Angliya chempioni Fayzullaevga narx belgiladi
Futbolchilik davrida “Manchester Yunayted” jamoasi safida ikki marta Angliya chempionligi, “Reynjers” tarkibida ham ikki marotaba Shotlandiya chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan rossiyalik Andrey Kanchelskis ayni paytda tajribali mutaxassis sifatida futbolga oid vaziyatlarni tahlil qilib kelmoqda.
Bosh murabbiy sifatida ikki marta “Navbahor”ni boshlagan Andrey Kanchelskis o‘zbek futbolini yaqindan biladi. Shu bois, Rossiya futbolidagi mutaxassislar, murabbiylar, jurnalistlar o‘zbekistonliklar haqida gap ketganida aynan unga ko‘p murojaat qilishadi.
Kanchelskis metaratings.ru saytiga bergan intervyusida Rossiya Premer-ligasining birinchi davrasida eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan ikki futbolchi nomini tilga oldi. Ulardan biri – Abbosbek Fayzullaev.
- Rossiya Premer-ligasining birinchi davrasida kim meni hayratga soldi? “Dinamo”dagi Konstantin Tyukavin yaxshi o‘ynadi. Abbosbek Fayzullaev keldi va TsSKAda yaxshi o‘yin namoyish qilmoqda. Iakror bo‘la ham aytaman, men uni “Lokomotiv”ga tavsiya qilgandim. Eplay olishmadi, bu ularning muammosi.
Shunlay qilib, faqat mana shu ikki o‘yinchini ajratib ko‘rsata olaman. Eng muhimi, ular chempionatning ikkinchi yarmida ham, kelasi mavsum ham shunday faol o‘yin ko‘rsatishi kerak.
Abbosbek Fayzullaev alohida tilga olish shart. U yaxshi darajadagi o‘yinchi. Barqaror o‘ynayapti va mahorat ko‘rsatyapti.
Agar Fayzullaevni qishda transfer qilmoqchi bo‘lganlar chiqsa, TsSKA uni qanchaga sotib yuborishi kerakligini bilmayman. “Armiyachilar” uni imkon qadar qimmatroq – 10 million evrodan baland narxga transfer qilib, pul ishlab olishi tarafdoriman.
Abbos bu summaga loyiqmi? Hozir jahon futbolida bu muhim emas. O‘yinchilarga 100 millionlab sarflanyapti. Shundan kelib chiqib, Fayzullaev uchun 3-5 million evrodan ortig‘i yaxshi narx hisoblanadi.
Bu orqali TsSKA pul ishlab oladi, Fayzullaev esa, yangi bosqich va yanada yuqori darajaga ko‘tariladi, – dedi Andrey Kanchelskis.
“Paxtakor” tabiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullaev avgust oyining boshida TsSKAga transfer qilingan edi. Toshkent klubi bu transfer uchun 500 ming evro badal puli oldi.
20 yoshli hujumkor futbolchi qisqa vaqt ichida o‘z salohiyatini namoyish qila oldi. Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogida jami o‘n to‘rt marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini bir marta ishg‘ol qildi hamda jamoadoshlariga oltita golli pas uzatdi.
Fayzullaev samarali o‘yini tufayli TsSKAning sentyabr va oktyabr oylaridagi eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi. Yana uchta uchrashuvda eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldi.
Rossiya futbolining aksariyati vakillari o‘zbek legionerini chempionatning birinchi davrasida asosiy kashfiyot bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Shomurodov qaysi terma jamoalarga nechta gol urgan?
Fayzullaev braziliyaliklarni hayratga soldi
Fikrlar