
“ArMI—2022”: “Ishonchli qabul” jamoamiz shohsupada
Xalqaro armiya o‘yinlarining “Ishonchli qabul” musobaqasi harbiy aloqachilar mahoratini sinovdan o‘tkazadi. Mazkur yo‘nalishdagi bellashuv joriy yilda Belarus Respublikasi Minsk shahridagi “Uruche” poligonida o‘tkazildi.
Unda dunyoning 13 davlatidan kelgan jamoalar jami 5 ta: radio mo‘ljal, ishonchli qabul, radio almashinuv, IT qurilmalarida ishlash va qo‘mondonlik shtab mashinasida harbiylashtirilgan estafeta shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Erkaklar va ayollardan tarkib topgan harbiy aloqachilarimiz musobaqada o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etib, yakunda faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rin mezbon davlat – Belarus jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, rossiyalik harbiy aloqachilar 3-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlarga kubok, diplom va medallar topshirildi. E’tiborlisi shundaki, o‘zbekistonlik ishtirokchilarning salohiyati, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi alohida ta’kidlab o‘tildi. Shunday qilib, harbiy aloqachilarimiz “ArMI—2022” bellashuvlarida ona Vatanimizga navbatdagi medallarni taqdim etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston harbiy jamoasi ushbu yo‘nalishdagi bahslarga o‘tgan yildan boshlab qo‘shilib, ilk ishtirokdanoq 3-o‘rinni band eta olgan edi.
Fikrlar