Arteta: "Biz ikki xil dunyoda raqobat qilyapmiz"
Mikel Arteta jamoasining o‘yin taqvimi hamda Chempionlar ligasi yarim finalidagi boshqa juftlik haqida fikr bildirdi.
Londondiklar yarim final ilk uchrashuvida "Atletiko Madrid" maydonida durang o‘ynadi, PSJ esa o‘z uyida "Bavariya"ni 5:4 hisobida mag‘lub etdi.
"PSJ – "Bavariya" uchrashuvi, ehtimol, men ko‘rgan o‘yinlar orasida eng yaxshilaridan biri bo‘ldi. Jamoalar darajasi va ayniqsa futbolchilarning individual mahorati hayratlanarli edi. Bunday o‘yinni hali ko‘rmaganman.
Biroq o‘yin vaqti va futbolchilarning jismoniy holatiga nazar tashlasangiz, bundan hayratlanmasa ham bo‘ladi. Bunday sifatni ko‘rsatish uchun futbolchilar juda serg‘ayrat va yangi kuchga to‘la bo‘lishi kerak. Ligalar o‘rtasidagi farq va o‘yin uslubi esa yer bilan osmoncha farq qiladi. Buni so‘nggi vaqtlardagi statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi.
Biz ikki xil dunyoda raqobat qilyapmiz, shuning uchun kontekstni hisobga olmasdan taqqoslash noto‘g‘ri deb o‘ylayman.
Hozir esa faqat bitta o‘yinga e’tibor qaratishimiz kerak. Bu o‘yinning o‘ziyoq yetarlicha qiyin va murakkab.
Futbolchilarning "Atletiko"ga qarshi o‘yindan keyingi reaksiyasi ham aniq: "Hozir – "Fulxem", yana "Fulxem" va yana "Fulxem". Ular buni yaxshi tushunishadi. "Atletiko"ga qarshi javob o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt bo‘ladi, keyin esa taqvimda tanaffuslar ko‘payadi. Shu sababli hozir barcha e’tiborni faqat "Fulxem"ga qaratish kerak", – dedi Arteta.
Eslatib o‘tamiz, "Arsenal" hozirda Angliya chempionligi uchun "Manchester Siti" bilan kurash olib bormoqda. "Bavariya" allaqachon chempionlikni qo‘lga kiritgan, "Atletiko Madrid" esa La Ligada chempionlik uchun da’vogar emas. PSJ esa Frantsiya chempionatida peshqadamlik qilmoqda.

Fikrlar