tarkib o‘zagini yangitdan shakllantirishiga to‘g‘ri kelmoqda. Hozircha tarkibda ayrim yangi o‘yinchilar bor, yo‘q emas. Shuningdek, Tojikiston hamda Moldaviyadan kelgan legionerlar ham yig‘inda qatnashishyapti. Lekin murabbiyning oldida qiladigan ishlar hali ko‘p. 

Tecno

- Aleksandr Andreevich, Yangierdagi yig‘indan ko‘nglingiz to‘lyaptimi? U erda asosan nimalarni ko‘zlagandingiz?

- Qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarimiz davom etyapti. Bu safargi tayyorgarligimizni selektsiyaga ixtisoslashgan o‘quv yig‘ini deb atasak ham bo‘ladi. Yangi o‘yinchilar masalasida izlanyapmiz, qidiryapmiz va gaplashyapmiz. Tabiiyki, yangi futbolchilarni kuzatyapmiz. Shu jumladan mahalliy yosh o‘yinchilarimizni ham kuzatib boryapmiz. Chunki o‘rinbosarlar tarkibidan ham bolalarni jalb qilganmiz. Shuningdek, tarkibimizga qo‘shilgan boshqa o‘yinchilarni ham sinovdan o‘tkazyapmiz.

- Umuman olganda, jamoangizning qishki rejalari nimalardan iborat?

- Dastlabki rejamiz Yangierdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida selektsiya ishlarini olib borgan holda futbolchilarni sinovdan o‘tkazishdir. O‘rtoqlik uchrashuvlarimizni o‘tkazyapmiz. 18 yanvar kuniga ham o‘rtoqlik o‘yinini rejalashtirib qo‘yganmiz. O‘sha uchrashuvda ko‘p narsa hal bo‘ladi. Kimlarning qolishi va ketishini aniqlab olamiz. Shu bilan birinchi yig‘inni tugatamiz. Shundan so‘ng besh kunga Toshkentda shug‘ullanmoqchimiz. 22 yanvarda tibbiy ko‘rikdan o‘tamiz. O‘sha besh kunlik yig‘inimiz paytida bitta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazmoqchimiz. Aniqrog‘i, 24 yanvar kuni «Bunyodkor» bilan o‘ynaymiz. 25 yanvarda esa Farg‘onada to‘planamiz va yig‘inimizni o‘sha erda davom ettirmoqchimiz. Farg‘onada an’anaviy «Hokim Kubogi»da ishtirok etmoqchimiz.

- «Sherdor» va «Yangier»ga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida «Andijon» g‘alabalar qozondi. Ammo ushbu o‘yinlar jamoadagi kamchiliklarni ko‘rsatib bera olyaptimi?

- O‘rtoqlik bellashuvlari orqali futbolchilarni o‘zlariga keltirish, yangi o‘yinchilarning imkoniyatlarini tekshirib olish hamda qo‘llayotgan taktikamizga qanchalik mos tushishlarini ko‘rib olishdan iborat edi. Hozircha esa bizda tarkibning o‘zagi yo‘q.  

Xomyakov

- Chempionat 28 fevraldan start olishi belgilab qo‘yildi. Bungacha tarkibni shakllantirishga ulgura olasizmi? Umuman aytganda, mavsumning erta boshlanishiga siz qanday qaraysiz?

- Yashirmayman, yangi mavsumning barvaqt boshlanishi bizni ham biroz cho‘chitib turibdi. Lekin biz imkoni qadar ushbu muddatgacha jamoani tayyorlashga va yaxlit holatga keltirishga harakat qilyapmiz. Menimcha, jamoani o‘sha sanagacha shakllantira olamiz.

- Ayni paytda qo‘l ostingizda moldaviyalik hujumchi ham ko‘rikdan o‘tmoqda. Litvyakov  Moldaviyaning birinchi divizionida to‘purar bo‘lgan ekan. Nima deb o‘ylaysiz, u chempionatimiz saviyasiga mos tushadimi?

- Ha, u bizga Moldaviyaning birinchi ligasidan keldi. Ammo futbolchining statistikasiga qarasangiz qoniqarli ekanligini ko‘rishingiz mumkin. Hujumchi mavsum davomida 30 ta gol urdi. O‘rtoqlik uchrashuvlarida ham u gollar urmoqda. Hozircha uning harakatlari menga ma’qul kelyapti.

- Bundan chiqdi, Artyom Litvyakov bilan shartnoma imzolanadimi?

- Menimcha ham shunday bo‘lsa kerak. Hozir aytganimdek, uning o‘yini menga ma’qul kelyapti. Iloji boricha shartnoma tuzishga harakat qilamiz. Biroq birgina u bilan emas, tezroq boshqa o‘yinchilar bilan ham kelishuvlarga erishishimiz kerak. Shu yo‘sinda jamoa o‘zagini tezroq yaratishimiz lozim.

- Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra «Andijon»ga yana boshqa legionerlar ham kelishi kutilmoqda. Bu borada ishlar qanday olib borilyapti?

- Ha, yana boshqa legionerlarni ham olishimiz kerak. Ayniqsa, kuchsizroq ko‘rinayotgan chiziqlarimizga xorijlik futbolchilarning xizmatidan foydalanmoqchimiz. Lekin, avvalo bo‘sh chiziqlarni o‘zimizdagi futbolchilar bilan to‘ldirmoqchimiz. Agar ular bilan bu muammoni hal qila olmasak, unda albatta legionerlarni qo‘lga kiritishimizga to‘g‘ri keladi.

xomyakov2

- Tarkibni ko‘plab futbolchilar tark etishdi. Shunday ekan, jamoani yana boshqatdan shaklantirishingiz shart, ammo bu oson jarayon emas. Bundan chiqdi, klub yana Superligada qolish uchun kurashadimi?

- Nimaga bunday o‘ylayapsiz? Dabdurustdan bunday gapirish kerak emas. Chunki hali tarkibni to‘liq to‘play olganimiz yo‘q. Jamoamizning qanday tuzilishiga qarab keyin aytaman.

- Bundan tashqari, darvozabonlar masalasi ham bizningcha og‘riqli muammolardan biri bo‘lib turibdi. Chunki o‘tgan yilgi posbonlar – Vitaliy Mirniy, Ruslan Matniyozov va Akmal Ortiqov «Andijon»ni tark etishgan. Ko‘rinib turibdiki, jamoa yangi darvozabonlarga juda muhtoj…

- Darhaqiqat, biz darvozabon istayapmiz. 10 kun davomida bitta darvozabon bilan shug‘ullanishimizga to‘g‘ri keldi. Chunki bizda boshqa posbon yo‘q edi. Albatta, bu borada bir-ikkita nomzodlarimiz bor edi. Lekin ular boshqa klublarga ketib qolishdi. Masalan, bir darvozabon jamoamizning mashg‘ulotlarida shug‘ullanayotgandi. Uning kimligini aytmay qo‘ya qolay. Biz bilan 3-4 kun mashg‘ulotlarda qatnashganidan so‘ng unga boshqa klubdan taklif bo‘ldi va oldimga kirib, meni boshqa jamoa chaqiryapti deb ketib qoldi. Bu vaziyatda biz nima ham qila olardik. Ketishni xohlagan futbolchini qanday ushlab qolamiz?

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!