
"Andijon"ni kuzatyapman, ular ajoyib natijalarga erisha olishiga ishonaman" - Rubin Xebay Saudiyadagi faoliyati va sobiq klubi haqida
O‘zbek muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan albaniyalik hujumchi Rubin Xebayning Saudiya Arabistonidagi faoliyatini kuzatib borayotganlar yo‘q emas. “Andijon”dagi yorqin mavsumidan keyin u Saudiyaning “Al-Oruba” klubida o‘zini qanday his qilyapti? Tajribali hujumchi bu borada Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Rubin, Saudiya Arabistonidagi ishlaringiz qanday? Siz u erga moslashib bo‘ldingizmi yoki hali bu jarayon davom etyaptimi?
- O‘zimni yaxshi his qilyapman va ancha moslashib oldim. Oxirigacha Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurashamiz.
- Umuman, Saudiya chempionatida baxtlimisiz?
- Ha, bu erdagi sharoitlar va qulayliklar bilan o‘zimni ancha baxtli his qilmoqdaman.
- Sobiq jamoangiz – “Andijon”ning o‘yinlari hamda natijalarini kuzatib boryapsizmi?
- Albatta, men natijalarni kuzatib boryapman va ularning ishlari yaxshi ketayotganidan xursandman. Umid qilamanki, jamoa shu tempda davom etadi.
- “Andijon” Superligada 5 ta turdan keyin peshqadam bo‘lib turibdi. Bunday startni kutganmidingiz?
- Aytib o‘tganimdek, juda xursandman. Ular jamoa sifatida ajoyib natijalarga erisha olishlariga ishonaman.
- Sizga Saudiya Arabistonida etishmayotgan jihat – bu muxlislar bilan bog‘liq emasmi? Chunki u erdagi o‘yinlaringizni kuzatganimizda stadionlarda tomoshabinlar sezilarli darajada ozchilikni tashkil qilayotganini ko‘ryapmiz.
- Ha, birinchi divizionda u qadar muxlislar ko‘p emas. Ammo futbol sifati va tezligi ancha yuqori.
- Hozircha u erda 3 ta gol urdingiz. To‘purar bo‘lish uchun imkoniyat bormi?
- Men birinchi davra yakunlangach, jamoaga kelib qo‘shildim. O‘ylaymanki, to‘purarlik poygasida peshqadam bo‘lib olishga ulgurmayman. Lekin har bir gol kvalifikatsiya uchun kurashishimizda katta ahamiyatga ega hamda jamoamga qo‘limdan kelganicha yordam beraman.
- Yana O‘zbekistonga qaytish imkoniyati bo‘lsa, bundan foydalanarmidingiz?
- Bu erda shartnomam bor, lekin hayotda nimalar bo‘lishini bilolmaysiz.
- Darvoqe, Saudiya Arabistonida yulduz futbolchilar ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rish uchun stadionlarga tushyapsizmi?
- Yo‘q, bunga vaqtim bo‘lmadi. Chunki ulardan ancha uzoqdamiz va kunda-kunora boshqa shaharlarga uchishimizga to‘g‘ri keladi.
- Shuningdek, “Al-Oruba”da 98-raqamda to‘p suryapsiz. Sizga 99 ni berishmadimi?
- Men liga boshlanib bo‘lgach keldim. 9- hamda 99-raqamlar allaqachon band qilingandi. Shuning uchun o‘zim tug‘ilgan yilni tanlashga qaror qildim.
- Rubin, “Andijon” va uning muxlislarini sog‘indingizmi?
- Albatta, men muxlislarni doim sog‘inaman. Shu imkoniyatdan foydalanib, ularga eng yaxshi tilaklarimni bildiraman. Ular bilan faoliyatimdagi eng katta mamnunlik hissini tuyganman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar