
Alisher Jalilov: "Mirjalol Qosimov bilan suhbatimiz mening O‘zbekistonga kelishimda muhim rol o‘ynadi"
Kuni kecha AGMK klubi tojikistonlik futbolchi Alisher Jalilovning transferini e’lon qildi.
Oldindan ushbu o‘yinchini bilardik va o‘yinlarini ham kuzatganmiz. Bir so‘z bilan aytganda, yaxshi futbolchi. Ayniqsa, Tojikiston milliy terma jamoasi va “Istiqlol” klubida haqiqiy etakchilikni qo‘lga olgan. Shuning uchun u o‘z mamlakatida nomdor futbolchilardan biri.
Bu yil 29 yoshni qarshilaydigan pleymeyker faoliyati mobaynida Rossiya klublarida o‘ynagan. Jumladan, “Rubin”, “Nefteximik”, “Baltika” kabi jamoalar uchun maydonga tushgan. 2019 yilda esa yurtiga qaytdi va “Istiqlol”ga qo‘shildi.
Endi bemalol aytish mumkinki, AGMK Alisher Jalilovning faoliyatida yangi sahifa ochdi. Tojikistonlik legioner rasman AGMK a’zosiga aylanganidan keyin ilk intervyusini Sports.uz saytiga berdi.
- Alisher, sizni AGMK klubi bilan kelishuvga erishganingiz bilan tabriklaymiz. Sizni klubga kim taklif qildi? Umuman aytganda, bu jamoaga o‘tishingizning asosiy sababi nimada?
- Tabrigingiz uchun rahmat. Meni AGMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov hamda Bahodir Mirzaev klubga taklif qildi. Ular mening shu jamoada o‘ynashimni xohlashdi.
- Ayting-chi, “Istiqlol” klubini tark etishni rejalashtirib yurganmidingiz yoki barchasi to‘satdan yuz berdimi?
- Yo‘q, rostini aytsam, “Istiqlol”dan ketaman, deb sira o‘ylamagandim. Qolaversa, jamoa bilan yangi mavsumga hozirlik ko‘rish uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rayotgandim. Bu jamoaga ko‘chib o‘taman yoki o‘tmayman deb o‘yladim. Lekin muzokaralar ancha tez davom etdi va yakuniy qaror qabul qilishimga to‘g‘ri keldi.
- Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, AGMK klubi sizni ilgari ham taklif qilgan. O‘sha paytda nega rozi bo‘lmagandingiz?
- “Istiqlol” tarkibiga kelib qo‘shilganimdan so‘ng, klubni tark etmayman, degan fikr xayolimga o‘rnashib qolgandi. Ayniqsa, jamoa Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritganidan keyin bu boradagi fikrim tobora qat’iylashib borardi. Klubning OChLdagi natijasi qanday bo‘larkin, degan fikr xayolimni chulg‘ab olgandi. O‘zingiz ko‘rdingiz, “Istiqlol” OChLda ancha yaxshi ishtirok etdi. To‘g‘risi, buni o‘zimiz ham kutmagandik.
- Mirjalol Qosimov bilan gaplashdingiz. U bilan ilk suhbat qanday o‘tdi?
- Muzokaralarning eng muhim qismi sifatida bosh murabbiy bilan yuzma-yuz gaplashganimizni ayta olaman. Aynan shu hol yakuniy qarorga kelishimda muhim rol o‘ynadi. Bosh murabbiy bilan jamoadagi mavqeim qanday bo‘lishi mumkinligini bafurja gaplashib oldim. Yuqorida aytganimdek, AGMK ustozi bilan o‘zaro suhbatimiz mening O‘zbekistonga kelishimda muhim rol o‘ynadi.
- Tojikiston chempionatini tark etishingiz o‘ylashimcha, yurtingizda yaxshigina shov-shuvga sabab bo‘ldi. Buning uchun nima degan bo‘lardingiz?
- Ochig‘ini aytsam, O‘zbekistonga ko‘chib o‘tish haqidagi qarorni qabul qilishim oson kechgani yo‘q. Ammo men yangi chaqiriqlarni qabul qilishni va musobaqalashishni yaxshi ko‘radigan insonman. O‘ylaymanki, mahalliy ishqibozlarimiz mening qarorimni to‘g‘ri qabul qilishadi va futbolchilik faoliyatimdagi yangi bosqich muvaffaqiyatli chiqishini kutib qoladilar. Albatta, vaqti-vaqti bilan ona vatanimga borib turaman. Axir men milliy terma jamoada ham yurt sharafini himoya qilib kelyapman. Chunki milliy terma jamoa safida to‘p surish men uchun ulkan sharaf. Terma tarkibiga kelib qo‘shilganimdan keyin bor kuchim bilan o‘ynashga harakat qilaman. Bundan keyin ham shu ruhda davom etishni xohlayman.
- Hamyurtingiz Exsoni Panshanbe ham chempionatimizga kelib o‘zidan yaxshi taassurot qoldiryapti. Shunga yarasha uning o‘z muxlislari bor. AGMK ishqibozlariga nimani va’da bera olasiz?
- Har bir uchrashuvda maksimal kuch bilan to‘p surgan holda jamoaning natijasi ijobiy ko‘rinish hosil qilishiga intilaman. Klub tarkibida 100 emas, balki 200 foiz kuch bilan harakat qilib, ishqibozlarimizning ishonchini oqlashga va ularni yaxshi natijalar bilan quvontirishga va’da beraman.
- Alisher, oldingizda yana qanday takliflar bor edi?
- Menda takliflar ko‘p bo‘ldi. Ammo shunday odammanki, shartnomani havola qilishgandan so‘nggina bu masalada bir narsa deyishim mumkin. Qo‘shimcha qilishim kerakki, quruq va’dalarga uchmayman, garchi o‘sha va’dalar har qanday kishining boshini aylantirib qo‘yadigan taqdirda ham.
- Siz xuddi Tojikistonning Odil Ahmedovi kabisiz. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Odil Ahmedov futbolchilik faoliyati davomida juda ko‘p narsalarga erishgan. Men esa endi yo‘lning boshida turibman. Boz ustiga o‘zimni o‘zbek futbolining afsonalaridan biriga qiyoslashlarini istamagan bo‘lardim. Yuqorida ilova qilib o‘tganimdek, hali menda hammasi oldinda. Umid qilamanki, o‘yinchilik faoliyatim davomida Odil Ahmedov kabi yuqori natijalarga erisha olaman. Omadim bor ekan, Odil Ahmedov bilan maydonda ikki bor ro‘baro kelishimga to‘g‘ri kelgan. U juda ham ajoyib to‘p surgan. Chindan ham Ahmedov o‘zbek futbolining afsonalaridan biridir.
Fikrlar