“Arsenal” ketgan hujumchi o‘rniga zo‘rini topdi
Belgiyalik hujumkor futbolchi Leandro Trossarni Turkiyaning “Beshiktosh” klubiga qo‘yib yuborgan “Arsenal” bu pozitsiyaga yangi o‘yinchi topdi.
“Kanonirlar” endi Belgiya ning “Bryugge” klubi vingeri Xristos Tsolisni sotib olish bo‘yicha kelishuvni rasmiylashtirishga tayyorlanmoqda.
Kuni kecha “Arsenal” Trossarning 17 million funt evaziga “Beshiktosh”ga o‘tishi bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi.
BBC xabariga ko‘ra, “Arsenal” Trossar o‘rniga taxminan 30 million funtga sotib olinishi mumkin bo‘lgan Tsolisni taklif qilmoqchi.
Aytilishicha, “Arsenal” sport direktori Andrea Berta allaqachon Tsolis transferini kelishish ustida ish olib bormoqda. U o‘tgan oyda Gretsiya va Shvetsiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda futbolchini shaxsan kuzatgan.
“Bryugge” rahbariyati o‘z o‘yinchisiga “Arsenal” qiziqayotganidan xabardor va 24 yoshli grek futbolchisi transferi bo‘yicha aniq taklif kutmoqda. Tsolis Belgiya klubi safida 108 uchrashuvda 43 ta gol urgan.
Tsolis Angliya futboli bilan ham yaxshi tanish. U 2021 yildan 2024 yilgacha “Norvich” safida 30 o‘yinda 3 ta gol urgan.

Fikrlar