"Andijon" Draksler va "Al-Ahli"ga qanday qarshilik ko‘rsatdi?

  • 02.10.2025 00:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Osiyo Chempionlar ligasi 2 “V” guruhining ikkinchi turida “Andijon" “Bobur arena”da Qatarning “Al-Ahli” jamoasini qabul qildi. Bu o‘ziga xos tarixiy uchrashuv bo‘lib, ilk bor “Bobur arena” OChL o‘yiniga mezbonlik qildi. Ko‘pchilik esa “Al-Ahli”ni guruh favoriti sifatida ham e’tirof etishmoqda.

Tecno

Tarkibida Yulian Draksler singari jahon chempioniga ega bo‘lgan “Al-Ahli” safida chindan ham nomdor va tajribali o‘yinchilar jamlangandi. Shunga qaramay, “Andijon” ushbu raqibga qarshi munosib kurash olib bordi va maydonning har bir qarich eri uchun jang qildilar.

O‘yin uchun tashkiliy masalalar ham yuqori darajada bo‘ldi. “Andijon” muxlislari esa stadionda betakror muhitni yaratdilar. “Andijon” futbolchilari nafaqat klub, balki vatan sharafini xalqaro maydonda himoya qilayotganligi sababli jamoa a’zolaridagi mas’uliyat yuqori edi. Buni har bir o‘yinchi chuqur his qilgan holda maydonda to‘p surdi.

“Andijon” o‘yin davomida to‘p nazoratini o‘zida saqlashga uringan “Al-Ahli”ni qarshi hujumlarda “ushlash”ga harakat qildi. Qolaversa, pressing orqali raqibni xato qilishga majbur qilgan holatlari ham bo‘ldi.  Masalan, shunday vaziyatlardan birida Doniyor Abdumannopov raqibning xatosidan foydalanib qolishi mumkin edi. Ammo jarima maydoni atrofidan yo‘llagan zarbasini darvozabon bartaraf qildi. Usmonali Ismonaliev ham “Al-Ahli” darvozasini ishg‘ol qilishga yaqin kelgandi.

Uchrashuv davomida futbolchilar ehtiyotkorlikni unutganlari yo‘q. Shu bois “Andijon” himoyada ancha mustahkam o‘yin ko‘rsatdi. Qolaversa, darvozabon Erjan Tokotaev o‘z darajasida bo‘ldi va seyvlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Qatarliklarning hujumlarini bartaraf etishda Tokotaev ham faol bo‘ldi va u uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisiga aylandi. Draksler zaxiradan maydonga tushganidan keyin “Al-Ahli”ning hujumlari yanada xavfli tus oldi. Biroq “Andijon” futbolchilari sovuqqonlik bilan o‘ynab, raqib a’zolariga o‘zlarini to‘liq ko‘rsatishga imkon bermadilar. Uchrashuv davomida Shatskix shogirdlari vaziyat bo‘ldi deguncha gol urish payida bo‘ldilar. Biroq o‘yinda hech bir jamoaga gol urish nasib qilmadi. Natijada ikkala jamoa bir ochkodan bo‘lishib oldilar.

Qizig‘i, ikkalasi ham ilk turda 0:0 hisobini qayd etishgandi. “Andijon” OChL 2 da ikkita bahsdan keyin ikki ochko jamg‘ardi. Endi “Burgutlar” 22 oktbyar kuni “Bobur arena”da Bahraynning “Al-Xaldiya” klubini qabul qiladi. Superliga doirasida esa "Burgutlar" 5 oktyabr kuni vodiy derbisi doirasida Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi bahs olib boradi. “Burgutlar” “Al-Ahli” bilan uchrashuvni unutib, darhol vodiy derbisiga tayyorgarlikni boshladilar.

“Andijon” (O‘zbekiston) - “Al-Ahli” (Qatar) - 0:0.

1 oktyabr. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 12850 tomoshabin.

Hakamlar: Daniel Jon Elder, Endryu Meymarakis, Bredli Jon Uayt (barchasi - Avstraliya).

Zaxira hakami: Jin Jingyun (Xitoy).

Nazoratchi: Najah Raham Rashid Alxamadax (Iroq)

Komissar: Kemel Tokobaev (Qirg‘iz Respublikasi)

“Andijon”: Erjan Tokotaev, Sunnatilloh Hamidjonov, Kristian Novak, Shaxzod Azmiddinov, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Saidumarxon Saidnurullaev (Muhammadyusuf Mirqodirov, 90+1), Damir Temirov (Abdurahmon Abdullaev, 88), Usmonali Ismonaliev (Shoxjahon Yorqinboev, 90+1), Doniyor Abdumannopov (Bektemir Abdumannonov, 77), Ismoil Akinade.

“Al-Ahli”: Marvan Sherif Badreldin, Matey Mitrovich, Robin Tixi, Amidu Dumbiya, Ibrohim Diallo (Xaled Muhammad Solih, 90+4), Dris Fettouxi, Michel Vlap, Suxaib Gannam, Sekou Yansane (Yulian Draksler, 64), Erik Ernandes, Xalal Muhammad (Axmed Riyod Fadlelmula, 87).

Ogohlantirish: Doniyor Abdumannopov, 10.

O‘yinning eng yaxshi futbolchisi: Erjan Tokotaev.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!