Anchelotti g‘alaba haqida: "O‘z darajamizni ko‘rsata olmadik"
Ispaniya Superkubogi yarim final bosqichi doirasidagi "Real" - "Valensiya" uchrashuvida madridliklar penaltilar seriyasida g‘alabani ilib ketdi, 4:3.
O‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida "qaymoqranglilar" bosh murabbiyi Karlo Anchelotti quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.
"Bu og‘ir va mashaqqatli bahs bo‘ldi. Ular gol urganidan so‘ng barchasi murakkablashdi. Ammo bu bizning o‘ziga xos jihatimiz: "Oxirigacha olg‘a, "Real!" Biz finaldamiz, g‘alaba qozonishga imkoniyatimiz etarli.
Birinchi bo‘limda o‘yinni nazorat qildik, ikkinchi taymda esa saviya tushib ketdi. Vaziyat yaratishga qiynaldik, ekstra-taymlarda gol urishimiz ham mumkin edi. Ko‘rinib turibdiki, o‘z darajamizni ko‘rsata olmadik, biroq natijaga erishdik.
Bizga biroz tetiklik etishmadi, yaqindagina tanaffusdan qaytdik. Hali o‘z ustimizda ishlashimiz lozim. Jamoa parchalanib ketmagani menga juda yoqdi",-deya italiyalik mutaxassis o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Fikrlar