Angliya superklubi tezkor himoyachini ushlab qola olmayapti
Londonning “Tottenxem” klubi Niderlandiya terma jamoasi markaziy himoyachisi Mikki van de Ven bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Fichajes ma’lumotiga ko‘ra, klub asosiy futbolchilaridan birini saqlab qolish uchun u bilan uzoq muddatli shartnoma imzolashni maqsad qilgan. Biroq muzokaralar amalda to‘xtab qoldi. “Shporlar” rahbariyati hozircha futbolchini yangi kelishuvga ko‘ndira olmayapti.
Angliya Premyer-ligasining eng tezkor himoyachilaridan hisoblangan 24 yoshli Mikki van de Venning klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yozigacha davom etishi belgilangan. Ammo tomonlar shartlarni yaxshilash bo‘yicha hali bir to‘xtamga kela olmadi.
Muzokaralar sekinlashuviga klubning turnir jadvalidagi og‘ir ahvoli sabab bo‘layotgani aytilmoqda. Van de Ven jamoada barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan kam sonli futbolchilardan biri hisoblanadi. Biroq APLda 16-o‘rinda turgan “Tottenxem” natijalari muzokaralarga ta’sir qilgan.
Shuningdek, niderlandiyalik himoyachiga “Liverpul” va “Real” kabi yirik klublar qiziqish bildirayotgani ham londonliklar uchun futbolchini saqlab qolishni yanada qiyinlashtirmoqda.
Shunga qaramay, “Tottenxem” rahbariyati yozda muzokaralarni qayta boshlashga umid qilmoqda va futbolchini jamoa kelajagining muhim qismi, deb hisoblaydi.
Fikrlar