Ana xolos: 526 kunlik tanaffusdan so‘ng maydonga tushgan futbolchining qadami qutlug‘ keldi
Jamoa birinchi g‘alabasini nishonladi
«Tottenxem» jamoasining hujumkor yarimhimoyachisi Deyan Kulushevski deyarli bir yarim yillik tanaffusdan so‘ng yana maydonga qaytdi.
«Shporlar» bosh murabbiyi Roberto de Dzerbi 26 yoshli shved futbolchisini Angliya premer-ligasidagi bugungi «Koventri»ga qarshi uy uchrashuvining 87-daqiqasida o‘yinga qo‘shdi.
Kulushevski uchun bu 526 kunlik tanaffusdan keyingi ilk rasmiy o‘yin bo‘ldi – u oxirgi marta 2025 yil 11 may kuni maydonga tushgan edi. Futbolchi jiddiy tizza jarohati sabab jarrohlik amaliyotini boshdan kechirib, uzoq vaqt davolandi.
Kulushevski maydonga tushgan paytda hisob «Tottenxem» foydasiga 2:1 edi. Uchrashuvning 6-qo‘shimcha daqiqasida londonliklar yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etishdi va g‘alabani mustahkamlashdi – uchinchi gol muallifi Ben Devis bo‘ldi.

Izohlar (0)