Amerikada engilmas bokschimizdan o‘zbekcha nokaut!
Otabek Xolmatov – kelajagi yorqin professional bokschilar hisoblanadi. Mashg‘ulotlarini AQShning Gollivud shahrida olib borayotgan sirdaryolik charm qo‘lqop ustasi professional faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q.
Otabek kuni kecha AQShning Tampa shahridagi “Convention Center” arenasida to‘rtinchi professional jangini o‘tkazdi.
Jang tashkilotchilari yosh bokschimizga bu gal tajribali raqibni ro‘baro‘ qilishdi. Dominikan Respublikasi vakili Xuan Gabriel Medina o‘ta kuchli zarbaga ega bokschi hisoblanadi. Professional ringdagi yurishini 2013 yilda boshlagan Medina o‘zi g‘alaba qozongan 12ta jangdan 11 tasida raqiblarini nokaut bilan mag‘lub etgan. Qabul qilib olgan sakkizta mag‘lubiyati asosan katta natijalarni qayd etayotgan kuchli bokschilar bilan to‘qnashuvlarda yuz bergan.
Xuan Gabriel Medina o‘z faoliyati davomida jahon chempionligiga da’vogar puerto-rikolik nokautchi Makuilyams Arroyo, ikki yo‘nalishda jahon chempionlik kamariga egalik qilgan amerikalik Roshi Vorren, kuchli zarba egasi Darren Kaningem kabi raqiblarga qarshi ringga ko‘tarilgan.
Otabek Xolmatov ana shunday jiddiy raqibga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvning dastlabki raundidan hujumkor taktika tanladi. Ikkinchi raundga kelib, Medina o‘zbek yigitining kuchli zarbasini o‘tkazib yubordi va ringga quladi. Shu tariqa, Otabek qisqa vaqtda sof nokaut bilan g‘azaba qozondi.
Aytish joizki, o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchisi AQShning “Warriors Boxing Promotions LLC” kompaniyasi bilan shartnoma imzolaganidan keyin professional janglarda 13 avgustdan beri qatnashib kelmoqda. Mazkur kompaniya bilan Kozimbek Mardonov va Fazliddin Meliboev kabi bokschilarimiz ham hamkorlik qilmoqda.
Otabek bungacha uchta jang o‘tkazgan edi. Kuchli zarba sohibi bo‘lgan hamyurtimiz AQShdagi dabyut jangida mezbon bokschi Marsello Uilyamsga qarshi o‘tkazib, raqibini sof nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratdi va ilk g‘alabasini tantana qildi.
27 avgust kuni o‘zbek bokschisi ikkinchi uchrashuvda Dominikan Respublikasi vakili Karlos Ovandoga qarshi ringga chiqdi. Keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan bahsda Otabek raqibini texnik nokautga uchratib, bellashuvni muddatidan oldin yakunladi.
Nihoyat, Amerikadagi ketma-ket ikki g‘alabadan so‘ng bokschimiz uchinchi jangini o‘tkazish uchun Kolumbiyaga yo‘l oldi. 10 sentyabrda o‘tkazilgan navbatdagi reyting jangida ham katta ustunligini namoyish qilgan Xolmatov mezbon bokschi Roberto Lopesni chuqur nokautga turshirdi.
Otabek Xolmatov ikki yo‘nalish – WBA va IBF bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Murodjon Ahmadaliev bilan bir xil – 55,3 kilogrammgacha vazn toifasida jang qiladi. O‘zbekiston reytingida ham Otabek Murodjondan keyin ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi.
Umuman olganda, bu vaznda professional ringda to‘rt nafar bokschimiz ishtirok etmoqda va eng ahamiyatlisi, ularning bari mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. Murodjon Ahmadaliev 9 ta g‘alaba (7 ta nokaut) ega bo‘lsa, Otabek Xolmatov yuz foizli natija bilan to‘rtta, Islom Pirmanov uchta va havaskorlar o‘rtasidagi jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov bitta nokaut qayd etgan.
Jahon bo‘yicha bu vaznning umumiy reytingida amerikalik Brandon Figueroa etakchilik qilmoqda. Murodjon Ahmadaliev esa bu vazndagi dunyo bokschilar orasida kuchli ettilikdan joy olgan.
Darhaqiqat, Murodjon Ahmadaliev 19 noyabr kuni AQShda mezbonlar vakili Ronni Riosga qarshi bo‘ladigan jangda o‘ziga tegishli chempionlik kamarlarini himoya qiladi.
Fikrlar