"Andijon" rahbariyati muxlislar bilan uchrashdi. Unda qanday masalalar ko‘tarildi?

  • 26 may, 2023, 01:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Oldin xabar berib o‘tganimizdek, “Andijon” rahbariyati bilan muxlislar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bekzod Karimov, “Andijon” futbol klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev va jamoaning personal xodimlari ishtirok etdilar.

Ma’lumki, O‘zbekiston bo‘yicha eng ashaddiy va jonkuyar ishqibozlar aynan “Andijon” fanatlari hisoblanadi. Ayniqsa, o‘yin davomida jamoani qo‘llab-quvvatlashda ularning ijodkorligi, muxlislik darajasi juda baland. Shuning uchun ular nafaqat o‘yinda, balki o‘yindan tashqari holatda ham jamoani qo‘llab-quvvatlab, hamma vaqt “Andijon” uchun qayg‘urib kelishadi.

Klub rahbariyati bilan muxlislar o‘rtasida uchrashuv tashkil etilishi ham bejiz emas. “Bobur Arena”dagi muloqot ochiq va shaffoflik ruhi asosida o‘tkazildi va unda ishqibozlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga tegishli javoblarni oldilar. Shuningdek, mazkur uchrashuv samimiy va do‘stona aloqalarga asoslangan holda bo‘lib o‘tdi. O‘tgan vaqt davomida jonkuyar ishqibozlarni qiziqtirayotgan va javob izlayotgan savollari yig‘ilib qolganligi uchun ham mazkur uchrashuv uyushtirildi.

Masalan, bu yil taklif qilingan albaniyalik hujumchi Rubin Xebay o‘z gollari va o‘yinlari bilan qanday darajadagi futbolchi ekanligini ko‘rsatyapti va muxlislarning mehrini qozonishga ulgurdi. To‘purarlar orasida borayotgani sababli oxirgi paytlarda Xebayga Superliganing boshqa klublari qiziqish bilan qarayotgani to‘g‘risida gap-so‘zlar tarqaldi. Ishqibozlar esa bu borada ancha xavotirga tushib qolishgani sababli klub bosh direktoridan albaniyalik legioner masalasida savol bilan murojaat qildilar. Ulug‘bek Mirzaev Xebayni “Andijon” bilan amalda 2 yillik shartnomasi borligini va boshqa klubga ketish haqida gap-so‘z yo‘qligini aytdi. Qolaversa, Xebayga vaqti kelib xorij klublaridan yaxshi taklif bo‘ladigan bo‘lsa, ana shunda “Andijon” klubi manfaatidan kelib chiqib, chetga transfer qilingan holda undan daromad topish uchungina xorijga sotilishi mumkinligi ham qo‘shimcha qilib o‘tildi. Ayni paytda albaniyalik legionerning o‘zi ham “Andijon”ga moslashib olganini va bu erdagi faoliyatidan mamnunligini yashirmayapti. Shunday ekan, Xebay masalasida ortiqcha gap-so‘zga hojat yo‘q.

Bundan tashqari, moliyaviy masalalar bo‘yicha ham savollar bo‘ldi. Hozirda aksariyat klublarda bu kabi qiyinchiliklar yo‘q emas. “Andijon”da ham bu borada o‘ziga yarasha muammolar bor. Lekin bu vaqtinchalik holat. Negaki, yaqinda klubga “O‘zavtosanoat” AJ bosh homiy sifatida biriktirilgan va tez orada rasman moliyalashtirish boshlanadi. Bu xususida klub bosh direktori muxlislarga ma’lum qildi. Mavjud qarzdorlik esa shubhasiz bartaraf etiladi.

Umuman olganda, uchrashuvda juda ko‘plab muxlislar qatnashishdi hamda barchaga muhim bo‘lgan, dolzarb masalalarga oydinlik kiritildi.

“Andijon” klubi har doim muxlislar uchun, ularni o‘z g‘alabalari bilan xursand qilish maqsadida o‘ynaydi. Shuning uchun ham klub va muxlislar o‘rtasida birdamlik, hamjihatlik rishtalari o‘rnatilgan. Kelgusida yana shunday uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.

“Andijon” matbuot xizmati.     

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
26/05/2023 04:54
Андижон ва Рубен Х эбай яшасин. Олга Андижон галабалар сари