Angliya futbolida josuslik mojarosi avj oldi

  • 08.05.2026 17:34
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Chempionship pley-off bosqichi oldidan josuslik bilan bog‘liq mojaro kelib chiqdi va hozirda bu holatni Futbol Ligasi tergov qilmoqda.

Yaqin shanba kuni “Midslbro” o‘z maydonida Chempionship pley-off yarim finalining birinchi uchrashuvida “Sautgempton”ni qabul qiladi, keyingi seshanba esa jamoalar javob bahsini o‘tkazadi.

Chempionship pley-offi g‘olibi Premier-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi, bu muvaffaqiyat esa klubga taxminan 200 million funt miqdorida mablag‘ keltiradi. Shu qadar katta mablag‘ o‘rtaga tikilganda, klublar raqibdan ustunlikka erishish uchun har qanday yo‘lga tayyor ekani namoyon bo‘ldi.

The Athletic nashrining xabar berishicha, “Midslbro”ning Rokliff-park bazasida bir erkak ularning mashg‘ulotini yashirincha tasvirga olayotgani aniqlandi. Taxmin qilinishicha, bu shaxs “Sautgempton” murabbiylar shtabi a’zosi hisoblanadi.

“Midslbro” xodimi ushbu erkak bilan to‘qnashuvga kirishgan, ammo u qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik “Midslbro” klubi Futbol Ligasiга rasmiy shikoyat yuborib, “Sautgempton”ni josuslikda aybladi va kuzatuv kameralari yozuvlarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Shunga o‘xshash holat 2019 yilda ham sodir bo‘lgan, o‘shanda “Lids”ni boshqargan Marselo Byelsa o‘z yordamchisini “Derbi” klubi mashg‘ulotlarini kuzatish uchun yuborgan edi.

O‘shanda Futbol Ligasi “Lids”ni 200 ming funt jarimaga tortgan va klublarga o‘yindan 72 soat oldin raqib mashg‘ulotlarini kuzatishni taqiqlovchi qoida joriy etgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!