Angliyaning oʻrtoqlik oʻyinida Madueke jarohat oldi

  • 28.03.2026 15:16
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

Angliya terma jamoasi a’zosi Noni Madueke Uembilda Urugvayga qarshi o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida 37-daqiqada maydonni tark etdi.

"Arsenal" vingeri Rodrigo Agirre bilan to‘qnashuvdan so‘ng dastlab o‘yinni davom ettirishga harakat qildi. Biroq oradan uch daqiqa o‘tib yana yerga o‘tirib qoldi va uning o‘rniga Jarrod Bouen maydonga tushirildi.

Eslatib o‘tish joiz, bu hafta boshidayoq bir qator futbolchilar — Gabriyel (Braziliya), Vilyam Saliba (Fransiya), Eberechi Eze (Angliya) va Leandro Trossard (Belgiya) turli sabablarga ko‘ra, terma jamoalari yig‘inlarini tark etgan edi.

Uemblidan xabar bergan jurnalist Piter Smitning ta’kidlashicha, bu holat Madueke uchun Jahon chempionati oldidan o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga jiddiy zarba bo‘ldi. Shuningdek, bu "Arsenal" uchun ham noxush xabar bo‘lishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, futbolchi maydonni tark etayotganda bosh murabbiy Tomas Tuxel bilan qisqa muloqot qildi va chap tizzasini ko‘rsatdi. Biroq uning aniq qanday jarohat olgani hozircha noma’lum.

Bu haftada "Arsenal"ning bir nechta futbolchilari jarohat sababli terma jamoalardan qaytgani hisobga olinsa, jamoa bosh murabbiyi Mikel Arteta Maduekening holati bo‘yicha ijobiy yangilik kutayotgani aniq.

Londondiklar navbatdagi uchrashuvini 4 aprel kuni Angliya Kubogida "Sautgempton"ga qarshi o‘tkazadi. Shundan so‘ng 7 aprel kuni Chempionlar ligasi chorak finali birinchi o‘yinida "Sporting"ga qarshi maydonga tushadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!