Anvar Berdiev: "Nasaf"da boshqa maqsad bor, bizda esa boshqa maqsad"
“Sho‘rtan” klubi “Nasaf” maydonida nominal mezbon sifatida aynan maydon egasiga qarshi to‘p surdi. Gollarga boy o‘tgan uchrashuvda “Nasaf” 1:4 hisobida g‘olib chiqdi. O‘yindan keyin “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.
- O‘zbekistonni eng kuchli jamoasiga qarshi to‘p surdik. “Nasaf” jamoasini g‘alaba bilan tabriklaymiz.
- “Sho‘rtan”ni oldiga qo‘yilgan vazifasi qanday?
- Vazifa – har bir o‘yinda faqat g‘alaba uchun to‘p surish. Pro ligada qatnashib, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik. Bu yil bizga juda qiyin bo‘lishini bilamiz. Shunga qaramasdan baribir harakat qilamiz. Har bir uchrashuvda uch ochko uchun kurashamiz. Lekin bir narsani hisobga olish kerakki, futbolchilarimiz pro ligada o‘ynashgan, saviya bilinib qolyapti. Yoshlarimiz o‘yindan-o‘yinga shakllanib, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga harakat qilamiz.
- Klub Superligaga qaytgandan keyin tarkibga bir qancha o‘yinchilar taklif qilindi. Bular qanchalik o‘zini oqlayapti?
- Imkon darajasida vaziyatimizdan kelib chiqib futbolchilarni taklif qildik. Xohlaymizmi-yo‘qmi, Superligada futbolchilar mahorat bo‘yicha o‘yinlar natijalarini hal qilib ketishyapti. O‘zimiz olgan futbolchilarga ishonaman. Baribir daraja bilinib qoldi. “Nasaf” jamoasida boshqa maqsad bor, bizda esa boshqa maqsad. Futbolchilarimga ishonaman. Ko‘pi yosh yigitlar. O‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashsa, yanada kuchliroq o‘ynay olamiz.
- Qaysi chiziqlar sizni qoniqtirmayapti? Qaysi pozitsiyalarni rahbariyat bilan kelishib kuchaytirmoqchisiz?
- To‘g‘risi, oqsayotgan chizig‘imiz hujum chizig‘i. Mavsum oldi yig‘inida ham yaxshi hujumchi topishga harakat qildik. Daler Sharipov “Metallurg”da yaxshi harakatlangandi. U hali o‘zining yaxshi formasiga kira olmagan shekilli. Yana qaytaraman, eng oqsayotgan chizig‘imiz hujum.
- “Sho‘rtan”ni Superligadagi imkoniyatlarini necha foizga baholaysiz?
- Oldindan bir narsa deya olmayman. O‘z maydonimizga qaytsak, baribir g‘uzorlik muxlislar oldida bundan ham kuchliroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. Xohlaymizmi-yo‘qmi, jamoa o‘z uyida o‘ynasa futbolchilar muxlislari ko‘z o‘ngida o‘ynaydi. Bu holatda o‘yinchilar boshqacha harakat qilishadi, deb o‘ylayman.
- 4 ta o‘yin o‘tdi, jamoa 1 ochko oldi. O‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirish uchun klub bu holatdan chiqib ketish kerak. Buni qarangki, keyingi o‘yin “Navbahor” bilan o‘tadi. Keyingi turda durang uchun himoyaviy taktika tanlab, natija uchun o‘ynaladimi? Rotatsiyalar qilasizmi?
- Bu o‘yinni ko‘rib tahlil qilamiz, xatolar ustida ishlaymiz. “Navbahor” o‘yinini ko‘rib, tayyorgarlik qilamiz. Rostini aytaman, himoyaviy taktika hamma vaqt ish berishi qiyin. Hujumkor o‘yin tarafdoriman. Qachonki, oldingi chiziqdagi futbolchilar vaziyatlarni golga aylantira olmasa bu juda qiyin. Eng yaxshi himoya bu hujum. Shunga sodiq qolamiz. Hujumkor futbol o‘ynaymiz.
- Hujumchi bo‘lgansiz. O‘sha paytlarda yaqqol hujumchi ajralib turardi. Hozir yorqin hujumchi yo‘q. Buni sababi nima?
- Hujum chizig‘idagi individual futbolchilar kamayib ketdi. Chunki ko‘p klublar jamoaviy o‘yinga e’tibor qaratishga o‘tdilar. Bu asta-sekin ta’sirini o‘tkaza boshladi. Yaxshi hujumchilar sanoqli bo‘lib qoldi. Lekin O‘zbekistonda iqtidorli futbolchilar juda ko‘p. Ular bilan ishlashsa, vaqti kelib yana Xolmurodov, Isoqov, Hamidullaev, Mirxoldirshaev kabi hujumchilar etishib chiqadi, deb o‘ylayman. Agar hujumchi bitta himoyachini aldab o‘ta olmasa, bu hujumchi hisoblanmaydi. Ko‘ryapsiz, necha yildan beri O‘zbekiston chempionatida legioner futbolchilar to‘purar bo‘lyapti.
- Hujumchi haqida gap ketdi. “Sho‘rtan” bilan birga Superligaga chiqqan hujumchi Muhriddin Zoirov jamoadan ketdi. Uning o‘rnini qanday to‘ldirish haqida bosh qotiryapsiz?
- Zoirovni olib qolmoqchi edik. Bizni taklifimiz ma’qul kelmadi, shekilli. Boshqa klubni tanladi. Bu bilan to‘xtab qolmaymiz, harakat qilamiz. Birinchi davra tugaguncha o‘z hujumchilarimiz bilan ishtirok etamiz, boshqa imkoniyatimiz yo‘q.
Fikrlar