Alireza Firouzja: "Shaxmatni yotib ham o‘ynasa bo‘ladi"
Frantsiyalik grossmeyster Alireza Firouzja sog‘lig‘idagi jiddiy muammolarga qaramay, Ruminiyada bo‘lib o‘tayotgan Grand Chess Tour turnirda ishtirokini davom ettirishga qaror qildi.
U o‘zining holati va turnirni tark etmaslik sabablari haqida shunday dedi:
"Menga baribir dam olish kerak. Xayriyatki, shaxmatni hatto karavotda yotib ham o‘ynash mumkin. Men o‘ynashda davom etmoqchiman, chunki oldinda hali beshta yaxshi partiya bor. Bular qiziqarli o‘yinlar bo‘ladi, men ulardan nimadir o‘rganishim aniq".
Firouzja shifokorlar ruxsati va tashkilotchilarning ko‘magi haqida ham to‘xtaldi:
"Shifokorga borganimizda, u agar sharoitlar mos kelsa, ya’ni men o‘yin davomida doimo oyog‘imni ko‘tarib, karavotda yotsam, o‘ynashim mumkinligini aytdi. Keyingi savol tashkilotchilar buni tashkil qila olishi va raqib o‘yinchilar bunga rozi bo‘lishi bilan bog‘liq edi. Hammasi ijobiy hal bo‘ldi. Shunday vaziyatda o‘yinlarni boy berish juda achinarli bo‘lardi"
Shuningdek, u Sindarovga qarshi o‘yini haqida ham o‘z fikrini bildirdi:
"Sindarov bilan o‘yin unchalik qoniqarli bo‘lmadi, lekin oxirida, pozitsiyam ancha yomon bo‘lishiga qaramay, endshpilda yaxshiroq o‘ynashga muvaffaq bo‘ldim. Avvaliga yaxshi o‘ynamagan bo‘lsam-da, endshpil qanday o‘tganidan mamnunman", - dedi sportchi.

Fikrlar