Arteta Sulsherning "Old Trafford"dagi muvaffaqiyatsizligini davom ettiradimi: MYu - “Arsenal” bahsi prevyusi

  • 1 noyabr, 2020, 19:03
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bir qancha muddat avval, Xayrulla Hamidov va Qahramon Aslanov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan kichik debat hali yodimizdan ko‘tarilganicha yo‘q. Ular ushbu qarama-qarshilikda jamoasini boshqarib boruvchi mutaxassislar Ole-Gunnar Sulsher va Mikel Arteta xususidagi fikrlarini bildirgan edi. Haqiqatan ham, bir-biriga solishtirishga arziydigan ikki murabbiy haqida so‘z borgandi. Ikkisi ham tobora mavqeyini yo‘qotib borayotgan sobiq jamoalarini boshqaruv ostiga olgan va yaxshi natijalarga erisha boshlayotgandi. Menimcha, hozir ham ularning darajasi bir-biriga ancha yaqin. Sulsherda stabillik yuqori, shu sababdan, ligani Arteta jamoasidan ancha oldinda yakunladi. Ispaniyalik mutaxassis esa, “to‘pchilar” bilan 2 ta titul yutishga ulgurdi, demak, u jamoani maxsus o‘yinlarga tayyorlay oladi. 

Tecno

O‘tgan mavsum so‘ngidagi solishtiruvda vaqt va pozitsiyalardagi taqchillik masalasi muhokamaning yaxlit bir fikrda to‘xtashiga etarli bo‘lmadi. Endi esa hammasi murabbiylarning o‘ziga bog‘liq bo‘lib qoldi. Transferlar oynasi paytida har ikki jamoa bosh murabbiylari tarkibini etarlicha kuchaytirib oldi. Ammo qayd etish joiz bo‘lgan muammolar ham ancha. Ular haqida imkon boricha batafsil tarzda to‘xtalib o‘tamiz. Boshladik!

photo_2020-11-01_19-01-30

“Manchester Yunayted”

Sulsher baribir markaziy himoya zonasida qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Maguayr mutlaq etakchilik vazifasini uddalay olmayapti. Penaltilarni inobatga olmasa, Fernandesh o‘tgan yilgi formasida emas. Reshfordning o‘yiniga e’tiroz bildira olmaymiz. U so‘nggi bahslarda jamoasini oldinga boshlayotgan va unga g‘alaba taqdim etayotgan futbolchi bo‘lib turibdi. Ammo uning barqarorlik bilan bog‘liq kasali istalgan payt xuruj qilishi mumkin. 

O‘z navbatida, bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman, biz EChL va APLda ikki xil harakat qilayotgan MYuni ko‘ryapmiz. O‘zi umuman, joriy mavsum “tumanli albion” birinchiligida tushunarsiz natijalar doimiy tarzda kuzatilyapti. Qiziqarli tarafi, 20 karra Angliya chempionlari hali “Old Trafford”da g‘alaba qozonishni uddalay olmayapti. Bugun ushbu qora an’ana barham topadimi?

Taxminiy tarkib: De Xea, Uan-Bisakka, Maguayr, Lindelyof, Shou, Fred, Pogba, MakTominay, Fernandesh, Grinvud, Reshford. 

photo_2020-11-01_18-57-43

“Arsenal”

Kimgadir g‘alati tuyulishi mumkin, ammo mening fikrimcha, “to‘pchilar” Angliyaning ayni paytdagi eng tushunarli jamoasi. Ularning har bir natijasi mantiqqa ega. Ha, 3 ta mag‘lubiyat kuzatildi. Biroq raqiblar “Liverpul”, “Manchester Siti” va “Lester”. Ushbu jamoalarga qarshi kechadigan bahslarni boy berish kutilmagan holat emas. 

“Kanonirlar” safida qiyinchilik bilan olib qolingan Obameyang gol ura olmay kelyapti. So‘nggi marotaba 2014 yilda gabonlik hujumchi liga o‘yinlari doirasidagi 5 ta o‘yinda gol ura olmagandi. Villian birinchi turdagi super startdan so‘ng, ko‘zga ko‘rinmay ham qoldi. Shunga qaramay, “Arsenal” zarba va gollardagi samaradorlik bo‘yicha 1995-1996 yilgi mavsumdagi rekordni yangiladi. “Opta” xabariga ko‘ra, Arteta shogirdlari har bir o‘yinda 8,8 tadan zarba yo‘llab, 1,3 tadan gol urishga muvaffaq bo‘lib kelmoqda. 

Parti moslashish jarayonini davom ettirmoqda. Gabriel yozgi transferlar oynasi vaqtidagi eng yaxshi transfer sifatida baholanmoqda. U londonliklar himoyasiga biroz tartib olib kira oldi. Mag‘lubiyatlar ham endi sharmandali hisoblarda emas. Yosh jamoaning taktik kurashlarda bu kabi faol tarzda kurash olib borishi yaxshi holat. 

G‘alaba orqali Arteta shogirdlari turnir jadvalining ancha yuqori pog‘onalaridan joy olishi mumkin bo‘ladi. Mag‘lubiyat ularni MYudan ham pastroq o‘ringa tushirib yuboradi. 

Taxminiy tarkib: Leno, Mustafi, Gabriel, Tirni, Saka, Belerin, Sebalos, Parti, Pepe, Villian, Obameyang. 

photo_2020-11-01_18-57-44

Murabbiylar

Ole-Gunnar Sulsher: “Arsenal”ni juda yaxshi bilamiz, bu muxlislarimiz uchun ham printsipial o‘yin bo‘lishi kutilyapti. Katta raqib qarshisidamiz. Arteta qo‘l ostida ushbu jamoada qanday o‘zgarishlar va rivojlanish bo‘layotganini ko‘rib turibsiz. Biz uchun jiddiy sinov. 

Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha uslubi bor. Arteta Pep qo‘l ostida ishlagan va undan ba’zi bir jihatlarni o‘rgangan. 

Biz o‘yinning darajasini to‘liq his qilib turibmiz. Raqibni qandaydir 5-10 daqiqa ichida yutib ketib bo‘lmaydi. Maydonda 90 daqiqalik kurash kechishi aniq".

photo_2020-11-01_18-57-42 (2)

Mikel Arteta: “Ularda jamoa ruhi juda yaxshi rivojlangan. Manchesterliklar mutlaq boshqa darajadagi raqib. Jamoalardagi jarohat bilan bog‘liq vaziyatlarni ham to‘g‘ri tushunish zarur. 

Karantingacha bo‘lgan holatni ko‘rib chiqsangiz, Sulsherning jamoasi yaxshi natijalarga erishib kelayotgan edi. Ular hali ham qo‘rqinchli raqib. 

MYu bir nechta taktik sxemalarda o‘ynay oladi. Ular raqibga qarab bir necha vaziyatlarda o‘yin uslubini o‘zgartira olganini ko‘rdik. Demakki, bizga qarshi bahsda ham sifatli futbolchilar yordamida turlicha harakat qila oladi. Biz ham moslashuvchan bo‘lishimiz zarur".

photo_2020-11-01_18-57-42

Xulosa o‘rnida

Turnir jadvalining 12- va 15- o‘rinlarida borayotgan jamoalar haqida kamdan kam prevyu yozamiz. Umid qilamizki, ushbu jamoalar tez orada o‘z mavqeyiga munosib natijalarni qayd eta boshlaydi va musobaqa jadvalining yuqori o‘rinlariga qaytadi. 

Ikki bir xil holatdagi jamoalar bahsi hisobi va natijasini taxmin qilishdan ojizmiz. Ammo o‘z maydonida o‘ynayotgan va nisbatan yulduzliroq tarkibga ega bo‘lgan manchesterliklarning imkoniyatlarini yuqori baholashimiz mumkin. Tashabbusni qo‘lga olishga harakat qilishlarini esa ishonch bilan aytishimiz mumkin. 

Ushbu o‘yinni saytimiz orqali matnli translyatsiyada kuzatib borish imkoniyatiga ham egasiz.

 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!