"Andijon"ning navbatdagi raqibi o‘z mamlakatining 11 karra chempioni!
Antaliya yig‘ini doirasida tashkil etilayotgan o‘rtoqlik o‘yinlarining navbatdagisiga ham etib keldik. Bu safar "Andijon" klubi o‘zining Turkiyadagi uchinchi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
"Burgutlar" Makedoniyaning eng mashhur klublaridan biri — "Vardar"ga qarshi maydonga chiqadi. Bu jamoa o‘zining boy tarixi va kurashchan o‘yini bilan ajralib turadi. Biz uchun bu o‘yin tayyorgarlik darajamizni sinash va jamoaviy o‘yinni yanada mustahkamlash uchun muhim imkoniyat bo‘ladi.
"Vardar" Makedoniyaning 11 karra chempioni hisoblanadi. Bu borada “Vardar” o‘z mamlakatida yagona. Yana 6 karra mamlakat Kubogini ham qo‘lga kiritgan.
Skopyening “Vardar” klubiga 1947 yilning 22 iyul kuni asos solingan. Jamoni 51 yoshli Gotse Sedloski boshqarib bormoqda. U 2024 yilning noyabr oyidan beri klubga ustozlik qilmoqda.
Ayni paytda Makedoniya chempionatida 12 ta jamoa ishtirok etadi. Birinchi davradan keyin “Vardar” 42 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Shuningdek, bu klub evrokuboklarda ham qatnashib keladi.
“Andijon” jamoasining “Vardar”ga qarshi bellashuvi 20 yanvar sanasida Toshkent vaqti bilan soat 18:30 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bunga qadar andijonliklar ikkita o‘yinda qatnashishdi. Ilk uchrashuvda Turkiyaning "Siverek Belediyespor" klubi 3:0 hisobida taslim etilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda Vengriyaning "Vashash" jamoasi 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Fikrlar