Alijonovning "Persepolis"ga transferi nega amalga oshmagani ma'lum bo‘ldi
"Persepolis" klubi bosh direktori Paymon Haddadi Persepolis TV orqali chiqish qilib, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi va "Paxtakor" futbolchisi Hojiakbar Alijonov transferi nima sababdan amalga oshmay qolganiga izoh berdi.
Oʻng qanot himoyasi uchun biz "Paxtakor" futbolchisi Hojiakbar Alijonov nomzodini koʻrib chiqdik. Muxlislar oldida ochiq boʻlishni istayman va muzokaralar jarayonini toʻliq tushuntirib beraman. Avvalo, "Paxtakor" klubiga rasmiy murojaat qildik. Ular futbolchi uchun 800 ming dollar talab qilishdi, biz esa 400 ming dollar taklif qildik. Janob Xalili Toshkent klubi sport direktori bilan bir necha bor uchrashdi va yakunda 600–650 ming dollar atrofida kelishuvga yaqinlashdik. Shundan soʻng futbolchi bilan 1,5 mavsumlik va yana 1 mavsumga uzaytirish sharti bilan shartnoma boʻyicha kelishib oldik.
Ammo muhim bir jihat bor. Biz kim bilandir muzokara olib borsak, oʻzini eronlik deb tanishtiradigan ayrim shaxslar kelishuvni buzishga urinadi. Ushbu holatda ular futbolchining oʻzigа, hatto onasiga ham mamlakatdagi vaziyatni yomon koʻrsatishga qaratilgan foto va videolar yuborishdi. Shuningdek, klubning moliyaviy holati haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatildi. Natijada futbolchi vakillari rozilik pulini toʻliq talab qila boshladi. Men hatto "Paxtakor" kuzatuv kengashi raisi bilan shaxsan gaplashdim, biroq baribir ikkilanishlar saqlanib qoldi.
Mening fikrimcha, "Paxtakor" futbolchining qiymatini yaxshi anglab yetdi va uni jahon chempionatidan keyin yanada yaxshiroq takliflar bilan sotishni rejalashtirmoqda. Shu sababli bu transfer amalga oshmasligi mumkin. Shunga qaramay, har bir pozitsiya uchun bizda uchtadan tasdiqlangan variant mavjud. Klub va mamlakat manfaatlariga zarar yetkazgan, hatto shantaj bilan shugʻullangan shaxslarga nisbatan esa huquqiy choralar koʻrilmoqda", — dedi Haddadi.
Fikrlar