
“ArMI—2022”: O‘zbekiston jamoasi yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi
Dunyoning turli davlatlaridan kelgan harbiy oshpazlar bir necha kun davomida Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Har biri o‘ziga xos, har biri ham o‘z kasbini mukammal o‘zlashtirgan ustalar. Biri-biriga bo‘y beradigan emas.
Ammo harbiy oshpazlarimiz osongina taslim bo‘ladigan emas. O‘zlari mustaqil izlandi, o‘rgandi va g‘alaba qozondi. Kichik serjant Davlat Hasanov, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Baxtishod Meliev tayyorlagan tort va pirojniylar eng yuqori ballarga munosib ko‘rildi.
O‘zbekiston harbiy oshpazlari 2438,6 ball to‘plab Xalqaro armiya o‘yinlarining “Dala oshxonasi” musobaqasida g‘olib bo‘ldilar! Navbatdagi o‘rinlarni quyidagicha qayd etildi:
2-o‘rinni Rossiya jamoasi — 2377,4 ball;
3-o‘rinni Belorus va Vetnam jamoalari — 2210,7 ball;
4-o‘rinni Tojikiston jamoasi — 1526 ball.
Harbiy oshpazlar III darajali serjant Ma’mur Mamarasulov, kichik serjant Jamshid Qo‘qonov, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Ilyos G‘aybullaev, novvoy va qandolatchi oshpazlar kichik serjantlar Davlat Hasanov, Temur Rahimov, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi Baxtishod Meyliev, texniklar kichik serjantlar Jo‘raev Nodir, Behzod Karimov, Sherzod Meliqo‘zievdan iborat O‘zbekiston jamoasi tengsiz ekanliklarini isbotladilar.
Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqaning g‘olib va sovrindorlari 27 avgust kuni tantanali yopilish marosimida taqdirlanadi.
Fikrlar