Arteta: "Rayya fenomenal, hujumchilarimizning sehrі esa gʻalaba keltirdi"

  • 08.04.2026 12:10
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

"Arsenal" bosh murabbiyi Mikel Arteta Chempionlar ligasi chorak finalida "Sporting" maydonida qo‘lga kiritilgan 1:0 hisobidagi g‘alabaga baho berdi.

Ispaniyalik mutaxassis mehmondagi muvaffaqiyatdan mamnunligini yashirmadi va raqibning uyda qanchadan buyon yutqazmayotganini eslab ham o‘tolmaganini ta’kidladi.

"Chorak finalda mehmonda g‘alaba qozonganimizdan juda xursandman. Ular uyda qachondan beri mag‘lub bo‘lmayotganini ham bilmayman. Nazarimda, bu oxirgi marta evrokubokda bo‘lgan bo‘lsa kerak. Bu esa vazifa naqadar qiyin bo‘lganini ko‘rsatadi", — dedi Arteta.

Shuningdek, u jamoa gol ura olmasligi mumkinligi haqida o‘ylaganini ham tan oldi.

"Ha, shunday fikr bo‘ldi. Chunki hujumning so‘nggi qismigacha yaxshi yetib bordik, ammo hal qiluvchi zarba yoki so‘nggi pas yetishmadi.

Biz aniqroq, tezroq va samaraliroq harakat qilishimiz kerak edi. Ular himoyada yo‘limizni to‘sganda, buni yorib o‘tish uchun sifatli yakuniy harakat zarur bo‘ldi. Bir gol bekor qilindi, yana ikki-uchta vaziyatda golga juda yaqin keldik, ammo hal qiluvchi pas yetishmadi.

Yakunda esa hujumchilarimizning sehrı bizga g‘alaba olib keldi. Mavsumning aynan shu bosqichida bizga shu narsa kerak. Har bir futbolchi o‘z hissasini qo‘shishi lozim va bugun yigitlar buni uddalashdi", — deya qo‘shimcha qildi u.

Arteta David Rayaning harakatlarini ham alohida e’tirof etdi.

"U ikki muhim seyvni amalga oshirdi. Bu — Chempionlar ligasi, bu yerda bahs taqdiri ko‘pincha jarima maydonida hal bo‘ladi, chunki daraja juda yuqori.

Hozir David fenomenal o‘yin ko‘rsatmoqda. U bizga qo‘shilganidan beri ajoyib futbolchi bo‘lib kelmoqda. U bizda borligi — katta omad", — deya ta’rif berib o‘tdi ispaniyalik mutaxassis.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!