"Aral"ning tayyorgarligi jiddiy. Superligaga chiqish uchun bir qadam qoldi

  • 15.12.2025 19:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

16 dekabr kuni Superligaga yo‘llanmasi uchun "Aral" hamda "Buxoro" klublari Nukusda o‘zaro kuch sinashadilar. Pro liga vakili hisoblangan "Aral" jamoasida nihoyat elitada qatnashish uchun bir qadam qoldi. Shu sababli nukusliklar ham ushbu bahsga jiddiy e’tibor qaratishmoqda. 

Klub matbuot xizmati esa bo‘lajak muhim o‘yin oldidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaevning jamoa a’zolari bilan uchrashgani haqida xabar berdi.

"Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev "Aral" futbol jamoasi a’zolari bilan uchrashdi

Unda dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi hurmatli Prezidentimiz rahbarligida sport sohasini, shu jumladan futbolni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtalib o‘tdi va muhim o‘yin oldidan jamoa a’zolariga omad tiladi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Pro Ligada o‘ynayotgan «Aral» futbol jamoasi oldida muhim o‘yin kutmoqda. Ya’ni, 16 dekabr kuni Superligada o‘ynash yo‘llanmasi uchun Buxoro viloyatining «Buxoro» jamoasi bilan o‘yin o‘tkaziladi.

Albatta, Pro Liganing ushbu o‘yinida futbol muxlislari jamoamizdan yuqori natijalar kutib qoladi.

Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, «Aral» futbol jamoasi mazkur o‘yinda g‘alaba qozonsa, 24 yillik tanaffusdan so‘ng uzoq kutilgan Superligada o‘ynash imkoniyatini qo‘lga kiritadi", - deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, "Aral" - "Buxoro" bahsi 16 dekabrt kuni soat 14:00 da boshlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!