AQSh mundialda gol urish bo‘yicha rekord o‘rnatdi
2026 yildgi jahon chempionatining 1/16 finali doirasida AQSh hamda Bosniya va Gertsegovina terma jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv yakunlandi. Bellashuv AQShning Kaliforniya shtati, Santa-Klara shahridagi «Leveys» stadionida boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvning 45-daqiqasida AQSh hujumchisi Folarin Balogun hisobni ochdi. Shu tariqa, AQSh terma jamoasi jahon chempionatida ketma-ket toʻrtinchi oʻyinda birinchi boʻlimda gol urdi va bu jamoa tarixidagi yangi rekordga aylandi.
Eʼtiborli, ikkinchi boʻlim oʻrtalarida Balogun qoʻpol qoidabuzarlik uchun maydondan chetlatildi. 82-daqiqada esa yarim himoyachi Malik Tillman jarima zarbasidan gol urib, oʻyinga nuqta qoʻydi.
Ushbu gʻalaba orqali AQSh terma jamoasi 1/8 finalga yoʻl oldi. Keyingi bosqichda amerikaliklar Belgiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 7 iyul kuni, Toshkent vaqti bilan soat 05:00da boshlanadi.

Fikrlar