Anvarjon Fayzullaev: "Kubokda ham shunchaki ishtirok uchun qatnashmayapmiz"
"Kattaqo‘rg‘on" futbolchilari navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Bahs oldidan jamoa a’zosi Anvarjon Fayzullaev klub matbuotiga intervyu berdi.
- Mavsum avvalida jamoamiz oldiga katta maqsadlar qo‘yilgani aniq edi. Bu yo‘lda oson bo‘lmasligi aniq, buni boshidan bilardik. Pro ligada sovrinli o‘rinlar uchun kurash turdan turga qiziyapti. Jamoamizda kayfiyat a’lo darajada. Xudo xohlasa, keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonib, muxlislar va rahbariyatni xursand qilamiz.
- Jamoamiz bu mavsum Pro ligada eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa bo‘lib turibdi. Himoyachi sifatida bu sizni quvontiradimi?
- Albatta, bu kishini xursand qiladi. Bizda mudofaa chizig‘i vakillari bir-birini juda yaxshi tushunadi. Tarkibimizda Ildar Mamatkazin, Davron Hoshimov, Farhod Mirahmadov va Firdavs Abdusalimov singari tajribali himoyachilar bor. Ular bilan birga ishlab, ancha narsa o‘rganyapmiz.
- "Surxon"ga qarshi o‘yin bo‘yicha nima deysiz?
- Qiziq va qiyin bo‘ladi. Superliga klubiga qarshi maydonga chiqish qiziq, shu bilan birga oson bo‘lmasligi ham aniq. "Surxon" yoshlaridan tuzilgan yaxshi jamoa. Kubokda ham shunchaki ishtirok uchun qatnashmayapmiz. Shuning uchun har bir o‘yinda oxirigacha kurashamiz.

Fikrlar