Arnold "Real Madrid" futbolchisi sifatida ilk katta intervyusini berdi (to‘liq matbuot anjumani)

  • 12.06.2025 18:31
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

Xabaringiz bor, bir necha daqiqa oldin "Real Madrid"ning yangi futbolchisi Trent Aleksandr-Arnold o‘zining matbuot anjumanida ishtirok etib, ko‘plab qiziqarli savollarga javob berdi. 
 
"Real Madrid" bilan shartnoma imzolash har kuni sodir bo‘ladigan hodisa emas. Bu ro‘yobga chiqqan orzu. 
 
Bu erda bo‘lganimdan juda xursandman. Klubni qo‘llab-quvvatlaysizmi yoki yo‘qmi, uning tarixini hurmat qilishingiz kerak. 
 
Men "Real"ning 3 ta EChL g‘alabasini tomosha qilib voyaga etganman. Jamoaning sovrinlar yutishiga begona emasman. 
 
Xabi bilan bir necha marta gaplashganman. Unga o‘sib kelayotganimda mening kumirim bo‘lganini aytdim, shuning uchun u bilan ishlash orzuyimning ushalishi. Xabidan o‘rganish uchun uning atrofida gubkaday bo‘laman. 
 
Karvaxal? U ajoyib futbolchi. Unga va erishgan yutuqlariga katta hurmatim bor. Bunday yutuqlarga iste’dodsiz erishib bo‘lmaydi. 
 
Bellingem? Biz gaplashdik, lekin odamlar o‘ylaganchalik emas edi (kuladi). Biz "Liverpul" haqida, "Real" haqida gaplashdik, futbolchilar o‘rtasidagi oddiy suhbatlar edi. "Real Madrid"da o‘ynagan ingliz futbolchilari sanoqli, shuning uchun bu jamoaning bir qismi bo‘lish alohida ahamiyatga ega. 
 
Bu jamoadagi o‘yinchilar bilan "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritish juda qiyin bo‘ladi (kuladi). Men shunchaki ularga qarshi emas, balki ular bilan o‘ynashdan xursandman. 
 
Men bu erda bo‘lganimdan boshim osmonda. O‘zimni juda omadli va faxrli his qilayapman. 
 
Agar "Liverpul"ni tark etishim kerak bo‘lganda, bu faqat "Real Madrid" uchun bo‘lardi. Men buni uzoq vaqtdan beri bilardim. 
 
Formamda faqat Trent yozilgani haqidami? Buning sababi oddiy: Evropaga borganimda, uch ismli holat odamlarni juda chalg‘itadi. Odamlar meni Arnold, Aleks, Trent deb chaqirishadi. Shuning uchun buni soddalashtiraylik, deb o‘yladim. 
 
Umid qilamanki, bu erda "Liverpul"da erishgan yutuqlarimni takrorlay olaman va hujumchilarga ko‘plab golli uzatmalarni amalga oshira olaman. 
 
Prezident mening ispan tilimdan mamnun bo‘ldi (kuladi). Bu ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. 
 
Men Devid Bekhemning bu erda o‘ynaganini eslayman, bu ajoyib edi. Krishtianuni va uni qanday kutib olishganini ko‘rdim. U o‘sha paytda dunyoning eng yaxshi futbolchisi edi. Bu mening ongimda katta taassurot qoldirgan edi. 
 
To‘xtab turgan to‘pdan zarba berish vazifasimi? Men maydonning har bir daqiqasida muhim rol o‘ynashni xohlayman. To‘p bilan ham, to‘psiz ham o‘yinga ta’sir o‘tkazishni istayman. Himoya qilish kerak bo‘lsa, shunday qilaman, to‘p uzatish kerak bo‘lsa, shuni ham qilaman. 
 
"Liverpul" barcha orzularimni ro‘yobga chiqarishimga yordam berdi. Men unga umrbod qarzdorman. Ammo endi vaqti keldi deb o‘yladim. Bu imkoniyat paydo bo‘ldi va buni o‘ylab ko‘rish kerak edi, men shunday qildim. 
 
Shu bilan birga, men Din Xausen bilan ham gaplashdim. Uni ta’til paytida ko‘rgan edim" - deya o‘z so‘zlarini yakunladi angliyalik himoyachi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!